“Ochiq osmon” rejimi 2020-yilning 1-avgustidan boshlab IATA “Qish 2022/2023” mavsumi yakunigacha ikki yil muddatga uni uzaytirish yoki shartlarni oʻzgartirish imkoniyati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoiy, Urganch, Andijon, Fargʻona, Namangan va Samarqand shahridagi aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” huquqini qoʻllagan holda joriy etiladi.
Buyruqqa muvofiq “Ochiq osmon” rejimi:
- Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoi va Urganch shahridagi aeroportlarda hech qanday cheklovlarsiz;
- Andijon, Fargʻona, Namangan va Samarqand shahridagi aeroportlarda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga aʼzo davlatlarning aviakompaniyalariga koʻrsatilgan aeroportlarga ularning texnik imkoniyatlarini inobatga olgan holda parvozlar soni cheklovlarisiz Oʻzbekiston Respublikasi tayinlangan tashuvchilari foydalanmagan yoʻnalishlarda “beshinchi havo erkinligi” va yoʻlovchi parvozlarini amalga oshirish huquqi bilan;
- Samarqand shahridagi aeroportda qayta taʼmirlash ishlari yakunlangach joriy etiladi.
Mazkur rejimga muvofiq Navoi va Termiz shahridagi aeroportlarda xorijiy aviakompaniyalarga yuk tashish parvozlarini amalga oshirish uchun “yettinchi havo erkinligi”ga qadar boʻlgan huquqlar beriladi.
Yangi havo yoʻnalishlarini ochishga qiziqish bildirgan yoki parvozlar sonini oshirishni rejalashtirgan xorijiy aviakompaniyalar kerakli hujjatlarni oʻrnatilgan tartibda Transport vazirligi qoshidagi Aviatsiya agentligiga va Havo transportini rivojlantirish departamentiga topshirishi lozim. Ushbu masala yuzasidan barcha murojaatlar qisqa fursatda koʻrib chiqiladi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.