Oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlari Polsha bozorini zabt etyapti

    OAV O‘zbеkiston haqida 18 Dekabr 2023 655

    Polshaning ixtisoslashgan “Rynek inwestycji” (“Investitsiyalar bozori”) jurnalining elektron portalida “Oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlari Polsha bozorini zabt etmoqda”, sarlavhali maqola eʼlon qilindi.

    “Polsha Yevropada oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlarini sotib oladigan asosiy mamlakatlardan biri ekanligini koʻpchilik bilmasa kerak, — deyiladi materialda. — Yevropa Ittifoqi davlatlaridan oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlari eksportining yarmidan koʻpi Polsha hissasiga toʻgʻri keladi”.

    Nashrda Polsha Oʻzbekistondan asosan ip-kalava, matolar hamda sochiq va choyshab kabi tayyor mahsulotlarni sotib olishi taʼkidlangan.

    “Biz har yili Polshaga umumiy qiymati 67,5 million dollarga teng boʻlgan turli toʻqimachilik mahsulotlarini sotamiz”, – deya Oʻzbekiston elchisi Amirsaid Aʼzamxoʻjayev fikrlaridan iqtibos keltirgan portal.

    Maʼlum qilinishicha, 21-23-noyabr kunlari Polshada boʻlib oʻtgan “Fast Textile 2023” 9-xalqaro toʻqimachilik yarmarkasida Oʻzbekistonning yirik kompaniyalari qatnashdi.

    “Koʻrgazmada tashkil etilgan Oʻzbekiston milliy stend mahalliy va xorijiy soha mutaxassislarda katta qiziqish uygʻotdi. Yarmarkada “Crystal Color Textile”, “Osiyo Home”, “Group Impex Textile”, “Mt International”, “Mairin”, “Jizzakh Textile”, “UZ Tex”, “Hamza Expo Art Textile”, “Azia Tashkent Textile”, “Ahsan Apparel”, “Quva Textile (Uzcotton)”, “Great Kokand”, “Samarkand Euro Asia Textile”, “Merganteks”, “Bobur XBK”, “Margʻilon Umar Teks”, “Elladats”, “Orange Textile Profi”, “Ever White Grupa”, “Oltin Mato” va “Urganch Bahmal” kabi oʻzbek kompaniyalar oʻz mahsulotlarini taqdim etdi”, — deb taʼkidlangan materialda.

    Materialda, shuningdek, uch kun davom etgan “Fast Textile 2023” yarmarkasi doirasida Oʻzbekiston kompaniyalari bilan umumiy qiymati 30 million dollardan ortiq shartnomalar tuzilgani xabar qilingan.

    “Oʻzbekiston elchixonasida tashkil etilgan taqdimot chogʻida esa “Targi Kielce S.A.» kompaniyasi va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi oʻrtasida 2024-yil 7-9-may kunlari Polshaning Kalse shahrida oʻtadigan “My TexStyle” toʻqimachilik yarmarkasida ishtirok etish boʻyicha kelishuv imzolandi. Koʻrgazmada, shuningdek, Oʻzbekiston vakillaridan tashqari Turkiya, Xitoy, Bangladesh va Polsha kompaniyalari qatnashishi rejalashtirilgan”, — deb yozgan “Rynek inwestycji”. Bu haqda “Dunyo” AA xabar beradi.