Xitoyning miloddan avvalgi II-I asrlarga mansub “Shiji” solnomasida yurtimiz hududida yashagan har bir xonadonda uzum yetishtirilishi alohida qayd etilsa, Oʻrta asrlarda venetsiyalik sayohatchi Marko Polo oʻz kundaliklarida Samarqand, Buxoro va boshqa mashhur shaharlar atroflari yam-yashil bogʻlar, tokzorlar bilan oʻralganini hayrat ila yozadi. Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino asarlarida uzumning shifobaxsh xususiyatlari bayon etilgan.

Tarixiy manbalardan bunday maʼlumotlarni koʻplab keltirish mumkin. Bugungi kunga kelib, dunyoda zamonaviy uzumchilik va uni qayta ishlash sanoati misli koʻrilmagan darajada taraqqiy etdi. Jahonda savdo hajmlari boʻyicha eng koʻp isteʼmol qilinadigan mevalar orasida uzum ikkinchi oʻrinda turadi. Xususan, har yili xoʻraki uzumga boʻlgan talab oʻrtacha 350 million dollarga oʻsmoqda.

Tarmoqning salohiyati ham, imkoniyati ham katta. Eng muhimi, keyingi yillarda rivojlanish yoʻlida dadil odimlay boshladi. Xususan, 2016–2020-yillar davomida 52 ming gektar yangi tokzorlar tashkil etilib, sohaga 210 milliard soʻm subsidiya ajratildi. Shu davr mobaynida meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi 2 baravarga koʻpaydi. Tarmoqda ayni kunda 900 ming nafar kishi ish bilan band. Biroq...

Prezidentimiz raisligida 2021-yil 7-iyul kuni uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qayd etilganidek, afsuski, ayrim hududlarda yirik tokzorlar maydoni soʻnggi toʻrt yilda 7 ming gektarga kamaygan. Tarmoqda seleksiya ishlari deyarli yoʻq, haligacha 40–50 yil avval yaratilgan uzum navlari ekib kelinmoqda. Koʻchat yetishtirish ilmiga va texnologiyasiga amal qilinmaydi, uning kasalliklari bilan olimlar ham, ishlab chiqaruvchilar ham shugʻullanmaydi.

Mahalliy uzumlarimiz hosildorligi Osiyoning boshqa davlatlariga nisbatan 1,5–2 baravarga kam. Qolaversa, yurtimizda yetishtiriladigan uzumlarning aksariyati danakli boʻlib, jahon bozorida danaksiziga boʻlgan talab keskin ortib boryapti. Shunday bir kezda tokzorlarning atigi 38 foizi intensiv usulda parvarishlanmoqda.

Nima uchun xoʻrakining posangisi ogʻirroq?

EastFruit ekspertlari tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, mamlakatimizda yetishtirilayotgan uzumning taxminan 71 foizi danakli navlarga toʻgʻri keladi. Urugʻsiz navlar ozchilikni tashkil etadi. Ular orasida keng tarqalgan navlar sifatida, eng avvalo, danaksiz “Qora kishmish”, keyin “Oq husayni” qayd etilgan. “Kelinbarmoq” va “Ketmonsopi” shundan soʻng sanalgan boʻlsa-da, ular ham aslida “Husayni”ning bir turi yoki duragayi hisoblanadi.

“Husayni” – Oʻzbekistonda azaldan yetishtiriladigan eng keng tarqalgan uzum navi. U murakkab ishlovni talab etmaydi, yaxshi va uzoq vaqt saqlanadi. “Qora kishmish” esa, urugʻsiz nav sifatida universal: yangi uzilgan mevalariga ichki va tashqi bozorda ham talab doim yaxshi boʻlib kelgan, qolaversa, undan eksportbop qora mayiz tayyorlanadi.

Urugʻsiz navlar orasida “Soʻgʻdiyona”ga ham eʼtibor ortmoqda. U oddiy “Qora kishmish”ga qaraganda kattaroq boʻladi. Bundan tashqari, u hoʻl mevalar bozori uchun ham, mayiz tayyorlash uchun ham mos keladi. Mayizining hajmi katta boʻlgani bois, yuqori narxlarda sotiladi.

“Rizamat F1”, “Mercedes” navlari ham keng maydonlarni egallab borayapti. Afsuski, ular danakli boʻlib, ichki bozorda xaridorgirligi bilan ajralib turadi. Eng koʻp ekiladigan navlar roʻyxatiga “Toyfi”ni qoʻshmasa boʻlmaydi. Ammo, mirishkorlarning aytishicha, barcha navlar orasida eng arzon sotiladigan uzum aynan shu boʻlgani sabab foydalanishdan chiqib borayotgan ekan.

Xoʻraki navlarga kelganda, posangini bosibroq gapirayotganimizning asosi bor.

– Dunyo bozorida har yili xoʻraki uzumga boʻlgan talab oʻrtacha 350 million dollarga oʻsmoqda, – deydi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʻi Ahtam Daliyev. – Bunday uzum boʻyicha Oʻzbekistonning eksport salohiyatini 2026-yilga borib kamida 600 million dollarga, mayiz boʻyicha 500 million dollar va tabiiy vinoda 100 million dollarga yetkazish mumkinligi hisob-kitob qilingan.

Bu oʻrinda muhim masalalardan biri uzum koʻchatchiligini rivojlantirish, koʻchatxonalar va pitomniklarning reyestrini tashkil etish hamda aniq tartibga keltirish dolzarb hisoblanadi. Zero, respublikamizning xoʻraki uzumlaridan tashqari sanoatbopiga boʻlgan talab ham ortib bormoqda. Ayniqsa, ulardan tayyorlanadigan vino va vino mahsulotlari jahon bozorida alohida oʻrin egallab boryapti.

Oʻta muhim hujjat

Prezidentimizning 2021-yil 28-iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori haqida gap ketganda, mutasaddi va mutaxassislar oʻta muhim yoki tarixiy hujjat, degan soʻzga urgʻu beradi. Buning boisi nimada?

– Mazkur hujjat bilan anchadan buyon toʻplanib qolgan muammolar oʻz yechimini topdi, – deydi qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Aziz Isroilov. – Avvalo, moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashning aniq dastaklari koʻrsatib berildi. Xususan, uzum plantatsiyasi tashkil etgan tashabbuskor tadbirkorga har bir gektar uchun 10 million soʻm, 10 gektar yerda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilsa 120 million soʻm, innovatsion usulda yetishtirilgan har bir tup uzum koʻchati uchun 5 ming soʻm miqdorida subsidiya ajratilishi koʻzda tutilgan.

Tokzorlarga shpaler oʻrnatish xarajatlarining 30 foizgacha qismi byudjetdan qoplab berilishi, uzumchilikda ishlatiladigan asbob-uskunalar va texnikalar bojxona toʻlovlaridan ozod etilishi, yetishtirilgan hosilning 30 foizi eksport qilinsa, daromad va mulk soliqlari 30 foizga, eksport 30 foizdan oshsa, 2 baravarga kamaytirilishi ham sohibkorlarni mamnun etyapti.

Sertifikatlangan uzum plantatsiyalarini tashkil etishni moliyalashtirish uchun banklarga 100 million dollar resurs mablagʻlari ajratildi. Bunda, kredit loyiha ofislari tavsiyalari asosida, 14 foizdan 3 yil imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga berilishi nazarda tutilgan.

Maʼlumki, Oltiariq tumanida gʻalla maydonlari qisqartirilib, 2 ming gektar yerda yirik uzumzorlar barpo etilgan edi. Ularda tumandagi 5 ming nafar aholi doimiy ish bilan taʼminlandi. Eng asosiysi, buning evaziga qoʻshimcha 60 ming tonna uzum yetishtirilib, uning eksporti toʻliq hosilga kirgandan keyin yiliga 200 million dollarga yetishi moʻljallangan.

Keyingi yillarda Forish, Gʻallaorol, Yangiobod, Chiroqchi, Payariq, Qoʻshrabot tumanlarida ham yangi tokzorlar barpo etildi. Shunday tajriba asosida Qoraqalpogʻiston va viloyatlardagi 44 ta tumanda yangi eksportbop uzum plantatsiyalarini tashkil etishga kirishildi.

Qarorda ushbu tajribani rivojlantirgan holda, aholi xonadonlarida uzum yetishtirishni koʻpaytirish boʻyicha noanʼanaviy usulda, yaʼni “tepasida tok – pastida sabzavot” ekish, shuningdek, voish, soʻritok usullarini keskin koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu maqsadlar uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida joriy yilda qoʻshimcha 100 milliard soʻm kredit ajratilishi belgilandi.

Bu jihatdan aholi tomorqalari katta manbaga ega. Misol uchun, Buloqboshi tumanidagi xonadonlarning oʻzida 5 ming tonna uzum yetishtirilib, 15 milliard soʻmgacha daromad olish mumkin.

Oʻtgan yilning oʻzida tumandagi 9 ta mahallaning 21 ta koʻchasida 2,7 milliard soʻmlik kredit mablagʻlari hisobiga 9,5 kilometr uzunlikda uzum ishkomlari barpo etildi. Fermer xoʻjaliklarida 200 ming tupdan ziyod, aholi xonadonlarida esa 30 ming tupdan ortiq serhosil navlar qalamchalari yetishtiriladi. Ana shu koʻchatlar evaziga besh yil mobaynida tumandagi 24 ming, yaʼni 80 foiz aholi xonadonida uzum parvarishlashga zamin hozirlash rejalashtirilgan.

Yaqinda “Uchkoʻcha” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan respublika seminarida yurtimiznig barcha hududlaridan kelgan ishtirokchilar Buloqboshi tajribasi bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega boʻldi. Mahalladagi 480 xonadonning barchasida uzum yetishtiriladi. Tormorqaning katta-kichikligi va qaroviga qarab 300 kilogrammdan 15 tonnagacha hosil olinadi, har bir oila yiliga oʻrtacha 15–20 million soʻm daromad topadi.

Ijro va samara

Darhaqiqat, qarorda uzumchilik boʻyicha jahon bozorlarida kechayotgan jarayonlar, yurtimizda vujudga kelayotgan yangi tajribalar inobatga olngan holda, sohani yanada rivojlantirishning amaliy va moliyaviy dastaklari aniq belgilab berilgan. Lekin har qanday hujjatning ahamiyatini uning ijrosi belgilaydi. Shu jihatdan olganda, 2021-yilda mamlakatimizda jami 51,3 ming gektar maydonda yangi tokzorlar barpo etildi. 160 ming gektarda, jumladan, 75 ming gektar xoʻraki, 64 ming gektar kishmishbop va 22 ming gektarda sanoatbop uzum yetishtirildi. Jami 1,8 million tonna uzum hosili yigʻib olindi.

Bu koʻrsatkichlar avvalgi yilga nisbatan ancha salmoqliroq. Sohibkorlarimizning tashqi bozorlarni egallashdagi saʼy-harakatlari esa, soha rivoji darajasini belgilaydi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda 188,1 million dollarlik 181,2 ming tonna uzum mahsulotlari eksport qilingan boʻlsa, 2021-yilda bu boradagi koʻrsatkich 207,9 million dollarni yoki 270 ming tonnani tashkil qilgan. Bu eksport xajmi 110,5 foizga oʻsganligini koʻrsatadi.

Eksport joʻgʻrofiyasida ham oʻziga xos yangilanishlarni kuzatish mumkin. Yaʼni, oʻtgan yili Litva, Estoniya, Italiya, Chexiya, Janubiy Koreya, Iroq, Eron, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Isroil, Ispaniya kabi qator mamlakatlar bozorlariga kirib borildi.

Kelgusi 3 yilda mavjud tokzorlarda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, yerda parvarishlanayotganlarini bosqichma-bosqich shpaler ustunlarga koʻtarish orqali uzum yetishtirish hajmini 2 barobarga oshirish va yillik oʻrtacha hosilni 3 million tonnaga yetkazish moʻljallanyapti.

Bu maqsadlarga erishishda yangicha tizimlar joriy etilishi taraqqiyot tayanchiga aylanadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda 48 ta tuman uzumchilikka ixtisoslashtirildi va ularga tuproq-iqlim sharoiti eng qulay boʻlgan 131,4 ming gektar yer ajratib berilyapti. Mahsulot eksport qilishning toʻliq jarayonini yaratishda 123 ta salohiyatli uzumchilik va vinochilik klasteri muhim oʻrin tutadi. Ular oʻz faoliyatini 49,4 ming gektar yer maydonida olib boradi.

Samarqand viloyati salohiyati

Hozirgi kunda Samarqand viloyatida barcha toifadagi xoʻjaliklarda jami uzumzorlar maydoni 44,1 ming gektar boʻlib, ularning 35,3 ming gektari hosilli bogʻlar hisoblanadi. Ushbu tokzorlarda bir yilda oʻrtacha 600 ming tonna uzum, 90 ming tonna mayiz tayyorlanadi.

Ushbu raqamlar Samarqand viloyati uzum yetishtirish va mayiz mahsuloti tayyorlash boʻyicha respublikada birinchi oʻrinda turganligidan dalolat beradi.

– Agar tahlillarga qaraydigan boʻlsak, sohada yaratib berilayotgan imkoniyatlar natijasida viloyatda soʻnggi toʻrt yilda 21 ming gektar yangi uzumzorlar barpo etildi, shundan, 4,9 ming gektari 2021-yilda tashkil etildi, – deydi Samarqand viloyati hokim oʻrinbosari Feruz Abilov. – Viloyat qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportining uchdan bir qismi uzum va mayiz hissasiga toʻgʻri kelayotgani ham tarmoqning hududimiz iqtisodiyotida muhim oʻrin tutishini koʻrsatib turibdi.

Hozirgi kunda mavjud uzumzorlarning 11 ming gektaridan ortigʻida tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan, buning uchun joylarda 378 ta tik sugʻorish quduqlari qurilib, foydalanilmoqda. Ushbu yoʻnalishda oʻtgan yili 137,2 milliard soʻm kredit oʻzlashtirildi.

Uzumzorlardagi toklarning 85 foizi kishmishbop, 9 foizi xoʻraki va 6 foizi sanoatbop navlar hisoblanadi. Ushbu raqamlarning oʻzi ham oldinda turgan vazifalar koʻlamini koʻrsatib turibdi. Yaqin istiqbolda xoʻraki va sanoatbop uzum navlarini koʻpaytirib, kishmishboplari bilan posangini teng holatga yetkazish, tokzorlarni shpalerlarga koʻtarish choralarini koʻrish zarur boʻladi. Qolaversa, iqtisodiy samaradorlik ham shuni taqozo etmoqda.

Hisob-kitoblarga qaraganda, 1 gektar xoʻraki uzum yetishtirish uchun oʻrtacha 100 million soʻm xarajat qilib, 4 yildan keyin yiliga 250 million soʻm sof foyda olish mumkin. Yana bir muhim jihati, 1 gektar gʻalla maydonida 2 kishi ishlab, koʻpi bilan 20 million soʻmlik mahsulot yetishtirilsa, uzumchilikda, ayniqsa, shpaler usulida 10 nafargacha aholini ish bilan taʼminlab, 300 million soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish hamda oʻrtacha 25 ming dollarlik eksport qilish mumkin. Bundan tashqari, uzum koʻchati 4–5 yillik boʻlganigacha, oraliq ekin ekish orqali yana millionlab soʻm daromad koʻrish mumkin.

– Joriy yilda 20,1 ming gektar yangi tokzorlar barpo qilish rejalashtirilgan, – deydi Feruz Abilov. – Aholi xonadonlarida uzum yetishtirishni rivojlantirish dasturlari boʻyicha 173 ta mahalladagi 81,1 ming xonadonda 1,6 million tup koʻchat ekish belgilangan. Bu vazifani bajarishga oʻtgan yil kuzida kirishilib, 33,9 ming xonadonda 604 ming tup tok koʻchatlari ekilgan boʻlsa, ayni paytda bu ishlar yakuniga yetib boryapti.

Viloyatning Ishtixon, Qoʻshrabot, Urgut, Bulungʻur, Tayloq va Payariq tumanlarida uzumchilik azaldan yaxshi rivojlangan. 43 ta mahallaning asosiy drayver sohasi uzumchilik hisoblanadi hamda 26 mingdan ortiq xonadon uzumchilikka ixtisoslashgan. Ular tomonidan bir yilda oʻrtacha 4–5 million tup koʻchat tayyorlanayotgani ularga boʻlgan ehtiyojni qoplashda alohida oʻrin tutadi.

Keyingi paytda innovatsion usulda yetishtirilgan koʻchatlarga talab oshyapti. Jumladan, Jomboydagi “Bogʻbon in-vitro” laboratoriyasida bir yilda 5 million, “Ohalik oltin bogʻi mevalari”dagi “in-vitro” laboratoriyasida 4–5 million tup sarxil navli nihollar yetishtirish quvvatlari mavjud.

Bugun dunyo tajribasida oʻzini oqlagan “mahsulot yetishtirish – yigʻishtirib olib, sifatli saqlash – chuqur qayta ishlash – qoʻshimcha qiymat yaratish – eksport” “zanjiri”ga asoslangan agroklasterlar sonini koʻpaytirish ham dolzarb vazifalardan biri.

Binobarin, viloyat uzumchilik klasterlarini ravnaq toptirish uchun katta salohiyatga ega. Undan oqilona foydalanish ishlab chiqaruvchilarga qator ustunliklar beradi. Negaki, bunday klasterlar raqobatdosh mahsulotlar tayyorlash orqali tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatini yaratibgina qolmay, balki zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy qilish tufayli ichki bozorni import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar bilan toʻldirishga ham har tomonlama koʻmaklashadi.

– Bir necha fermer xoʻjaliklari bilan hamkorlikda klaster tashkil qildik, – deydi “Shohjahon” uzumchilikka ixtisoslashgan klaster korxonasi rahbari Dilbar Jalilova. – Umumiy yer maydonimiz 455 gektarni tashkil etadi. Maqsadimiz eksportbop uzumlar yetishtirib, oz yerdan koʻp daromad topish. Qiymati 30 milliard soʻmlik loyiha toʻliq amalga oshirilgach, gektaridan 6 ming tonna hosil olish niyatidamiz. Uning 3 tonnasi eksport qilinadi. 2024-yilga kelib 820 kishi ishli boʻladi.

Sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida esa, joriy yilda viloyatda 20 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishi taʼminlanadi.

Innovatsiya – rivojlanish tayanchi

Bugungi kunda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi ekinlari davlat reyestriga 50 ta uzum navi kiritilgan. Keng imkoniyatlar hamda tabiiy resurslarga ega boʻlgan Oʻzbekiston uchun bu anchayin kam, albatta. Ilmiy tadqiqotlar asosida hududlar tuproq-iqlim sharoitiga mos boʻlgan uzumlarning yangi navlarini yaratish dolzarb masala hisoblanadi.

– Xorijiy tajriba asosida uzumning hosildor, danaksiz, sovuqqa va kasalliklarga chidamli yangi navlarini yaratish Innovatsion rivojlanish vazirligi zimmasidagi asosiy vazifalardan biri hisoblanadi, – deydi Ahtam Daliyev. – Uni amalga oshirish uchun vazirlik tomonidan 14 ta fundamental va amaliy loyihaga qariyb 15 milliard soʻm grant mablagʻlari ajratilgan. Ularni amalga oshirish natijasida bogʻlar va uzumzorlarga ishlov berish uchun yuqori samarali, resurslarni tejovchi uskunalar, uzumchilik mashinalari jamlamalari, yuqori klirensli portal rusumidagi traktorlar ishlab chiqariladi.

Uzumlarning agrobiologik xususiyatlarini oʻrganish asosida esa eksportbop xoʻraki va istiqbolli texnik navlarni hosil qilish, eskirgan tokzorlarni qisqa muddatda yangilash uchun sara nihollarni in vitro uslubida koʻpaytirish va onalik koʻchatlarini yaratish kabi loyihalar boʻyicha ham amaliy ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Genomika va bioinformatika markazida molekulyar DNK markerlar yordamida ilk bor Markaziy Osiyodagi 150 dan ortiq uzum navining genetik pasporti, Yevropa komissiyasining GENRES 081 standarti boʻyicha Markaziy Osiyo uzum navlarining maʼlumotlar bazasi shakllantirilgan. Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi buyurtmasiga koʻra, uzumning hozir keng ekilib parvarishlanayotgan 135 dan ortiq mahalliy navining genetik pasportini yaratish ustida ish ketmoqda. Germaniyalik hamkorlar bilan birga, uzum genomining genetik xaritalari tuzilib, kasallikka chidamli genlariga genetik birikkan molekulyar markerlar aniqlandi. Ular asosida birinchi marta uzum seleksiyasini ikki barobar tezlashtiradigan, markerlarga asoslangan seleksiya platformasi yaratilib, amaliyotda keng qoʻllanmoqda.

Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan uzumning qator mahalliy va qadimiy navlari, jumladan, istiqbolli sakkizta navi – “Shardone”, “Pino-gri”, “Sovinyon”, “Kaberne”, “Dyubre de Marsel”, “Puke”, “Qizil Malvaziya”, “Alfons lavale” navlari in vitro usulida koʻpaytirildi. Sanoatbop uzumning 8 navi uchun import oʻrnini bosuvchi maxsus sunʼiy ozuqa muhiti tuzildi. Eksport salohiyati yuqori boʻlgan mahalliy xoʻraki uzum navlarining urugʻsiz muqobillarini yaratish boʻyicha ilmiy izlanishlar davom etmoqda.

Xalqimiz azalu avval yetti xazina deganda, sigir, tovuq, asalari, ipak qurti, objuvoz (moyjuvoz), tegirmon va oʻrmonni nazarda tutgan. Hozirgi kunda esa, bu haqda gap borganda, ziroatchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, quyonchilik va pillachilik tilga olinadi. Aslida har ikki holatda ham hech bir yanglish yoʻq, ularning bitmas-tuganmas xazina deyilishi, oʻzidan-oʻzi koʻpayishga moyilligi bilan izohlanadi.

Uzumchilik ziroatchilikning tarkibiy qismlari sirasiga kirsa-da, bu tarmoq ayni kunda sakkizinchi xazina sifatida iqtisodiyotimizda muqim oʻrin egallab boryapti, yurt maʼmurligiga xizmat qilyapti. Maʼmurchilik esa el dasturxonini toʻkin, sohibkorlar mehnatini manfaatli va gʻururini sarbaland qiladi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi