Rossiya bilan pedagogika sohasida yangi aloqa nuqtalarini topishga kelishildi

    Ta'lim 17 Mart 2023 1331

    Joriy yil 15-martda Maktabgacha taʼlim agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Agrippina Vasilmevna Shin hamda A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti rektori Sergey Valentinovich Tarasov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muzokaralar davomida A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini samarali tashkil etish masalalari muhokama etildi.

    Ochilish nutqida S.Tarasov RDPUning soʻnggi yutuqlari va rivojlanish istiqbollari haqida qisqacha soʻzlab berib, Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlarini rivojlantirish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda Toshkent shahridagi A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti filialining rivojlanishida qoʻshgan bebaho hissasi uchun Maktabgacha taʼlim agentligi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.

    Rossiya delegatsiyasi rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim agentligi bilan hamkorlik toʻgʻrisida gapirar ekan, RDPU jamoasi A.I.Gersen universitetining Toshkentdagi filialini qoʻllab-quvvatlash va samarali faoliyat koʻrsatishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini maʼlum qildi.

    Rossiya tomoni, shuningdek, filial doirasida bakalavriat va magistratura yoʻnalishlari boʻyicha yangi tarkibiy taʼlim dasturlarini ochish masalasini koʻrib chiqishga tayyorligini maʼlum qildi.

    Tomonlar, shuningdek, pedagogika sohasida yangi aloqa nuqtalarini topish va A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti oʻrtasida oʻquv modulini ishlab chiqish va umumtaʼlim maktablari professor-oʻqituvchilari malakasini oshirishni nazarda tutadigan tegishli hamkorlik memorandumini imzolash zarurligiga kelishib oldilar.

    Muzokaralar natijasida tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi tizimini hamda Toshkent shahridagi A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti filialining oʻquv jarayonlarini rivojlantirish boʻyicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish toʻgʻrisida kelishdi, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim agentligi matbuot xizmati.