Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yillik anjumani boʻlib oʻtadi

    Turizm 2 Fevral 2023 985

    Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovning yozishicha, bu anjuman mamlakatimiz turizm salohiyatini yana bir bor keng namoyish etish imkoniyatini yaratadi.

    Joriy yilning 16-18-may kunlari Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yillik anjumani boʻlib oʻtadi.

    Bu haqda madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov maʼlum qildi. Vazirning yozishicha, ushbu nufuzli xalqaro tadbirga tayyorgarlikning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida yurtimizga tashrif buyurgan YETTB Bosh kotibi Kazuxiko Koguchi bilan uchrashdi.

    YETTBning yillik anjumaniga butun dunyodan 73 ta bank boshqaruvchilari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda turli kompaniyalar vakillaridan iborat 2 mingga yaqin mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu Oʻzbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish barobarida, mamlakatimiz turizm salohiyatini yana bir bor keng namoyish etish imkoniyatini yaratadi.

    Shuningdek, boʻlajak nufuzli tadbirga tashrif buyuradigan xorijlik mehmonlar yurtimiz nomoddiy madaniy merosining eng sara namunalari, jozibador turizm salohiyati, gastronomiyasi, hunarmandchiligi va folklor sanʼati bilan yaqindan tanishadi.

    "Darvoqe, janob Kazuxikoning taʼkidlashicha, mazkur nufuzli anjumanni jahon miqyosida keng targʻib qilish maqsadida YETTB veb-saytida alohida sahifa ochiladi. Bu ham biz uchun muhim.

    Oʻylaymizki, xalqaro tadbir doirasida muhokama qilinadigan barcha masalalar hamkorlikni mustahkamlash, jonajon Vatanimizning iqtisodiy salohiyatini oshirish va jahondagi imijini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi, deydi vvazir.