2026 yil 10 avgust kuni tongda Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining Nizhnekamsk shahridagi bir qator obyektlarga dronlar orqali hujum sodir bo‘ldi. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida Nizhnekamsk shahrida faoliyat yuritgan qurilish korxonasida quruvchi bo‘lib ishlagan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan.

Shuningdek, bir necha yurtdoshimiz turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O. Ramatov boshchiligida masʼul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.

Hukumat komissiyasiga hodisa oqibatida jabrlangan fuqarolarimizning holidan xabar olish, ularga zarur yordam ko‘rsatish, halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini maxsus reys orqali O‘zbekistonga olib kelish va tegishli manzillarga yetkazish, shuningdek, ularning oila aʼzolariga har tomonlama ko‘maklashish vazifalari yuklatilgan.

Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh Rossiyaga yuborilgan.

Ayni paytda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakillari hodisa joyiga yetib borgan. Ular Rossiya tomonining masʼul idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib, zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Jabrlangan O‘zbekiston fuqarolari haqida tezkor maʼlumot olish uchun quyidagi telefon raqamlariga murojaat qilish mumkin:

O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi: +7 965 600 79 79

Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi: +7 925 750 87 57, +7 925 127 00 02