Ushbu maqsadda Prezident maslahatchisi oʻrinbosari boshchiligida tezkor shtab va viloyatning 4 ta sektori kesimida ishchi guruhlar tashkil etildi. Har bir ishchi guruh tarkibiga Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Xalq qabulxonalarining masʼul xodimlari, 15 ta respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari jalb etildi.
Ishchi guruhlar tomonidan viloyatning 16 ta tuman va shaharlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir boʻlgan mahallalarda xonadonbay yurish orqali aholi uchun dolzarb muammolar oʻrganilib, ularni hal etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Oʻrganishlar natijalari boʻyicha viloyatda aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan qator muammolar aniqlandi. Jumladan, koʻp qavatli uy-joylarning kommunal sohasi bilan bogʻliq masalalar, elektr taʼminoti bilan bogʻliq muammolar, ichki yoʻl va koʻpriklar holati hamda ijtimoiy soha obyektlari holati.
Hududda aholi uchun dolzarb boʻlib turgan muammolarni hal etish boʻyicha qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, yoʻl, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holatini yaxshilash maqsadida jami 13,7 km ichki yoʻllarga asfalt qoplamasi va betonlash ishlari bajarildi. Masalan, Buloqboshi tumani “Guliston” mahallasida 1,7 km va “Chaqar” mahallasida 1,4 km, Marhamat tumani “Shahriston” mahallasida 1,2 km, Oltinkoʻl tumani “Mehnat” mahallasida 1,2 km, “Qoʻshkoʻprik” va “Boʻston” mahallalarida 1 kmdan asfalt yotqizish va betonlash ishlari bajarildi.
Aholi ehtiyojidan kelib chiqqan holda qoʻshimcha 470 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Shuningdek, hududda gaz taʼminotini yaxshilash maqsadida Oltinkoʻl tumani “Uyshin” mahallasi xududidan oʻtgan 410 ta aholi xonadonlariga tabiiy gaz yetkazib beruvchi quvurning 1500 metri taʼmirlanib, tartibga keltirildi. Yoki Izboskan tumani “Daminboychek” mahallasidan oʻtgan 2350 ta aholi xonadonlarga tabiiy gaz yetkazib beruvchi 2400 metr gaz quvuri ham sozlandi.
Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 70 dona temir-beton tayanchlar oʻrnatish ishlari bajarildi. Jumladan, Oltinkoʻl tumanida
26 dona, Jalaquduq tumanida 18 dona, Izboskan tumanida 17 dona va Buloqboshi tumanlarida 8 dona tayanch ustunlar oʻrnatildi.
Ichimlik suvini yaxshilash borasida hududda 3 280 metr ichimlik suvi tarmogʻi tortildi. Jumladan, Jalaquduq tumani “Namana” mahallasiga 500 metr, Qoʻrgʻontepa tumani “Qutkar” mahallasida 350 metr, “Dehqonobod” mahallasida 300 metr, Shahrixon tumani “Yangi turmush” mahallasida 300 metr, Asaka tumani “Koʻrkam” mahallasiga 250 metr, Jalaquduq tumani “Gʻozicheki” mahallasiga 250 metr, “Qorayantoq” mahallasiga 120 metr va Oltinkoʻl tumani “Namuna” mahallasiga 160 metr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Shuningdek, Shahrixon tumani “Yangi turmush” mahallasida 1 dona nazorat quduqlarini oʻrnatish ishlari olib borildi. Yoki Asaka tumani “Hamdoʻstlik” mahallasida ichimlik suv qudugʻini burugʻlash ishlari amalga oshilmoqda.
Kommunal xoʻjaligi sohasini yaxshilash borasida Jalaquduq tumani “Navoiy” mahallasidagi 32-sonli koʻp qavatli uyning oqova suv tarmogʻini yangi tarmoqqa ushlash ishlari bajarilmoqda. Yoki Andijon shahri “Shifokor” mahallasidagi, 1-2-3-sonli koʻp qavatli uylarning yertoʻla qismidagi oqova suv tarmogʻida aniqlangan nosozlik bartaraf etildi.
Kredit va subsidiya ajratish, bandlik masalalari ham Respublika ishchi guruhi eʼtibori markazida boʻldi.
Xususan, tijorat banklari tomonidan 1 214 nafar fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga 123,9 mlrd. soʻm miqdorida kreditlar ajratilishi taʼminlandi. Shundan, sanoat yoʻnalishida 2 taga 2 960,0 mln. soʻm, oilaviy tadbirkorlik yoʻnalishida 443 taga 10 044,0 mln. soʻm, mikroqarz yoʻnalishida 688 taga 10 472,0 mln. soʻm, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida 14 taga 87,764 mln. soʻm mablagʻ ajratildi.
Shuningdek, Asaka tumanida 77 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarida 9 409 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftariga” kiritilgan boʻlib, joriy yilning bugungi kun holatiga 7 315 nafariga (78%) amaliy yordam koʻrsatilgan. Jumladan, “Gumbaz” mahallasida yashovchi, 1942-yilda tugʻilgan Sobirov Ortiqali bobo va keksa onaxon Sobirova Inobatxon oilasidan xabar olinib, oilaga oziq-ovqat mahsulotlari berildi hamda murojaatiga asosan I.Sobirovaga nogironlik aravachasi ham yetkazib berildi. Yoki “Ganjayuz” mahallasida yashovchi, 1944-yilda tugʻilgan Abduraxmonov Joʻravoy bobo va uning turmush oʻrtogʻi 1946-yilda tugʻilgan Abduraxmonova Patilaxonning oilasidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Murojaatlariga asosan Abduraxmonov Joʻravoy nogironlik aravachasi bilan ham taʼminlandi.
Ishlar davom etmoqda.