Mazkur sammit ahamiyati va “Samarqand ruhi”ning globallashuv jarayonidagi dunyoga ta'siri haqida O'zbekistonning SHHT ishlari bo'yicha milliy koordinatori Rahmatulla NURIMBETOV quyidagilarni gapirib berdi:

— Samarqand ming yillar mobaynida g'arb va sharqni, shimol va janubni, turli tsivilizatsiyalarni birlashtirib turgan, insoniyat tamadduni yo'lida xizmat qilgan qadimiy va hamisha navqiron shahardir. Samarqand zaminida ilm-fan, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda hayotni farovonlik o'zaniga burib yuboruvchi ilg'or va bunyodkor g'oyalar shakllangan.

Bugungi dunyoda o'zaro bog'liqlik tendentsiyalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlatlarning rivojlanishi bir-biriga tobora bog'liq bo'lib boryapti. Masalan, biror davlatda qandaydir inqiroz yuz bersa, bu ko'p o'tmay qo'shni mamlakatlarda ham aks etib, ta'sir kuchini tez o'tkazmoqda. Shunga qaramay, afsuski, ayrim rivojlangan davlatlar o'rtasida o'zaro ishonch ruhi yo'qolayotganini ham ko'rib turibmiz. Bu geosiyosiy raqobat kuchayishiga sabab bo'layotgani bor gap. O'z navbatida, bunday qaltis vaziyat boshqa davlatlar taraqqiyoti va ularning barqaror rivojlanishiga salbiy ta'sirini ko'rsatyapti. Shuningdek, xalqaro hamkorlikka putur etkazyapti.

Shunday ziddiyatli vaziyatlar, tahlikali davrda Samarqand sammitining ahamiyatini anglash qiyin emas. Chunki SHHT o'z nomi bilan hamkorlik uchun faoliyat ko'rsatayotgan tashkilot. O'tgan yigirma bir yil ichida tashkilot shu printsipni oqlab kelmoqda. Aynan mana shunday model` nafaqat mintaqa yoki tashkilotga a'zo davlatlar, balki butun dunyo uchun juda muhimdir.

Har bir siyosiy jarayon o'ziga xos fenomenga ega. Samarqandda bo'lib o'tadigan sammitni ham yangi siyosiy-diplomatik fenomen, deyishimiz mumkin. Boisi, bu sammit o'ziga xos “Samarqand ruhi”ni yaratmoqda.

Endi “Samarqand ruhi” haqida gapirganda, avvalo, aytish joizki, bu O'zbekistonning, qolaversa, butun Markaziy Osiyoning tamaddunga boy merosini o'zida mujassam etadi. O'zaro foydali savdo, faol hamkorlik, samimiy muloqot, ishonch muhiti, maslahatlashuv ruhi aynan Samarqand fenomenida o'z ifodasini topmoqda.

Nima uchun biz “Samarqand ruhi” haqida gapiryapmiz? Chunki bu ruh O'zbekistonning yangi tashqi siyosatidan ozuqa oladi. Prezidentimiz yuritayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat aynan “Samarqand ruhi”ga asos bo'ldi.

2017-yilda Samarqand shahrida Markaziy Osiyoda ilk bor yangi hamkorlik va ishonch muhitiga asos solgan xalqaro konferentsiya bo'lib o'tgan edi. Shu tariqa Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan yangi siyosiy jarayon aynan Samarqand zaminidan ruh olgan. Bugungi “Samarqand ruhi” negizida ham Markaziy Osiyodagi mana shunday iliq muhit — o'zaro hamkorlik va samimiy ishonch tamoyili turibdi.

Shanxay hamkorlik tashkilotida “Shanxay ruhi” ham mavjud. O'zaro hurmat, tenglik, maslahatlashuvlar va madaniyatlar xilma-xilligiga hurmat bilan qarash kabi tamoyillar “Shanxay ruhi”ni tashkil qiladi.

Bu, albatta, mamlakatimizning buyuk tarixida namoyon bo'lgan tushunchalar. Shu jihatdan “Samarqand ruhi”ning “Shanxay ruhi” bilan o'zaro bog'liqligida yana bir ramziy jihatni ko'rish mumkin. Ular bir-birini to'ldiradi va boyitadi. Markaziy Osiyo SHHTning geografik o'zagi hisoblanadi. Tashkilot tarixi ham Markaziy Osiyo davlatlari bilan chambarchas bog'liq. SHu ma'noda, 2017-yilda Samarqandda boshlangan jarayon SHHT uchun ham katta yutuq bo'ldi.

“Samarqand ruhi”ning bugungi dunyodagi ahamiyati haqida to'xtaladigan bo'lsak, mana shu ishonch va hamkorlik muhiti zamonaviy dunyo mamlakatlari, shuningdek, jahon iqtisodiyoti uchun juda muhim ekanini ko'ramiz.

Bir so'z bilan aytganda, O'zbekiston ilgari surayotgan “O'zgarayotgan dunyo uchun yanada keng hamkorlik va yanada mustahkam ishonch” tamoyili aynan “Samarqand ruhi”ni belgilab beradi, deyish mumkin.