A.Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti va A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining “Oʻzbekiston Respublikasi maktablarida rus tili fanini va umumtaʼlim fanlarini rus tilida oʻqitish sifatini oshirish" loyihasi boʻyicha uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Maʼlumki, Prezidentimiz raisligida joriy yil 17-avgust kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligi oʻrtasida “Oʻzbekiston Respublikasi maktablarida rus tili fanini va umumtaʼlim fanlarini rus tilida oʻqitish sifatini oshirish" loyihasini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
Loyihaning birinchi bosqichida ikki tomon kelishuviga asosan 6-oktyabr kuni A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti tomonidan 32 nafar rossiyalik mutaxassis mamlakatimizga yetib keldi. Endilikda ular dekabr oyi yakuniga qadar viloyatlarda xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, shuningdek, hududiy markazlardagi umumtaʼlim maktablarida rus tili fani va umumtaʼlim fanlarini rus tilida oʻqitish sifatini oshirish boʻyicha mahalliy oʻqituvchilar bilan birgalikda faoliyat olib boradi.

Shuningdek, loyiha doirasida Rossiya davlat pedagogika universiteti professor-oʻqituvchilari va mutaxassislari oktyabr-noyabr oylarida mamlakatimizdagi 4 ming nafar rus tili oʻqituvchisining kasbiy ehtiyojlarini soʻrovnoma orqali oʻrganish koʻzda tutilgan. Soʻrovnoma orqali rus tili oʻqituvchilarining bilim darajasi, rus tili faniga oid oʻquv-metodik taʼminot hamda masofadan taʼlim olish uchun mavjud sharoitlar oʻrganiladi. Ushbu oʻrganish asosida kelgusida rossiyalik mutaxassislar ishtirokida ularning malakalari oshiriladi.
2021-yildan boshlab esa respublikamizning 203 ta tuman (shahar)idagi 529 ta tayanch maktabi negizida 300-400 nafar rossiyalik trenerlar tomonidan oʻqituvchilarimiz malakasini oshirish koʻzda tutilgan.
Gulnoza BOBOYEVA