Rossiyada ota-ona qaramogʻisiz qolgan 15 nafar bola yurtimizga qaytarildi

    Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan bolalarning Vatanga qaytishi uchun zarur sertifikatlar bepul rasmiylashtirildi.

    Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar va Sogʻliqni saqlash vazirliklari bilan birgalikda Rossiya hududlarida ota-ona qaramogʻisiz qolgan 15 nafar voyaga yetmagan bola yurtimizga qaytarildi, deb xabar qilmoqda «Dunyo« AA.

    Oʻzbekistondan kelgan ishchi guruh aʼzolari qarovsiz qolgan bolalarning barcha zarur hujjatlarini yigʻish maqsadida ikki hafta davomida Rossiyaning turli hududlarida boʻldi.

    Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan va yordamga muhtoj barcha bolalar dastlab Moskva shahridagi voyaga yetmaganlar uchun moʻljallangan ijtimoiy reabilitatsiya markaziga joylashtirildi. Shundan soʻng ular Oʻzbekistonga qaytarildi.

    «Biz bolalarni Oʻzbekistonga repatriatsiya qilish uchun qabul qildik. Markazda boʻlgan vaqt mobaynida ularga barcha ijtimoiy va tibbiy yordam koʻrsatildi«, — dedi Moskva shahridagi «Markaziy« oilaviy tarbiyaga koʻmaklashish markazi boʻlim rahbari Odil Zokirov.

    Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan bolalarning Vatanga qaytishi uchun zarur sertifikatlar bepul rasmiylashtirildi.

    Voyaga yetmagan yurtdoshlarimiz Oʻzbekistonga qaytgach, yaqin qarindoshlari homiyligiga (vasiyligiga) yoki mamlakatimizdagi maxsus bolalar muassasalariga topshiriladi.