Aholini kasallik va yuqori tibbiy xarajatlardan moliyaviy jihatdan himoya qiladigan va kafolatlangan tibbiy xizmatni koʻzda tutuvchi bu tizim dastavval 2021-yilda Sirdaryo viloyatida yoʻlga qoʻyilgan edi. Prezidentimizning 2024-yil 5-sentyabrdagi “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazkur tizimni yanada keng yoyishda muhim huquqiy asos boʻldi. Qaror bilan aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish hamda davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini boshqa hududlarda ham joriy qilish vazifalari belgilandi. Shu yil oxirigacha yurtimizning barcha hududida bu tizim yoʻlga qoʻyiladi. Natijada aholining barcha qatlami kafolatlangan tibbiy yordam hajmi bilan toʻliq qamrab olinadi.
Kafolatlangan tibbiy xizmat hajmi davlat mablagʻlari hisobidan kafolatlangan tekin tibbiy xizmatlar roʻyxati boʻlib, unga shoshilinch tibbiy yordam, birinchi bosqich shifokorlik xizmatlari, baʼzi tahlil va diagnostika ishlari, statsionar davolanish kabilar kiradi.
Oʻtgan yillar davomida davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, Sirdaryo, Navoiy, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida joriy etildi. Xususan, 2025-yilda 768 ta tibbiyot muassasasi Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma asosida faoliyat yuritdi. Mazkur tibbiyot muassasalari “aholi jon boshiga” va “har bir davolangan holat” tamoyili asosida moliyalashtirilib, buning uchun 20,1 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Bu mablagʻ shifokorlar mehnatini qadrlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish va bemorlar manfaati ustuvorligini taʼminladi.
Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga elektron yoʻllanma asosida koʻrsatiladigan tibbiy xizmat xarajatlarini qoplash maqsadida Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi 2025-yil uchun 155 ta tibbiyot tashkiloti bilan 1 trillion 232,1 milliard soʻmlik shartnoma imzoladi.
2025-yilda bu muassasalarda elektron yoʻllanma asosida davolangan, imtiyozli toifaga kiruvchi 101 ming 623 kishiga koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar uchun 1 trillion 231,79 milliard soʻm toʻlov amalga oshirildi.
Imtiyozli toifadagi fuqarolarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam shunchaki ijtimoiy xizmat emas, balki davlatning inson hayoti, xalq salomatligi va adolatli jamiyat qurishga qaratilgan oqilona siyosatining amaldagi ifodasidir.
— 18 yil suyak yemirilishi kasalligi bilan yashadim, — deydi namanganlik Sojida Nasriddinova. — Davolanish uchun mablagʻ topolmay, yillar davomida aziyat chekdim. Shifoxona eshiklarida sarson boʻldim. Bormagan shifokoru tabibim qolmadi.
Davlat tibbiy sugʻurtasi orqali Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan filialida operatsiya qilindim. Amaliyot muvaffaqiyatli oʻtdi. Kasallik ortda qoldi. Bugun bemalol yura olyapman.
Bunday taqdirlar, misollarni koʻp keltirish mumkin.
Jamgʻarma faoliyatidagi ochiqlik, hisobdorlik va raqamlashtirish xalq ishonchi va davlat siyosati samaradorligini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda. Koʻrsatilgan tibbiy yordam hajmi va koʻlami ortishi bu — faqat raqam emas, balki minglab inson hayoti, ularning sogʻlom va farovon kelajagidir. Bugun davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlarga ishonch ortib borayotgani yangi Oʻzbekistonda inson qadri ustuvor ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bu boradagi islohotlar davomiy, tizimli va xalq manfaatiga xizmat qiluvchi jarayon boʻlib, ular kelgusida ham hududlarda tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish, manzilli yordamni kengaytirish va har bir fuqaroga teng imkoniyat yaratishga yoʻnaltiriladi.
— Oʻtgan yilning birinchi kunidan tobim boʻlmadi, — deydi andijonlik Rustamjon Mamasoliyev. — Andijondagi shifoxonada davolandim. Lekin foydasini sezmadim. Sentyabr oyiga kelib, menga surunkali buyrak yetishmovchiligi tashxisi qoʻyildi va dializ olishim tavsiya qilindi. Oʻtgan vaqt davomida kasallik meni holdan toydirgan edi. Dializ olish juda ogʻir kechdi.
Shifokorlar operatsiya zarurligini aytgach, Toshkentga yoʻl oldik. Oʻgʻlim mendan beruxsat donor boʻlibdi. Bu xabarni operasiyadan chiqqandan soʻng eshitdim.
Milliy tibbiyot markazida oʻtkazilgan operatsiya va barcha davolash xarajatlari davlat tibbiy sugʻurtasi tomonidan qoplandi. Agar bu tizim boʻlmaganida, men oyoqqa turmasdim.
Davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi faqat moliyaviy qoʻllab-quvvatlash emas, balki davlatning inson hayotiga, sogʻligʻiga va ijtimoiy adolatga boʻlgan masʼuliyatidir. Yil davomida tizim orqali amalga oshirilgan ishlar shundan dalolat beradiki, Prezidentimiz tashabbusi va siyosiy irodasi natijasida minglab insonlar hayotida sezilarli oʻzgarishlar yuz berdi.
Reimbursatsiya dasturi nima?
Davlat tibbiy sugʻurtasi joriy etilayotgan hududlarda aholiga kafolatlangan hajm doirasida tibbiy xizmatlar koʻrsatish, jumladan, surunkali bemorlarni bepul dori-darmon bilan taʼminlash choralari ham koʻrilmoqda.
“Xarajatlarni qoplash” maʼnosini anglatuvchi “reimbursatsiya” soʻzi isteʼmolga kirib kelganiga uncha koʻp vaqt boʻlmadi. Reimbursatsiya dasturi doirasida surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga oilaviy shifokor yozgan elektron retsept asosida 28 turdagi dori-darmon ambulator davolanish uchun tekin taqdim etilmoqda. Dori xarajatlari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan qoplab berilyapti. Xususan, ayni paytda dasturga arterial gipertoniya, yurak ishemik, qandli diabetning 2-turi, qandsiz diabet, bronxial astma, oʻpkaning surunkali obstruktiv va meʼda-ichak tizimi xastaliklari kabi 12 ta kasallik guruhi kiritilgan.
“Bepul dorilar kimlarga beriladi?” degan haqli savol tugʻilishi mumkin.
— Tahlillar Oʻzbekistonda yurak-qon tomir xastaliklari umumiy oʻlim sonining 60 foizini tashkil etishini koʻrsatmoqda, — dedi Sogʻliqni saqlash vazirligining Tibbiy sugʻurtani tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi Shuhrat Alimardonov. — Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra, yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish boʻyicha milliy klinik protokol ishlab chiqilgan. Agar bemor hayoti davomida oʻz vaqtida dori ichib borsa, kasallik asorat qoldirmaydi. Qolaversa, davlat shifoxonalariga boʻladigan bosimning oldi olinadi.
— Ancha yillardan buyon oshqozon ogʻrigʻi va qon bosimi oshishidan aziyat chekaman, — deydi Nargiza Maqsudova. — Chilonzor tumanidagi 33-poliklinikada roʻyxatda turaman. Shifokorlar elektron retsept orqali dorixonaga yoʻnaltiradi. Bepul dori olaman. Har oy retsept yangilanadi. Tibbiyot xodimlari nazoratida tayinlangan dorilarni oʻz vaqtida qabul qilganim tufayli sogʻligʻim ancha yaxshi. Bundan juda xursandman. Yaxshiyam shu tizim yoʻlga qoʻyilgan, aks holda, zarur dorilarni sotib olishga imkoniyatim yetmasdi, bu sogʻligʻim yomonlashishiga sabab boʻlishi mumkin edi.
— Toshkent shahri va 15 ta tajriba-sinov hududida amaliyotga kiritilgan “Elektron retsept” tizimi bilan Reimbursatsiya dasturi asosidagi elektron retseptni adashtirmaslik kerak, — deydi Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori oʻrinbosari Ulugʻbek Kandimov. — Reimbursatsiya dasturida elektron retsept asosida dispanser nazoratida turuvchi bemorlarga dori bepul beriladi. “Elektron retsept” tizimida esa bemor dorini oʻzi sotib oladi.
Mutaxassislar fikricha, Reimbursatsiya dasturi aholini sifatli va kafolatlangan dori–darmon bilan taʼminlash, surunkali kasalliklar asoratlarini kamaytirish hamda tibbiy xizmatlar shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.
— Oʻtgan yilda 1 million 300 mingdan ortiq bemor tekin dori-darmon bilan taʼminlanib, ularga 2,5 milliondan ortiq elektron retsept rasmiylashtirildi, dorixonalarga 90 milliard soʻmlikka yaqin dorining qiymatlari qoplab berildi, — deydi U.Kandimov. — Reimbursatsiyaga rejalashtirilgan mablagʻlar jamgʻarma tomonidan boshqarib, belgilangan limit shakllantirilib boriladi. Elektron reseptlar rasmiylashtirilishi monitoringi va maqsadli sarflanishi doimiy nazoratda. Reimbursatsiya dasturiga kiruvchi kasalliklarni yanada kengroq qamrab olish, dori turlarini ham koʻpaytirishni maqsad qilib olganmiz.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻlamini kengaytirish, yaʼni aholining barcha qatlamini qamrab olish, ularni ambulator sharoitda davolashga erishish, kasalliklarning oldini olish, aholining umr koʻrish davomiyligini uzaytirish eng katta maqsad.
Dorixonalarda nima gap?
Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma tuzgan dorixonalar orqali surunkali kasallarga dori yetkazib berilyapti.
— “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi va uning tizimidagi jamiyatlarga qarashli 481 ta dorixona va dorixona shoxobchasi Reimbursatsiya dasturiga ulangan va faoliyat koʻrsatib kelmoqda, — deydi “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasining chakana savdoni rivojlantirish direktori Abduvohid Inogʻomov. — 2025-yil davomida Reimbursatsiya dasturiga ulangan dorixona va dorixona shoxobchalarida, maʼlumotlarga koʻra, 28 milliard 300 million soʻmlik dori elektron retsept orqali bemorlarga bepul berilgan.
“Elektron retsept” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibiga koʻra, Toshkent shahri hamda viloyatlardagi 15 ta tuman va shahardagi barcha tibbiyot tashkilotlarida tajriba-sinov tariqasida dori-darmonni xalqaro patentlanmagan nomi boʻyicha bosqichma-bosqich elektron retsept asosida tayinlash belgilandi. Birinchi bosqichda antibiotiklar va tizimli taʼsir etuvchi sintetik antibakterial dori hamda tizimli taʼsir etuvchi gormonal dori elektron retsept orqali berilishi belgilandi.
Elektron retsept modulining mohiyati shundaki, tizim dorilarning dozasi va shaklini hisobga olgan holda xalqaro patentlanmagan nomi bilan elektron resept yozishni taʼminlaydi. Retsept asosida dorini markirovka qilingan holda sotish imkonini beradi. Barcha jarayonlar avtomatlashtiriladi, inson omili kamayadi. Bemorlar mobil ilova orqali oʻz retseptlarini kuzatib borish imkoniyatiga ega boʻladi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri