Davlatimiz rahbarining joriy yil 30-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida strategik yoʻnalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish bilan birga, yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning madaniy savodxonligini oshirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish kabi bir qancha ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston yoshlariga yoʻllagan tabrigida davlatimiz rahbarining “Yoshlarimizni ona Vatanimizga, mustaqillik gʻoyalariga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning isteʼdod va qobiliyatini, ezgu intilishlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida boshlagan katta ishlarimizni bundan buyon ham qatʼiyat bilan davom ettiramiz”, degan soʻzlari zamirida ham ulkan maʼno mujassamdir.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon QURONOV bilan sadoqat, vatanparvarlik, ilm va umr mazmuni mavzularida suhbatlashdik.

— Vatanga sodiqlik tushunchasi nimada koʻrinadi, u oʻzini qanday namoyon qiladi?

— Bu savolga har bir yigit-qizning oʻz javobi boʻlishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, sadoqatni kinofilm, spektakl, kitoblardan hayotga olib chiqishimiz kerak. Toki toʻrt tomonimizda vatanim, deb oʻz sohasida shijoat koʻrsatayotgan millionlab yigit-qizlarni koʻraylik. Aks holda, sadoqat dilda, yo tilda qolib ketishi mumkin. Vatanga sodiqlik — fazilat. Tarbiya, maʼrifat hosilasi. Vatanga sadoqat bugun bizdan nimalarni talab qilyapti? Mehr va safarbarlikni. Amaliy, natijali ishlarni. Prezidentimiz iboralari bilan aytganda, jonajon Vatanimizga farzandlik mehrimiz va sadoqatimizni safarbar etishimiz kerak.

— Vatanparvar soʻzini eshitganimizda, koʻhna tarix, Sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, jadid bobolarimiz, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining jasoratlari gavdalanadi. Bugunchi?

— Ular oʻz zamonasida Vatanim, xalqim uchun, deb bor farzandlik mehri va vatanparvarligini, sadoqatini safarbar etgan. Bugun Harakatlar strategiyasi bizdan sadoqatning maʼnosini bugungi kun shiddatidan kelib chiqib tushunishni talab qilmoqda. Hukumatimiz xalqimizning ertaga emas, hozir, bugun baxtli yashashini istaydi. Bu bizdan sadoqatni ham ertaga, kelajakda yoki favqulodda holatda emas, bugun, hozir safarbar etishni talab qilmoqda. Safarbar sadoqatning bugungi talablari, rioyasi qanday? Buni anglash uchun Vatanga sodiq inson qanday boʻlishi kerak? Vatan bizdek oʻgʻil-qizlaridan yolchishi uchun biz amalda nimalarni qilish yo qilmasligimiz kerak? Yoki nega bayrogʻimizni, undagi moviy rang — sadoqat timsolini boshimizdan ham baland tutamiz?, degan savollarga javoblarimiz boʻlishi kerak.

— Sadoqat oʻzi nima?

— Masalaga ilmiy yondashmasak, adashamiz. Sadoqat balandparvoz soʻz boʻlib qolaveradi. Sadoqat odamning Vatani, unga ishongan, uni sevgan kishilari oldidagi burchini anglashidan kelib chiquvchi fidoyiligi, javonmardligi. Uning maʼnosi “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da doʻstlik, birdamlik, samimiylik, chin qalbdan berilganlik, sodiqlik, vafodorlik degan soʻzlarda ochib berilgan. Shoyad, bolam shunday boʻlsa, deb Sodiq, Siddiq, Sadoqat, Siddiqa, Muhammad Sodiq, degan ismlar qoʻyadi bolasiga oʻzbek. Sadoqat — kuchli xarakter belgisi. U odamdan oʻz burchini oqlash uchun toʻsiq va qiyinchiliklardan chekinmaslikni, toymaslikni, qaytmaslikni, ularni mardona, chidam bilan bartaraf qilishni, oʻzini qiynashni talab qiladi. Sadoqatli boʻlish uchun nima qilmaslik kerakligi Prezidentimiz Murojaatnomasida aniq-tiniq ochib berildi: “Oʻzimiz oʻzimizga xiyonat qilmasak, oʻzimiz oʻzimizni aldamasak, halol-pok boʻlib mehnat qilsak, men aminman, koʻzlagan barcha marralarimizga, albatta, yetamiz...”. Bu yoʻldan borayotgan mard yigit-qizga har xil chalgʻituvchi manfaat, yengillik, aldovlar ishva qilib, «Oʻzingizni qiynab nima qilasiz. Hamma shunday qiladiku. Oʻzingizni oʻylasangizchi?», deydi. Lekin sodiq yigit, siddiqa qiz bu aldovlarga uchmaydi. Qancha qiyin boʻlmasin, unga ishonib topshirilgan ishonchni oqlab, natijaga erishishda sobit boʻladi. Katta ishonch katta sadoqatni talab qiladi. Uni oqlash uchun odamdagi barcha yaxshi fazilatlar oyoqqa turadi, ishga tushadi. Sadoqat odamning yuzini yorugʻ qiladi, uning oʻziga ishonchi va hurmatini oshiradi.

— Prezidentimiz tomonidan sadoqat fazilatiga alohida eʼtibor qaratilishi maʼnaviyatni hayot bilan bogʻlash yoʻlini koʻrsatib berdi. Shunday emasmi?

— Toʻgʻri. Bugun bizdan mehnatda, ishda oʻz burchiga sadoqat talab etilmoqda. Bu har birimizga har kuni berilayotgan imkoniyat. Masalan, sportchi yoshlarimizning yurtga sadoqati ularning gʻalabalarida mujassam. Ayni vaqtda yoshlarimizga ibrat boʻlib, ularda Vatanga sadoqatni tarbiyalamoqda. Vatanga sadoqat nafaqat sport, balki intellektual kurash maydonlarida ham namoyon boʻladi. Yurtboshimizning “...Shunday bilimli, barkamol, Vatanga sadoqatli farzandlarimiz qancha koʻpaysa, Oʻzbekistonning kelajagi shunchalik buyuk boʻlishi muqarrar”, degan eʼtirofiga muyassar boʻldi.

— Sadoqatning ziddi — xiyonat ham sohaviy xususiyatga ega ekanda?!

— Albatta. Taʼlim sohasida xiyonatning nimalarga olib kelishiga bir misol. Dunyoning xalqaro akkreditatsiyasiga ega, qadimiy universitetlaridan biri Unisaga kiraverishda mana bu yozuvni oʻqiysiz: “Millatni yoʻq qilish uchun atom bombasi yoki uzoq radiusga uchuvchi raketalarni tashlash shart emas. Taʼlim sifatini pasaytirib, oʻquvchilarning yolgʻon gapirishiga ruxsat berilsa, bas. Ana shunda: bunday vrachlar qoʻlidan kasallar oʻlim topadi. Bunday injenerlar dastidan binolar qulaydi. Bunday iqtisodchi-buxgalterlar dastidan pullar yoʻq boʻlib ketadi. Bunday din olimlari dastidan insoniyat oʻlimga yuz tutadi. Bunday yurist va sudyalar dastidan adolat yoʻqoladi. Bunday qonunshunoslar dastidan boshqaruv yoʻqoladi. Taʼlim inqirozi — millat inqirozidir”.

— Baʼzilar sadoqatni soʻzda namoyon qilsa ham boʻladi, deb oʻylaydi. Laganbardorlik, koʻzboʻyamachilik, yuzakilikni “boʻyab”, sadoqatga oʻxshatishga harakat qiladi. Nega shunday?

— Bu Vatanga, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishdek mardona tamoyilimizga zid. Odam bolasi qiladigan jinoyatlarning eng ogʻiri — Vatanga xiyonat boʻlsa, demak, eng sharafli ish — Vatanga sadoqat. Chunki Vatan ichida xalq bor.

Sadoqatning formulasi boʻlsa, u “Avval Vatan, keyin men”, degan ifoda boʻlardi. Xiyonatniki esa koʻp boʻlardi: “Avval men — keyin Vatan”, yoki “Taka boʻlsin, sut bersin”, yoki “Tirikchilikning aybi yoʻq”, derdi. Xiyonat ana shunday xaraktersiz, nomard, beqaror, dunyoqarashi buzuq, “umurtqasiz”, subutsiz, tuturiqsiz, manfaatparast, boylik yoki amalga oʻch, xudbin, qoʻrqoq kishilar tomonidan sodir qilinadi.

Odam qiyin vaziyatga tushganida uch yoʻldan birini tutadi. Kurashib, muammoni hal qilish, indamay tashlab qoʻyish va muammodan qochish. Ana shu lahzalarda shayton xiyonatga advokatlik qiladi. Noshukurlikka, oʻz zimmasiga olgan burchni qoʻrquv yoki masʼuliyatini boʻyniga olishdan qochishga undaydi. Darsni sifatsiz oʻtish, taʼmirni nomiga qilish, ishga kech kelib, erta ketish, oʻzi qoʻl qoʻygan shartnoma shartlarini buzish, soliqdan qochish (yashirish), tarozidan, litrdan urib qolish, jinoyatni yashirish, qarz olib, kech qaytarish yoki bermaslik, yolgʻon hisobot berish, mansab vakolatini oshirish, koʻz­boʻyamachilik, sogʻni bemor, bemorni sogʻ deb maʼlumotlar berish, ustozlik, quruvchilik, xodimlik, hamkorlik, doʻstlik, xizmat burchi, kasbiy, funksional vazifa, xizmat koʻrsatish sohalarida oʻziga bildirilgan ishonchlar oqlanmay qoladi.

Har birimiz har kuni oʻz qarorlarimizni qabul qilamiz. Bu qaror, gʻoyalar hozir yoki ertaga qiladigan ish-harakat, xulqimizning loyihalari. “Harakat(start)”, degan tugma bosilganida, ular ishga tushadi. Ishga, natijaga aylanadi.

— Yoshlarimizni xiyonat illatidan qanday himoya qilish mumkin?

— Odam bolalikdan kichik-kichik “sadoqat-xiyonat”larni koʻrib ulgʻayadi. Masalan, ota yo ona bolasiga biror narsani vaʼda berib, bajarmaydi. Bir gapni oʻz vaqtida aytish kerak — aytilmaydi. Ertaroq kelish kerak — kechroq kelinadi. Kechroq ketish kerak — erta ketiladi. Oʻzini qiynashi kerak, oʻzini qiynamaydi. Oʻzi qilishi kerak boʻlgan ishni — birovga “qarab qoʻy”, deydi. “Nega bunday qildingiz?”, desangiz, «Birinchi martaku. Nima qipti? Oʻzingiz shunday degandek boʻluvdingizku! Ozginaku. Oʻtib ketadiku. Hamma shunday qiladiku. Hech kim sezmadiku», deb oqlanadi. Bular — xiyonatning yumshoqroq, boshqa soʻzlar bilan “oqlanadigan” koʻrinishlari. Simptom, signallari. Bunday muhitda katta xiyonat xatari yashaydi. Bu illat urchisa, milliy inqiroz, stagnatsiya, bir joyda depsinib turaverish yuzaga keladi.

— Nima qilish kerak?

— Hozir biz tarbiya bilan shugʻullanyapmiz, deyapmiz. Lekin aslida taʼlim bilan shugʻullanamiz. Shuning uchun taʼlim-tarbiya boʻyicha masʼullar eng qoʻrqadigan savol: “Oʻtgan oʻquv yilida tarbiya boʻyicha qanday natijaga erishdingiz?”. Birorta aqlli odam chiqib, shu savolni berib qolmasinda, deb jon hovuchlab yuradi. Chunki tarbiyaga soat ham, jadval ham, shtat ham ajratilmagan. Shuning uchun oʻtkazilgan tadbirlar soni bor, lekin eng asosiy narsa — natija yoʻq. Chunki uning natijasi nimalarda koʻrinishini va qanday boʻlishi kerakligini bilmaymiz.

Milliy yuksalish davri keldi. Endi bundan toʻxtab, natijasiz, nasiya tarbiyadan natijali — naqd tarbiyaga oʻtishimiz zarur. Tarbiya natijasi fazilatlarda namoyon boʻladi. Shunday ekan, fazilat-kompetensiyalarni oʻrgatishga kirishishimiz kerak. Jumladan, har bir taʼlim muassasasi tarbiyaviy ish rejasiga “Sadoqat tarbiyasi” degan mavzu kirishi kerak. Kiritmadikmi, ertaga hayotda bizni kutib oladigan katta-kichik xiyonatlardan xafa boʻlmaylik. Chunki har bir katta-kichik xiyonat bu — sadoqat tarbiyasi berilmagani uchun olinadigan oʻch. Oʻz vaqtida sadoqat neligini, muqaddasligi tushuntirilmaganining, odatlantirilmaganining oqibati. Yana, yana va yana maʼnaviyat, yana tarbiya. Yana erta profilaktika. Aslida tarbiya bu — erta profilaktika degani.

— Bu oilaga ham bogʻliq, toʻgʻrimi?

— Albatta. Asosiy tarbiya uyda boʻladi. Uyda ota bilan onaning dili, tili bir boʻlishi kerak. Baʼzida ota “yoʻq”, desa, ona “xoʻp”, deydi. Bola bir muammoning ikki xil yechimi boʻlishi mumkinligini koʻrib, hayron boʻladi. Otalar koʻpincha mehnatli rohatni, onalar — mehnatsiz rohatni taklif qiladilar. Bolaga qaysi yoqadi? U 10-marta maqsadga sabr bilan, mehnat qilib erishsa, toʻgʻrilikka — sadoqatga oʻrganadi. 10-marta rohatga “hozir va shu yerning oʻzida”, buning ustiga mehnatsiz erishsachi? Oʻgʻrilikka, oʻzi oʻziga xiyonatga, oʻzi oʻzini aldashga oʻrganadi. Xullas, har bir ota-ona — pir, trener, ustoz. Har bir farzand — shogird.

— Aytingchi, nega ilmni xazina va saodat kaliti deb atashadi?

— Hayotning goʻzalligi, insoniylikning bardavomligi, jamiyatning farovonligi ilm tufaylidir. “Ilm yolgʻizlikda hamroh, gʻurbatda sirdosh, doʻstlar huzurida ziynat, dushmanlarga qarshi oʻtkir qurol”, degan ekan Rizouddin bin Faxriddin. Odam boʻlish uchun, oila qurish uchun, ovqatlanish, kiyinish, yurish-turish, salomlashish, soʻzlashishish, dehqonchilik va tijorat qilish uchun ham ilm kerak. Ilm kirmagan va boshqarmagan biron soha yoʻq. U Yaratgan bergan neʼmatlarning eng fazilatlisi va qudratlisi, dunyodagi bor narsaning, amalning, baxtu saodatning, savobu gunohning barchasini magʻzini chaqa biladi, maftunkor va yashirin haqiqatni kashf eta oladi. Ilm insonga beshikdan to qabrgacha hamroh boʻladi, taʼlim-tarbiya beradi, rahnamolik qiladi. Oʻzligini bilishga, oxir-oqibat, Oʻzni tanishga va uning roziligini olishga yetaklaydi.

Donolarimiz: “Ilm dunyo va oxiratda oʻziga foyda va zarar boʻladigan narsalarni bilmoq demakdir”, “Ilm yoʻli bir muborak yoʻldir, lekin koʻp mashaqqatli va ogʻirdir, shunday boʻlsada, boshi — saodat, oxiri kamolotga borib toʻxtaydi”, deb yozib qoldirgan. Yahyo ibn Muoz esa: “Ilmning boshi sukut, keyingisi tinglash, undan keyingisi esa uni yod olish va navbatdagisi, unga amal qilish va eng oxiri, insonlarga oʻrgatishdir”, degan. Ilm saodat sari yetaklaydi, kishiga nur baxsh etadi. Qiyinchliklarda yordam qoʻlini choʻzadi, mushkulning tugunini beminnat yechadi. Manman, kekkaygan kishining qalb koʻzini yaxshiliklar ila ochadi. Uning vositasida tarbiya, eʼtiqod, imonning butunligi taʼmin etiladi. Xalqning farovonligi yoʻlida moʻjizalar yaratishga ongli xizmat qiladi, doimo Haqni va haqiqatni yoqlaydi. Shuning uchun ham paygʻambarimiz Muhammad (S.A.V) alohida taʼkidlaganlar: «Ilm sahroda doʻst, hayot chorrahalarida tayanch, yolgʻiz damlarda yoʻldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qaygʻuli onlarda madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi quroldir». Ilm tufayli, hayotimiz davomida tuganmas xazinalarni topaveramiz, koʻngilning ­ODAMIYLIK degan saodat manziliga uning moʻjazgina kaliti ila yoʻl topamiz.

— Umr va umrning mazmunini qanday tushunish mumkin?

— Umr, oʻlchovsiz berilgan vaqt, bugun bor, ertaga esa yoʻq. Sharaf bilan yashash, boriga shukr, yoʻgʻiga sabr qilish, birini koʻrib fikr va birini koʻrib zikr qilish, kechirish va kechirimli boʻlish, afv soʻrab, yaxshilikni koʻziga tik qarab, halol yashash umrning mazmunidir.

Odamning umrini oqar suvga qiyos qiladilar. Umr ham suv kabi loyqalanib, goh tinib, goh toʻlqinlanib, goh sokin oqadi. Biroq qalb sadoqatga, poklikka toʻliq boʻlsa, umr hamma vaqt har ishda yaratish bilan band boʻladi. Uning oqimi qay tarzda boʻlmasin, hamma uchun hamisha hayotiy tashvish va shu tashvishni yenguvchi kuch baxshida qiladi, natijasi huzur va rohatga olib boradi. Demak, sadoqat, vatanparvarlik, ilm umrning mevharidir. Haqiqat va adolatning bosh tarozisidir. Sadoqatli boʻling, ilmga intiling, ona diyoringizni seving — umringizni nurga oʻraysiz!

Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Gulichehra DURDIYEVA suhbatlashdi