Erta tongda belgilangan soatda uyqudan uygʻonib, gigiyenik tadbirlar va amallarni bajarish, sogʻ-salomat kunni yaxshi kayfiyatda oʻtkazish uchun saharlik nonushtaga foydali va kun davomida toʻqlik hissini beruvchi mahsulotlarni tanlash, kechki belgilangan ovqtlanish(iftorlik)da yengil hazm boʻladigan ovqatlar, salatlar yeyish va sharbatlar ichib turish, ovqatlanishda albatta meʼyorga amal qilish sogʻlom va tetik boʻlishning muhim shartidir.
Kun davomida salomatlik holati darajasini inobatga olib, dam olish va faollikni rejalashtirish lozim.
Roʻza paytida himoya tizimi holsizlanishiga yoʻl qoʻymang!
Ob-havoga mos kiyinishga va tanani moʻtadil haroratini saqlashga harakat qilish lozim. Aks holda, havoda muallaq suzib yurgan barcha mikrob va viruslar kasallik qoʻzgʻatishi mumkin.
Immunitetni kuchaytirish uchun tanani oziqlantiruvchi oziq-ovqat mahsulotlarini koʻproq isteʼmol qilish kerak boʻladi.
Bir kunda 500 grdan kam boʻlmagan miqdorda sabzavot va mevalardan yeyish shart. Mevalar “hayot baxsh etuvchi vitaminlar” deb ataladi. Ayniqsa, A va S vitamini immun tizimi uchun eng muhim. Sabzavotlarda organizm uchun foydali vitamin va minerallar boʻlishi bilan birga, ulardagi oziq tolalar(kletchatka) ichaklarni tozalaydi.
Koʻkatlardan foydalangan holda, sabzavotlardan har-xil salatlar tayyorlab isteʼmol qilish organizm kuchini oshiradi. Shpinat, kashnich, ukrop kabilarda immun tizimi uchun kerakli glutamin moddasi boʻlib, u oshqozon-ichak shilliq qavatini mustahkamlaydi.
Immunitetni oshiruvchi oqsilga boy goʻsht, tuxum, baliq va sut mahsulotlari ham taomnomada boʻlishi kerak. Rux va selen kabi mineral moddalar immun tizimini kuchaytiradi. Selen organizmning antitanalar ishlab chiqishini yaxshilaydi. U mol va qoʻy jigari baliq goʻshtida koʻp miqdorda bor. Rux hujayraviy immun faollikni oshiradi, natijada viruslarga qarshi kurashishda asosiy oʻrin tutadi. U tuxumda, goʻshtda koʻp boʻladi.
Roʻzada odam doim harakatda boʻlishi kerak, harakat va ochlik sogʻligimizni tiklashimizga va mustahkamlashimizga ikki karra hissa qoʻshadi. Ishchan va sogʻlom boʻlish uchun faollikni unutmaslik kerak. Ayrim tizimlar va tana aʼzolarining zoʻriqishiga yoʻl qoʻymaslik uchun faol harakatlarni bajarishda har bir kishi oʻz yoshiga, bajaradigan ishiga, salomatligi holatiga qarab tanlashi lozim. Bundan tashqari, organizmning oʻziga xos xususiyatlarini, kuchini, imkoniyatlarini hisobga olish maqsadga muvofiq.
Ruhiy xotirjamlik ham immun tizimiga ijobiy taʼsir etadi. Kunduzlari roʻzadorlik va kechalari toat-ibodatlar bilan oʻtadigan bu muborak oyning fazli, mehr muruvvat va yaxshilik qilish oyi ekani bilan ham insonga koʻtarinki ruh beradi. Ramazon ruhiyatning shifokori hamdir. Qolaversa, ruhiy xotirjamlik vaqtida inson tafakkuri tiniqlashadi, ong poklanadi.
Agar inson yetarli darajada uxlamasa, bu ham immunitetni pasaytiradi. Shu bois, meʼyoriy uyqu juda muhim. Kam uyqu tana hujayralarini tiklanishi va immun tizimiga salbiy taʼsir etadi. Umuman fiziologik uyqu 7-8 soatni tashkil qiladi. Inson organizmi koʻp mikroblarga duch keladi, uyqu paytida “T va V limfotsitlar” kabi antitanalarni ishlab chiqaradigan va immun hujayralar soni ortadi va ular tomonidan kasallik chaqiruvchi mikroorganizmlar yoʻq qilinadi.
Roʻza inson tanasi va ruhiyati tarbiyasi uchun muhim “dastur” hisoblanadi, natijada hayot tarzimizni ijobiy tomonga toʻgʻrilab olamiz.