“Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida guruh vakillari aholini oʻylantirib kelayotgan muammo va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni mahallalar kesimida “xonadonbay” oʻrganish va imkon qadar joyida hal etish boʻyicha oʻz faoliyatini davom ettiryapti.

Oʻn sakkizta vazirlik va idoralar, viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari ishtirokida ishchi guruhlar va tezkor shtablar tuzilib, tumanning 13 ta mahallasidagi barcha 6 830 ta xonadon sharoiti bilan tanishib chiqldi.

Aniqlangan muammolarni hal etish maqsadida qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tuman aholisi talabidan kelib chiqib, 59,4 tonna qoʻshimcha suyultirilgan gaz yetkazildi, 920 dan ortiq xonadonlarning gaz taʼminotini bir meʼyorda taʼminlanishiga erishildi.

Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 3 dona transformator, 58 ta temir beton ustunlar oʻrnatildi, 1,3 km tarmoq qayta tortildi. “Choʻlquvar” mahallasida 3,5 km ichimlik suvi tarmogʻi tortish ishlari boshlandi. “Boʻston” mahallasida aholi tomorqalarini sugʻorish uchun 1,5 km ichki irrigatsiya tizimi yangidan qurildi.

Uyma-uy yurish natijasida 12 ta mahalla aholisi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, 514 nafar ehtiyojmand fuqarolar bepul dori-darmon, 12 nafar fuqaro nogironlik aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlandi.

Aholi bandligi taʼminlash, tadbirkorlikka yoʻnaltirish masalalari ham Ishchi guruh eʼtibori markazida boʻldi. 43 nafar fuqarolarning bandligini taʼminlashga koʻmaklashildi. Jumladan, 5 nafar ishsiz fuqarolar doimiy ishga, 37 nafari haq toʻlanadigan jamoat ishiga joylashtirildi. Jamoat ishlari jamgʻarmasidan 39,3 mln. soʻm mablagʻ moliyalashtirildi.

Tuman aholisini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 121 nafar fuqarolarga 337,0 mln. soʻm subsidiya mablagʻlariga 3 turdagi asbob-uskuna va mehnat qurollari olib berildi. Shuningdek, 165 nafar fuqaroga 1 mlrd. soʻm subsidiya asosida asbob-uskuna, mehnat qurollari bilan taʼminlash boʻyicha hokim yordamchilari tavsiyalari berildi.

Tijorat banklari tomonidan 225 ta tadbirkorlik subyektlari va aholi vakillariga 4,3 mlrd. soʻm kredit ajratilishi taʼminlandi. Jumladan, 191 nafar fuqaroga 3,1 mlrd. soʻm mikroqarz, taʼlim krediti, isteʼmol va ipoteka kreditlari ajaritildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Ayollar daftari” roʻyxatidagi 106 nafar xotin-qizlarga 404,7 mln. soʻmlik yordam koʻrsatildi. Jumladan, 34 nafariga uy-joy taʼmiri uchun qurilish mollari (174,7 mln. soʻm), 20 nafariga reabilitatsiya vositalari (28 mln. soʻm) yetkazib berildi, 4 nafariga jarrohlik operatsiyasi uchun 58 mln. soʻm ajratildi.

“Yoshlar daftari” roʻyxatidagi 77 nafar yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida 129,7 mln. soʻmlik yordam koʻrsatildi. Jumladan, oliy taʼlimda oʻqiyotgan 20 nafar ehtiyojmand oila farzandlariga kontrakt toʻlovlari (37,4 mln. soʻm), 32 nafar oila farzandlariga moddiy yordam (31,4 mln. soʻm), 18 nafar yoshlarga davolanish uchun mablagʻ (24,3 mln. soʻm) ajratildi.

Ishlar davom ettirilmoqda.