Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga koʻra Prezident maslahatchisi Gʻ.Mirzayev boshchiligidagi vazirlik va idora rahbarlaridan iborat Respublika Ishchi guruhi aʼzolari tajriba sifatida tanlangan sharoiti ogʻir Oqqoʻrgʻon tumanida aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni oʻrganish va hal etish boʻyicha ishlarni davom ettirmoqda.
Respublika ishchi guruhi masʼullari bevosita chekka hududlardagi qishloqlarda tunab, oʻsha yerda mahalla faollari va oqsoqollari bilan maslahatlashgan holda koʻp yillik muammolarga yechim topishmoqda.
Shu kunga qadar Oqqoʻrgʻon tumanining 27 ta mahallasida 12 mingdan ziyod xonadon, 350 ta ijtimoiy soha obyektlari bevosita joyida oʻrganilib, jami 3 315 ta muammo aniqlandi. Ularning 914 tasi joyida hal etildi, 2 401 ta masala boʻyicha hal etish chora-tadbirlari belgilandi.
Jumladan, uyma-uy yurish natijasida aniqlangan ogʻir sharoitdagi, boquvchisini yoʻqotgan 46 ta ijtimoiy qiyin ahvoldagi oilaning homiylik asosida taʼmirlash hamda issiqlik taʼminotini yangilash ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, tibbiy koʻrikda turli kasalliklar aniqlangan 754 nafar fuqarodan 100 nafari shifoxonalarga yotqizildi, 654 nafariga malakali mutaxassislar tomonidan ambulator sharoitda davolanish tavsiya etilib, kerakli dori-darmonlar yetkazildi. “Suti” mahallasida yashovchi ehtiyojmand fuqaro M.Egamberdiyevning bosh qismidagi oʻsmasimon hosilasi shifokorlar guruhi tomonidan yuqori texnologik operatsiya oʻtkazilishi natijasida toʻliq bartaraf etildi.
“Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida tumannig 43 nafar fuqarosiga 1 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi. Oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida “Mikrokreditbank” tomonidan 19 nafar fuqaroga 382,2 mln. soʻm kredit berildi.
Moliya vazirligi tomonidan tumandagi ijtimoiy soha obyektlariga – maktabgacha taʼlim tashkilotlari va tibbiyot birlashmasiga joriy taʼmirlash va zaur uskunalarni xarid qilish uchun qoʻshimcha 1,6 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi.
Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan 78-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatiga 4 turdagi sport anjomlari yetkazildi.
Tumandagi yoʻl, kommunikatsiya tarmoqlari hamda infratuzilma holatigi alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ichki yoʻllarning jami 5 km qismi shagʻallashtirildi. Shundan, “Xosildor”, “Madaniyat”, “Xamzaobod” va “Navbahor” mahallalarida 2,1 km yoʻlga shagʻal yotqizildi. 540 metr yoʻl betonlashtirildi. Jumladan, “Madaniyat” mahallasida 50 metr, “Qoʻshtepa” mahallasida 120 metr yoʻlga beton yotqizildi.
Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 133 ta temir beton tayanchlar oʻrnatildi. Shundan, “Jagʻalboyli” mahallasida 57 ta, “Madaniyat” mahallasida 41 ta, “Xosildor” mahallasida 35 ta tayanchlar yangilandi.
Ishlar davom ettirilmoqda.