Qayd etilishicha, oʻtkazilgan reyd tadbirlarida tabiatga katta miqdorda zarar yetkazilgan qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Xususan, Qoradaryo daryosining Samarqand viloyatidan oqib oʻtuvchi, Oqdaryo tumaniga tutash qismida bir guruh fuqarolar tomonidan tungi soat 02:00 da noqonuniy ravishda qum-shagʻal qazib olinayotganligi va holat joyiga yaqin tosh maydalash sexiga olib borilayotganligi maʼlum boʻldi. Natijada tabiatga 118 mlrd zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona ekskavator va 2 ta yuk tashuvchi transport vositalari jarima maydoniga joylashtirildi.
Shuningdek, Zarafshon daryosining Samarqand viloyatidan oqib oʻtuvchi, Toyloq tumaniga tutash qismida ham bir guruh fuqarolar tomonidan tungi soat 04:30 da Zarafshon daryosidan noqonuniy ravishda Zarafshon milliy tabiat bogʻi hududidan 7 ta ekskavator va 25-30 ta yuk tashuvchi transport vositalaridan foydalangan holda qum-shagʻal qazib olinayotganligi hamda tosh maydalash sexlariga olib borilayotganligi aniqlandi. Bu qonunbuzarlik oqibatida tabiatga 708 mlrd yetkazilgan zarar yetkazilgan.
Holat boʻyicha barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona ekskavator va 3 dona yuk tashuvchi transport vositalari tegishli tartibda jarima maydoniga joylashtirildi.
Dastlabki oʻrganishlar davomida aniqlanishicha, Zarafshon milliy tabiat bogʻi hududida noqonuniy qazish ishlari doimiy ravishda olib borilganligi sababli bogʻ hududida 7 gektar yashil maydon yoʻq boʻlib ketgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan toʻplangan hujjatlar tegishli chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yilning 17-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 14-sonli Farmoniga koʻra, 2024-yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan. Moratoriy davrida qum-shagʻal materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi.