Shundan soʻng abituriyentlarni test sinovlari kutmoqda. Har ikkala jarayonning maksimal ravishda ochiq va shaffof boʻlishiga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Kuni kecha yuridik texnikumlar faoliyatiga doir shu va boshqa tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Videokonferensiya formatida oʻtgan yigʻilishda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Hakimov, hududiy adliya boshqarmalari hamda yuridik texnikumlar rahbarlari ishtirok etdi.
Adliya vazirligi yuridik texnikumlari faoliyati Prezidentimizning 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq takomillashtirilmoqda. Shunga koʻra endilikda mazkur taʼlim muassasalariga qabul test sinovlari asosida amalga oshiriladi. Taʼlim esa kredit-modul tizimi boʻyicha olib boriladi. Bunday yondashuv oʻquvchilarga mutaxassislik fanlarini chuqur oʻrganish imkonini berib, pirovard natijada yuridik kadrlar raqobatbardoshligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Eslatish kerak, yuridik texnikumlar bitiruvchilari notarius yoki sudya yordamchisi, davlat ijrochisi, FHDYO boʻlimi inspektori, Davlat xizmatlari markazi mutaxassisi va boshqa oʻnlab vazifalarda ishlashi mumkin.
Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan yigit-qizlar Toshkent davlat yuridik universitetiga test sinovlarisiz, suhbat asosida oʻqishga qabul qilinadi.
— Yuridik texnikumlarda taʼlim sifatini talab darajasiga yetkazish birlamchi masala, — taʼkidladi Ruslanbek Davletov. — Buning uchun, avvalo, pedagoglarning sifat-saviyasini oshirish, eng malakali mutaxassislarni jalb qilish haqida bosh qotirishimiz zarur. Korrupsiya, tanish-bilishchilikka aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi! Qabulda ishlayotganlarga ham talabimiz shu! Pora olgan yoki taʼmagirlik qilgan rahbar va xodimlar bilan darhol xayrlashamiz. Yuridik texnikumlarga oʻqituvchilar butun adliya tizimida tatbiq etilgan mexanizm asosida ishga olinadi. Yaʼni nomzodlarni maxsus komissiya saralaydi, jarayon boshidan oxirigacha onlayn translyatsiya qilib boriladi. Halol, oʻz sohasining bilimdoni boʻlgan pedagoglarni ragʻbatlantirish imkoni ham mavjud. Sababi endi har bir oʻquv dargohiga tabaqalashtirilgan kontrakt toʻlovidan tushgan mablagʻni mustaqil tasarruf etish huquqi berilgan.
Yuridik texnikumlarni zamonaviy kadrlar bilan taʼminlash masalasiga Toshkent davlat yuridik universiteti rektori ham oʻz munosabatini bildirib, universitet bitiruvchilari salohiyatidan foydalanishni taklif qildi. Zotan, ular kredit-modul tizimi nimaligini biladi. Shu jihatdan texnikumlar faoliyatida joriy qilinayotgan yangiliklarni qiynalmay oʻzlashtira oladi.
Yigʻilishda yuridik kadrlar tayyorlaydigan har bir oʻrta maxsus taʼlim muassasasi kredit-modul tizimi qanday ishlashini mukammal tushunib olishi zarurligi qayd etildi. “Kerak boʻlsa bu boʻyicha mutaxassislarni sertifikatlashtirish tajribasidan foydalanaylik”, — dedi Adliya vaziri R.Davletov.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan yigʻilishning boshqa ishtirokchilari ham fikr-mulohaza va takliflari bilan oʻrtoqlashdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi