Gulistondagi yashirin narkolaboratoriya

Sirdaryo viloyatida “Gentra” rusumli avtomashina toʻxtatilib tekshirilganda, 22 yoshli haydovchining telefonida sintetik giyohvand moddalar savdosiga oid maʼlumotlar aniqlandi. Maʼlum boʻlishicha, u 2025-yil dekabridan buyon «Telegram” orqali «kladmen” va «kimyogar” vazifalarida ishlab, uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan. Tadbir davomida qiymati 1,8 mlrd soʻmga teng boʻlgan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari va ularni tayyorlash anjomlari musodara qilindi.

13 mingtadan ortiq dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi

Toshkent shahri va viloyatida oʻtkazilgan tadbirlarda bir guruh shaxslar «Regapen” va «Zardeks” kabi kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni sotayotganda qoʻlga olindi. Surishtiruvlar natijasida ularni Qirgʻiziston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan keltirilgan dorilar bilan taʼminlab turgan Qoʻqon shahrida yashovchi shaxs ham poytaxtga kelayotganda ushlandi. Jami 13 217 dona dori vositalari muomaladan olindi.

Poytaxtdagi tovlamachilik va bezorilik holatlari

M.Ulugʻbek tumanida: Fuqarolarni urib, jarohat yetkazish orqali 500 AQSH dollarini tortib olgan 5 kishidan iborat jinoiy guruh qoʻlga olindi.

«Malika« savdo majmuasida: Muqaddam bir necha bor sudlangan shaxs telefon oldi-sotdisi vaqtida yuzaga kelgan kelishmovchilik sababli tanishiga oʻtkir tigʻli jism bilan ogʻir jarohat yetkazgan. Unga nisbatan «Bezorilik« moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Chinozdagi "qimorxona"

Toshkent viloyati Chinoz tumanida oʻz xonadonida 10 nafar fuqaro ishtirokida qimor oʻyinlari tashkil qilgan shaxs aniqlandi. Oʻyinga tikilgan 140 mln soʻm pul mablagʻlari ashyoviy dalil sifatida olindi. Tashkilotchiga nisbatan jinoyat ishi, qatnashchilarga esa maʼmuriy chora koʻrildi.