Ikki qavatli “Koron” hunarmandchilik markazining birinchi qavatida joylashgan sexda hayot qaynaydi. Ustalar qoʻlida loy shakl oladi. Quritiladi. Naqsh chiziladi. Rang beriladi. Soʻng obdon qizdiriladi. Nihoyat necha kunlik mehnat samarasi — mahsulot tayyor boʻladi. Ikkinchi qavatda esa noyob kulolchilik mahsulotlari joylashtirilgan. Bular eksportga tayyorlanadi va bu yerga kelgan sayyohlarga namoyish etiladi.
Markaz kulollarining ishi boshqa ustalarnikidan milliylikka zamonaviylikni uygʻunlashtira olgani bilan farqlanadi. “Koron” markazi rahbari Ravshan Tojiddinovning aytishicha, oʻz vaqtida yasagan kosa, choynak-piyola va koʻzalarini yelkasida koʻtarib, mahallama-mahalla, uyma-uy yurib sotgan. Shuning ortidan asta-sekin ishini kengaytirgan.
Bugun uning qoʻlida 400 dan ortiq usta-hunarmand va ishchi bor. Markaz mahsulotlari Germaniya, Polsha, Rossiya, Misr, Eron, Ruminiya, Gruziya, Turkmaniston, Tojikiston, Hindiston davlatlariga eksport qilinadi.
Rishton tuprogʻida sir bor, deyishadi usta-kulollar. Bu tuproqdan deyarli barcha turdagi kulolchilik mahsulotlari tayyorlash imkoni mavjud. Qizgʻish rangli tuproq mahalliy aholi tilida “xoki surx” — qizil tuproq deyiladi.
Rishtonlik kulollar mahalliy loyning sifati yaxshiligini uni birlamchi qayta ishlamay foydalanish mumkinligi bilan izohlaydi. Bugun Rishton kulolchilik maktabi yana-da rivojlanmoqda. Ustalar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Xalqaro kulolchilik markazi barpo etildi. Bu yerda 20 nafar usta-kulolga ham yashashi, ham ijod qilishi uchun uy-joy ajratildi. Prezidentimiz joriy yil Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida ana shu markazda rishtonlik kulollar bilan uchrashdi. “Bu idishlarda mehnat bilan, yurak bilan birga, tarix ham bor. Hamma yoʻnalishlarda milliy anʼanalarimizni tiklayapmiz. Sopol buyumlarni ham yana ommalashtirib, har bir xonadonga kiritish kerak. Ularni chet elliklar juda qadrlaydi. Chunki chiroyli, sifatli, ekologik toza. Yurtimizdagi har bir uyda mana shunday idishlar boʻlsa, ham milliy iftixor, ham maʼnaviyat boʻladi”, deb ularning mehnatini eʼtirof etdi Davlatimiz rahbari. Hunarmandlar mahallasiga aylangan fayziyob maskan sayyohlar uchun juda qulay joy. Bois, ushbu markazga kelganlar ham ustalar ishini oʻrganadi, ham tayyor mahsulotlar bilan tanishib, xarid qilish imkoniga ega boʻladi. Yana bir afzalligi, mehmonlar kulollar tomonidan ochilayotgan oilaviy mehmon uylarida yashashlari mumkin.
Usta hunarmand Alisher Nazirovning “Shinam”, Baxtiyor Nazirovning “Oshiyon” oilaviy mehmon uylari sertifikat olib, allaqachon mehmonlarni qabul qila boshladi. Har ikkala mehmon uyi ham 12 nafargacha mehmon qabul qila oladi. Ayni kunlarda Baxtiyor Nazirov xonadonida amaliy sanʼat yoʻnalishida tahsil oladigan Emma ismli fransiyalik talaba qiz kulolchilik sirlarini oʻrganmoqda. Ishdan boʻsh paytida Baxtiyor akaning kelini Shohista bilan oʻzbek milliy taomlarini pishiradi, roʻzgʻor yumushlariga koʻmaklashadi.
— Emma bir oy davomida Rishton kulolchiligiga xos yoʻnalishlarni — boʻyash va chizish, buyumga sir berishni oʻrganadi, — deydi Baxtiyor Nazirov. — Mahalliy ustalar ishining boshqa ustalar ishidan asosiy farqli jihati Rishton kulollari mahsulotlarida qizil rang uchramaydi. Naqshlar murakkab. Qalampirnusxa naqshlarga eʼtibor qaratiladi. Namlikka chidamli. Xorijlik mutaxassis va sayyohlarni ana shu jihatlar oʻziga tortadi.
Rishtonda hunarmandchilik asrlar davomida oʻzining uslubiy yaxlitligini saqlab, bugun barqaror rivojlanmoqda. Tuproqqa mehr berish, loyni his qilish koʻnikmasi ustadan-shogirdga, otadan-bolaga meros anʼana sifatida oʻtmoqda.