Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy taʼlimda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan negizida texnikumlar tashkil etiladigan kasbiy taʼlim tashkilotlari roʻyxati tasdiqlandi.
2025-yil 1-sentyabrgacha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari belgilangan tartibda kadrlar buyurtmachisi va sanoat hamkori sifatida texnikumlarga biriktiriladi.
2025/2026 oʻquv yilidan texnikumlarga quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat beriladi:
- fanlarni bir-biriga integratsiya qilishga hamda ajratilgan soatlar doirasida mutaxassislik va umumkasbiy fan (modul)larning soatlarini 30 foizgacha oʻzgartirishga;
- yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlari ishtirokida toʻlov-kontrakt asosidagi qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy qilishga;
- kadrlar tayyorlash va qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga;
- fuqarolar va ishsizlarni kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil qilishga;
- kasbiy koʻnikmalar markazlaridan amaliyot bazalari sifatida bepul foydalanishga.