Saida Mirziyoyeva Qoraqalpogʻistonda oʻtkazilayotgan “Salomatlik marafoni”ga bordi

    Nukus shahridagi 12 ta oilaviy poliklinika va 3 ta jamoat maskanida aholi diagnostikadan oʻtkazilmoqda. Shuningdek, bemorlarni yoʻnaltirish va raqamlashtirish tizimi joriy etilmoqda.

    Shifokorlarning hamkorlikdagi saʼy-harakatlari va AI TOP-3 CDSS, MuxlisaMED AI, AI Mammo singari sunʼiy intellekt yechimlari joriy etilishi natijasida yanada tezkor va aniq tibbiy yordam koʻrsatish imkoni yaratilmoqda.

    Atigi toʻrt kun ichida qariyb 12 ming nafar fuqaro koʻrikdan oʻtdi, shulardan 1 700 dan ortigʻi chuqur tekshiruvlardan oʻtkazildi, 116 nafari esa davolanishga yoʻnaltirildi.

    Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qoraqalpogʻistonda oʻtkazilayotgan “Salomatlik marafoni”ga bordi.

    "Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti bolalar jarrohligi boʻlimida murakkab operatsiyalarni boshdan kechirgan kichik bemorlar bilan uchrashib, suhbatlashdik, — deb yozadi u oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida. — Ularning matonati va samimiy tabassumlari beixtiyor har birimizni taʼsirlantirdi.
    Ikkita yangi loyiha ishga tushirildi — raqamli oilaviy pasportni joriy etishga asoslangan “Oilaviy salomatlik maktabi” hamda yoshlar koʻmagida aholi tibbiy savodxonligini oshirishni koʻzda tutuvchi “Salomatlik volontyorlari” shular jumlasidan.
    Sogʻliqni saqlashni zamon talablariga mos hamda har bir inson uchun qulay va foydali tizimga aylantirishni maqsad qilgan “Tibbiyot novatorlari” jamoasidagi yosh mutaxassislarga minnatdorlik bildiraman.
    Millat salomatligi — bu barchamiz yelkama-yelka bosib oʻtadigan umumiy yoʻlimiz va masʼuliyatimizdir".