Mazkur tizim Ijtimoiy himoya milliy agentligining elektron bazasi bilan integratsiya qilinib, buning natijasida OIV infeksiyasi bilan yashovchi 18 yoshgacha boʻlgan bolalarga nafaqa avtomatik tarzda belgilanishi va berilishi yoʻlga qoʻyildi.
Bu orqali ularning nafaqa olishida yuzaga kelgan qiyinchiliklari, shu jumladan uzundan-uzun navbatlarda kutishi, tegishli xizmat koʻrsatuvchi organlarda ortiqcha sarson boʻlishiga barham berildi.
— Bugunga qadar elektron axborot tizimi orqali 161 nafar bolaga nafaqa avtomatik proaktiv usulda belgilanishiga erishildi, — deydi markaz direktori Bahrom Egamberdiyev. — Ushbu takomillashtirilgan axborot tizimining ishga tushirilishi natijasida markazda raqamlashtirish koʻrsatkichi 50 foizdan 90 foizga yetdi.
Xususan, avvalari 45 ta hisobot shakllari hamda 8 ta roʻyxatga olish va bemorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar daftarlarda yuritilgan boʻlsa, hozirda bu jarayon toʻliq avtomatlashtirgan.
Qolaversa, ushbu tizim bemorlarni roʻyxatga olishdan tortib, ularni dispanser hisobiga kiritish, laborator diagnostika hamda qabul qilayotgan dori vositalari, ularning ombordagi aylanmasi va real vaqt rejimidagi qoldigʻi, uzluksiz taʼminoti kabi barcha jarayonlarni elektron tizim orqali boshqarish va kuzatib borish imkonini beradi.
Tan olish kerak, tizim ishga tushirilgunga qadar ushbu maʼlumotlar qogʻoz shaklida yuritilgani sababli dorilarning aylanmasi va qoldigʻini real vaqt rejimida bilishning imkoni yoʻq edi. Buning oqibatida bemorlarni dori vositalari bilan taʼminlashda baʼzan uzilishlar kuzatilgan. Hozir esa bunday holatlarga chek qoʻyildi.
Shuningdek, endilikda markazga kelgan bemordan ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi, yaʼni unga QR-kod va maxsus elektron kod berilib, toʻgʻridan-toʻgʻri xizmat koʻrsatishga oʻtiladi.
Kelgusida ushbu axborot tizimini boshqa tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilish hisobiga OIV bemorlar harakati boʻyicha maʼlumotlar aniqligini 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu — bemor qayerda boʻlishidan qatʼiy nazar, u doimo nazoratda boʻlishini taʼminlaydi.