Taʼlim sohasida Rossiya bilan hamkorlikda qoʻshma loyihalar amalga oshiriladi

    Ta'lim 1 Noyabr 2022 2369

    Joriy yil 31oktyabrda Maktabgacha taʼlim vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri A.V.Shin, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri B.O.Saidov hamda Rossiya Federatsiyasi taʼlim vaziri S.S. Kravsov oʻrtasida hamkorlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda maktabgacha taʼlim va xalq taʼlimi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari hamda “Malыsh” (“Mittivoy”), “Komanda pedagogov pod klyuch” i “Klass!” (“Zoʻr!”) qoʻshma loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq keng koʻlamli masalalar muhokama etildi.

    Shu nuqtayi nazardan, amalga oshirilayotgan loyihalar uchun tayanch platforma vazifasini bajaruvchi A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini faollashtirish muhimligi qayd etildi.

    Ochilish nutqida Rossiya delegatsiyasi rahbari Rossiya Oʻzbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlikning turli yoʻnalishlarida oʻzaro manfaatli sheriklikni hamda koʻp tomonlama hamkorlik, jumladan, maktabgacha taʼlim sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga intilayotganini alohida taʼkidladi.

    Rossiya Federatsiyasi Taʼlim vazirligi vakillarining alohida eʼtibori Oʻzbekiston Respublikasining maktabgacha taʼlim sohasidagi ilgʻor tashabbuslari va innovatsion gʻoyalarini oʻrganish boʻyicha yangi aloqa nuqtalarini izlashga qaratildi.

    Muzokaralar doirasida janob S.S. Kravsov joriy yil 14-16-noyabr kunlari YUNESKO shafeligida Toshkent shahrida “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha II Butunjahon konferensiyasi”ga ham katta qiziqish uygʻotganligini hamda Rossiya tomoni boʻlajak xalqaro forumda eng faol ishtirok etishini va oʻzining munosib hissasini qoʻshishini taʼkidladi.

    Shu kuni Rossiya delegatsiyasi aʼzolari Toshkent shahridagi 5-sonli umumtaʼlim maktabi, Toshkent shahridagi 559-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti, Toshkent shahridagi A.I.Gersen nomidagi universitet filiali hamda filialning boʻlajak kampusi joylashgan joyda boʻldi.

    Muzokaralar natijasida tomonlar milliy tizimini rivojlantirishda birgalikdagi ishlarni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishdi, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati.