Qirgʻiziston Prezidenti haqidagi hujjatli filmda Sadir Japarov qirgʻiz–tojik chegarasidagi keskin vaziyat haqida toʻxtalib, oʻzaro murosaga kelishda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maslahati va vazmin diplomatik yondashuvi ahamiyatli boʻlganini taʼkidladi.
«Sammitlarda va uchrashuvlarda birinchi boʻlib Tojikiston rahbariga “keling, oʻtirib chegara masalasini gaplashib olaylik”, deb aytdim. Avvaliga u bunga rozi boʻlmadi. Ikkinchi bor uchrashganimizda esa Tojikiston tomoni chegara masalasini muhokama qilishga rozilik bildirdi.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlashim kerakki, bunda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻrni juda katta boʻldi. U kishi “muammolarni hozir, shu yerning oʻzida hal qilishingiz kerak, keyin imkon boʻlmasligi mumkin. Yon berishga borish zarur”, deb maslahat berdi. Shundan soʻng ikki rahbar bir stol atrofida oʻtirib, chegara muammosini hal qildik», – deydi Qirgʻiziston prezidenti.
Filmda, shuningdek, Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev ham muhim faktlarni ochiqladi.
Uning soʻzlariga koʻra, Prezident Mirziyoyev agar mojaro bartaraf etilmasa, mintaqaga xorijiy investitsiyalar kelmasligi, sayyohlar oqimi toʻxtashi va iqtisodiy rivojlanish izdan chiqishi haqida qatʼiy ogohlantirgan. Aks holda, Markaziy Osiyo hanuz “qoloq mintaqa” sifatida qabul qilinishini taʼkidlagan.
«Tashqaridan qaraganda barcha davlatlar nomi “-iston” bilan tugagani uchun ularni bir xil, doim mojaroli hudud sifatida qabul qilishadi», degan edi Oʻzbekiston rahbari», – deya eslaydi Kulubayev.