Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri oʻrinbosari Edmondo Chiriyelli tadbirni ochar ekan, Italiya ishbilarmon doiralarining Oʻzbekistonga qiziqishi ortib borayotganini alohida taʼkidladi. Prezident Sh.M.Mirziyoyevning Italiyaga boʻlajak tashrifi — tarixiy voqea, uning siyosiy va biznes masalalariga boy kun tartibi, koʻp tomonlama sheriklikni rivojlantirishga yoʻnaltirilganligi esa mamlakatlarimiz oʻrtasidagi bugungi munosabatlarning eng yuksak darajasining ifodasi, deya eʼtirof etildi.
“Oʻzbekiston Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi koʻprik hisoblanib, sheriklik nuqtayi nazaridan strategik ahamiyatga va katta salohiyatga ega davlatdir. Biz Oʻzbekistonning zamonaviy rivojlanishida ishtirok etishni istaymiz va koʻp tomonlama munosabatlarimizni chuqurlashtirishga tayyormiz. Tadbirkorlar yuqori texnologiya, yuqori sifatli mahsulotlar taklif etib, katta qiziqish bildirib, hamkorlik qilishga tayyor. Va bu borada ikki tomonlama hamkorlikning salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish uchun koʻmak beramiz”, — dedi Edmondo Chiriyelli.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov forum ishtirokchilariga qutlov soʻzi bilan murojaat qilar ekan, ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishning barcha imkoniyatlarini muhokama qilish nuqtayi nazaridan bunday miqyosdagi tadbirlarni oʻtkazib turish muhimligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston, Yevropa Ittifoqidagi eng yirik savdo sheriklaridan biri boʻlgan Italiya bilan har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratayotgani taʼkidlandi.
Savdo va investitsiyalar hamda sanoat kooperatsiyasi sohasida erishilgan bir qator natijalar tilga olindi. Xususan, soʻnggi toʻrt yilning oʻzida Oʻzbekistonga jalb etilgan Italiya investitsiyalarning umumiy hajmi 7 barobar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Italiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni esa ikki barobar oshdi. Asosiy hamkorlar orasida Danieli, Pietro Fiorentini, Terranova, Fin operasi kompaniyalari tegishlilik boʻyicha metallurgiya, elektrotexnika sanoati, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritib kelyapti.
Bularning barchasi ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashganidan, Oʻzbekiston-Italiya munosabatlari mazmun va natijadorlik jihatidan yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
Biznes-forumda Italiya kompaniyalari rahbarlariga Oʻzbekistonning sarmoyaviy salohiyati taqdim etildi. Shuningdek, mamlakatimizda tadbirkorlik va xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari haqida soʻzlab berildi.
Uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning eng istiqbolli yoʻnalishlari sifatida toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya, kimyo va avtomobilsozlik, elektronika va boshqa koʻplab sohalar belgilandi.
Tadbirning boy dasturi davomida B2B va G2B formatida uchrashuvlar oʻtkazilib, ishbilarmon doiralar vakillariga aniq investitsiya tashabbuslarini birgalikda hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlarini muhokama etish imkonini yaratildi. Iqtisodiyotning drayver yoʻnalishlarining investitsiyaviy salohiyatini aks ettiruvchi real holatlar muhokama etildi.
Forum yakunlari boʻyicha energetika, qishloq xoʻjaligi, kimyo sanoati, charm-poyabzal, toʻqimachilik va mashinasozlik sanoati, ekologiya, transport va logistika, shuningdek, bank sektorini qamrab olgan investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.