RTM direktorining oylik maoshi OTM rektorinikiga tenglashtirildi

    Ta'lim 1 Mart 2021 1526

    Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Unga koʻra, umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standarti, tayanch va variativ oʻquv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish,
    darsliklar va oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalarning yagona maketlarini yaratish, ularni ekspertiza va tajriba-sinovdan oʻtkazish,
    fanlarni oʻqitish metodikasi va oʻquvchilar bilimlarini baholashning zamonaviy uslublarini ishlab chiqish,
    integratsiyalashgan taʼlim dasturlarining joriy qilish, maktablarda oʻqitiladigan fanlar, ayniqsa, birinchi bosqichda matematika, informatika, kimyo, biologiya va oʻzbek tili (ona tili va davlat tili sifatida) fanlari uchun darsliklarning sifatli tayyorlanishini taʼminlash hamda
    “STEAM” fanlarini oʻqitish boʻyicha ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etish markazning asosiy vazifalari etib belgilandi.

    Shuningdek, Qaror bilan Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan baholash mezonlari (KPI) asosida tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari fan metodistlarining faoliyati samaradorligini tahlil qilish va ularning reytingini shakllantirish vazifasi ham Respublika taʼlim markazi zimmasiga topshirildi.

    Respublika taʼlim markaziga Milliy oʻquv dasturi, darslik va oʻquv-metodik majmualar, oʻqitish metodikasi va baholash, zamonaviy taʼlim muhitini tatbiq qilish boʻyicha tajriba-sinov ishlarini tashkil etish maqsadida Toshkent shahridagi umumiy oʻrta taʼlim maktablaridan birining Markazga biriktirilishi belgilandi. Biriktirilgan tayanch maktabda STEAM taʼlimi laboratoriyasini tashkil etilib unda ilgʻor xorijiy davlatlarning taʼlim texnologiyalarini sinovdan oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyiladi.

    2021-yil 1-apreldan boshlab Markaz direktorining mehnatga haq toʻlash shartlariga koʻra bazaviy lavozim maosh miqdorlari oliy taʼlim muassasasi rektoriga, direktorning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari — oliy taʼlim muassasasi prorektoriga, tarkibiy boʻlinmalar boshliqlari — oliy taʼlim muassasasining fakultet dekaniga, metodistlarining ish haqi miqdori — oliy toifali oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.

    Markazga Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Bobur koʻchasi, 9-uy manzilida joylashgan bino foydalanish uchun topshirildi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasida mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika oʻquv metodika markazini belgilangan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taʼlim markaziga aylantirildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi taʼlim markazining direktori, direktor oʻrinbosari va metodistlarining oylik ish haqlari mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan doimiy ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi metodistlarining oylik ish haqiga tenglashtirildi.

    Shuningdek, qaror bilan “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni ishlab chiqish uchun tuzuvchilarni tanlab olish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi” hamda “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining umumtaʼlim fanlari boʻyicha darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni ekspertizadan oʻtkazish, ularga taqriz berish hamda ekspertlar va taqrizchilarga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi” nizom tasdiqlandi.