Oʻzbek va tojik xalqlarini bogʻlab turuvchi rishtalar koʻp. Ikki xalq azaldan bir daryodan suv ichgan, qarindoshlik rishtalari bogʻlangan, ularga ikki tilda soʻzlashuvchi bir xalq deya taʼrif beriladi. Darhaqiqat, oʻlmas diniy qadriyatlar, urf-odat, kuda-anda, qoʻshnichilik singari maʼnaviy qadriyatlar asrlar davomida mustahkamlanib kelgan.

Keyingi besh yilda davlatlar oʻrtasidagi yaqin hamkorlik tufayli ikki xalqning doʻstlik rishtalari yanada mustahkamlandi. Savdo-sotiq, ijtimoiy, maʼnaviy sohalarda amaliy aloqalar kengayib bormoqda. Xususan, oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi xukumati tashabbusi bilan Soʻgʻd viloyatining Spitamen shahrida 600 oʻrinli umumtaʼlim maktabi qurib bitkazildi.

Rishton tumanida foydalanishga topshirilgan maktabgacha taʼlim muassasasi ana shu hamkorlikning uzviy davomi. Bu yerda Tojikiston Respublikasining “Sozanda” qurilish tashkiloti keng koʻlamda qurilish, obodonchilik ishlarini amalga oshirdi. Ikki qavatli muhtasham binoda bolajonlar uchun zarur boʻlgan sharoitlar yaratildi. Keng va yorugʻ xonalar, musiqa, badiy gimnastika, sport zali, oʻyin maydonchalari bolajonlar bilan gavjum. Bu yerda 50 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Doʻstlik, birodalik borasida boshlangan ishlar qamrovi keng. Ayni kunda tuman markazida “Oʻzbek-tojik” doʻstlik jamiyati faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yerda ikki millat tarixiy doʻstligini ifodalovchi buyuk siymolar, shoir va yozuvchi, fan arboblari, madaniyat xodimlari hayot tarzini koʻrsatuvchi lavhlar, fotosurat, tasviriy va amaliy sanʼat, hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgamasi oʻrin olgan. Kutubxona fondi oʻzbek va tojik adiblarining sara asarlari bilan boyitilgan.

— Ikki xalqni bir-biri bilan bogʻlovchi rishtalar juda qadimiy, — deydi “Oʻzbek-tojki doʻstlik jamiyati” raisi Tursunxoʻja Abdurahmonov. — Qadri baland qadriyatlarimiz kundan kunga rivojalib borayotgani olis manzillarni bir-biriga yanada yaqinlashtirish imkoniyatini berdi. Foydalanishga topshirilgan yangi inshoot yurt kelajagi, taraqqiyoti yoʻlida maqsadlarimz mushtarak ekanligining amaliy namunasi, desam mubolagʻa boʻlmaydi.

Maktabagacha taʼlim tashkilotining ochilish tantanasi doʻstlik, birodarlik bayramiga aylanib ketdi. Tantanali marosimni Fargʻona viloyat hokimi oʻrinbosari Fayzulo Qosimov ochdi. Unda soʻz olgan Tojikiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulotdda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin, Tojikiston Respublikasi taʼlim va fan vaziri Imomzoda Muhammadyusuf qardosh xalqlar oʻrtasida ikki davlat rahbarlari tashabbusi bilan tiklangan doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik munosabatlarining bugungi taraqqiyoti, birodarlik aloqalarini yangi bosqichda rivojlanib borayotganligini eʼtirof etishdi.

Mehmonlar maktabagacha taʼlim tashkilotida yaratilagan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi. Aziz mehmonlar kitobiga Tojikiston Respublikasi taʼlim va fan vaziri hamda Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri esdalik dasxatlari qoldirdi.

Tadbir davomida bolalar muassasasi qurishilishida faol ishtirok etgan quruvchilarga esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

Shu kuni Tojikistondan kelgan delegatsiya aʼzolar Rishton tumanidagi kulolchilik markazi, usta kulollar amaliy ish namunalari bilan tanishdi.

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri