“ANTE B.V.” kompaniyasi sutni qayta ishlash korxonalari uchun asbob-uskunalar va zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, yiliga 6 million litr echki, qoʻy va sigir sutini qayta ishlash quvvatli zavodga ega. Kompaniya oʻz sheriklarini doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlashga intiladi, jumladan, mutaxassislar kasb mahoratini oshirishga qaratilgan treninglar oʻtkazib keladi.
X.Xekking Samarqand viloyatining Bulungʻur tumanidagi fermer xoʻjaliklaridan biri bazasida sutni qayta ishlash zavodi faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Mazkur loyiha Niderlandiya Korxonalarni qoʻllab-quvvatlash agentligining (RVO) grant mablagʻlari va kompaniyaning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hisobiga bajariladi.
Shuningdek, “ANTE-Uzbekistan” qoʻshma korxonasini tashkil etish koʻzda tutilgan. Yangi tuzilma Niderlandiyadan zamonaviy texnologik uskunalar yetkazib berish, shuningdek, mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish, ishlab chiqarish korxonalariga texnik xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadi.