Respublika ishchi guruhi: aniqlangan hech bir muammo yechimsiz qoldirilmaydi

    Ijtimoiy hayot 27 Dekabr 2022 2103

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 24 ta vazirlik va idora vakillaridan tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi faoliyatining navbatdagi manzili - Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli tumani.

    Ishchi guruh faoliyatida eng ogʻir, eng chekka, eng olis hududlarda, mahallama-mahalla, qishloqma-qishloq, koʻchama-koʻcha, uyma-uy yurilib, aholi bilan muloqot qilib, ularning muammolarini imkon qadar joyida bartaraf etishga eʼtibor qaratilmoqda.

    Sektorlar va mahallalar kesimida ishchi guruhlar tashkil etilib, sohaviy tashkilotlar rahbarlari va ishchi guruh aʼzolari mahallalarda uyma-uy yurib, aholi uchun dolzarb muammolarni aniqlash va hal etishga masʼul etib belgilandi.

    Oʻrganishlar davomida aholi sogʻligʻini yaxshilash, ayollar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holati yaxshilash kabi sohalarga alohida eʼtibor qaratilyapti.

    Aniqlangan muammolarni hal etish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.

    Jumladan, 953 nafar fuqarolar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Kasallik aniqlangan 80 nafar bemorning 35 nafari Buxoro viloyatidagi shifoxonalarga davolanish uchun yotqizildi, 45 nafarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi markaziy shifoxonalariga davolanishga yuborildi. Tuman markaziy shifoxonasida Buxoro viloyatining shifokorlari bilan birgalikda 5 nafar fuqarolarda jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. 25 nafar nogironligi boʻlgan shaxslarga reabilitatsiya vositalari
    yetkazib berildi.

    Shu bilan birga, 127 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 95 nafar fuqarolarga 665 mln. soʻm subsidiya mablagʻlariga asbob-uskuna va mehnat qurollari olib berildi. Tijorat banklari tomonidan 4,7 mlrd. soʻm miqdorida kreditlar ajratildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tumanda mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, 169 ta loyihaga 1,7 mlrd. soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi.

    “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi tomonidan 61 nafar yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga 121,01 mln. soʻm yordam mablagʻlari ajratildi. “Temir daftar”ga kiritilgan, ehtiyojmand 28 ta oilalarga koʻmaklashish hamda ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan 29,1 mln. soʻm bir martalik moddiy yordamlar koʻrsatildi.

    Shuningdek, homiylar tomonidan “Amudaryo” mahallasida yashovchi M.Nurimbetov, “Mustaqillik” OFYda yashovchi S.Karyardiyeva, «Shagʻalakol» MFYda yashovchi L.Nurmuxanovalarning uy-joylari taʼmirlab berildi. Bundan tashqari, M.Ametovaning uyiga yangidan isitish tizimi oʻrnatib berildi.

    70 ta ehtiyojmand oilalarga 50 tonna koʻmir mahsuloti,
    135
    ta xonadonga ehtiyojidan kelib chiqib turli amaliy koʻmaklar berildi.

    Tumanda yoʻl, kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilma holatini yaxshilash ham ishchi guruh aʼzolari eʼtibori markazida boʻlyapti.

    Jumladan, tumanda 26,6 km uzunlikdagi ichki yoʻllar shagʻallashtirildi. Aholi talabidan kelib chiqib, qoʻshimcha 19,2 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi, 440 ta gaz taqsimlash punktlari, 320 ta aholi xonadonlaridagi gaz jihozlari texnik koʻrikdan oʻtkazildi.

    Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida «Janajap», «Samankoʻl», «Kolap», “Kun nuri” mahallalarida 124 dona temir beton tayanchlar,
    2 ta transformator oʻrnatildi, 2,2 km tarmoq tortildi.

    Koʻmir taʼminoti boʻyicha tumandagi 13 ta mahalla aholisi uchun
    56 tonna koʻmir mahsuloti yetkazib berildi.

    Respublika ishchi guruhi Xoʻjayli tumanidagi faoliyatini davom ettirmoqda.