2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida bu yil yurtimizda turizm xizmatlari eksportini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan.
Bu borada mamlakatimizda, xususan, viloyatda zarur ishlar qilinyapti. Xususan, davlatimiz rahbarining tegishli qarorida “Samarqand – Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” targʻibot kampaniyasi oʻtkazish belgilangan. Shu maqsadda Samarqand shahrida “Aviation & Logistics Forum” II xalqaro aviatsiya forumi tashkil etiladi. Samarqand jahon turizm tashkilotining navbatdagi yigʻilishiga ham mezbonlik qiladi. Umuman, bu yerda yil davomida yigirmadan ortiq xalqaro forum va anjumanlar oʻtkaziladi.
Yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ham shu yildan foydalanishga topshirilib, sayyohlarni qabul qila boshlaydi. Yangi turizm koʻchalari, turizm qishloqlari barpo qilinadi va shunga mos ravishda infratuzilma yaratiladi, xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.