Rektor doktorantlar bilan uchrashdi

    Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutiga qabul qilingan tayanch doktorant, doktorant, stajyor-tadqiqotchi va mustaqil izlanuvchilar ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.

    Uchrashuvda institut rektori R.Karimov, oʻquv ishlari boʻyicha prorektor P.Lutfullayev, ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor M.Yaqubboyev hamda 72 nafar tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

    Rektor R.Karimov institutda doktorantlarga ilmiy faoliyat olib borish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar, ilmiy stajirovkalarda ishtirok etish, nufuzli ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish, taʼlim sohasidagi yangi yondashuvlar, global miqyosda institutning salohiyatini oshirish, haqida keng qamrovli fikrlar bildirdi.

    Shu bilan birga doktorantlar uchun yangi ilmiy konferensiyalar tashkil etish, xalqaro tadqiqot dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish va ilmiy islohotlarni amalga oshirish borasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

    Rektor, ilmiy tadqiqotlarning yuqori sifatini taʼminlash uchun institutning ilmiy xodimlari va doktorantlari oʻrtasida jadal ishlashni, innovatsion fikrlashni rivojlantirishni va mustahkam ilmiy aloqalar oʻrnatishni asosiy vazifa sifatida belgiladi.

    Prorektorlar tomonidan doktorantlar bilan ilmiy-tadqiqot mavzulari yuzasidan izlanishlar olib borish, hamkor xorijiy universitetlar kutubxonalari va ilmiy maʼlumotlar bazalaridan samarali foydalanish, maqolalar chop etish hamda xorijiy tajriba bilan yaqindan tanishish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

    Uchrashuv yakunida, yosh olimlar oʻz fikrlarini bildirgan holda, ilmiy faoliyatni yanada rivojlantirish va yuqori darajadagi ilmiy yutuqlarga erishish yoʻlida oʻz takliflarini ilgari surdilar. Bu kabi uchrashuvlar institutning ilmiy salohiyatini oshirishga, doktorantlar uchun yangi ilmiy va akademik imkoniyatlar yaratishga, hamda xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan aloqalarni yanada kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

    Maʼlumot oʻrnida:

    • 2022-yildan shu kungacha 3 ta DSc va 24 ta PhD dissertatsiyalar himoya qilindi.
    • Ilmiy salohiyat 17 foizdan 34.4 foizga koʻtarildi.
    • 2024-yil 19-dekabr holatiga koʻra institutda 43 nafar tayanch doktorant va 29 nafar mustaqil izlanuvchilar ilmiy izlanishlar olib bormoqda.