Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyatini Xorazmda davom ettirmoqda

    Ijtimoiy hayot 26 Dekabr 2022 2290

    Ayni kunlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tuzilgan Respublika ishchi guruhi Xorazm viloyatining Xonqa tumani boʻylab aholi muammolarini oʻrganish, ularga yechim topishda amaliy koʻmak berish uchun uyma-uy yurish orqali oʻrganish ishlarini olib bormoqda.

    Bunda aholi bilan muloqot qilish, eng ogʻir, eng chekka, eng olis hududlarga chiqqan holda, mahallama-mahalla, qishloqma-qishloq, koʻchama-koʻcha, uyma-uy yurib, aholi muammolarini bartaraf etishga eʼtibor qaratilmoqda.

    Har bir mahalla uchun tuzilgan alohida ishchi guruhlar orqali barcha xonadonlarga kirib borilmoqda. Shuningdek, sektorlar kesimida ijtimoiy obyektlardagi shart-sharoitlar va muammoli holatlar oʻrganilyapti.

    Bugunga qadar tumanning 44 ta mahallasida 31 525 ta xonadondan oʻrganildi. Uyma-uy yurish davomida 6 079 ta muammolar aniqlanib, 1 634 tasi joyida hal etildi.

    Tuman sektor rahbarlari 4 ta ijtimoiy-iqtisodiy holati nisbatan ogʻir boʻlgan “Shirin”, “Toma”, “Nurobod”, “Madaniy yer” mahallalaridagi aholi xonadonlarida tunab qolib, mahalla faollari, oqsoqollar, nuroniylar bilan hududda aholini qiynab kelayotgan masalalar boʻyicha suhbatlar oʻtkazildi, muammolarga joyida yechim topish choralari koʻrildi.

    Xususan, elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 72 dona temir beton tayanchlar, 2 ta transformator oʻrnatildi, 1 tasi yuqori kuchlanishli transformatorga almashtirildi, 2,5 km tarmoq tortildi. 18,4 km ichki yoʻllar shagʻallashtirildi. 181,4 ming tonna qoʻshimcha suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

    Shu bilan birga 30 nafar nogironligi boʻlgan shaxslarga reabilitatsiya vositalari, protez mahsuloti yetkazib berildi. 246 ta ehtiyojmand va kam taʼminlangan oilalarga jami 100 mln soʻmdan ziyod turli amaliy yordamlar koʻrsatildi.

    Aholi murojaatlari bilan ishlashdagi yangicha tizim yangi yil bayrami arafasida fuqarolarga yaxshi kayfiyat ulashmoqda.

    Ishlar davom ettirilmoqda.