2023-yil 4-iyul kuni Samarqand viloyati Jomboy tumanida yashovchi 71 yoshli K.R. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda joriy yilning 4 iyul kuni soat 06:30 da o'zini boshqaruvida bo'lgan “SPARK” rusumli avtomashinasida Jomboy tuman markazida harakatlanayotgan vaqtida, yo'l-yo'lakay shu yerda bo'lgan ayolni avtomashinasiga yo'lovchi sifatida olib, uni Jomboy tumani Zarafshon mahallasida joylashgan o'rmon xo'jaligi hududiga olib borishiga kelishib, so'ngra ayolni aytgan manziliga olib borayotib, hojatga chiqish maqsadida avtomashinasini to'xtatib, avtomashinadan tushgan vaqtida, noma'lum ayol uning ruxsatisiz unga tegishli avtomashinaning rul boshqaruviga o'tirib, avtomashinani noma'lum tomonga olib qochgani, ayolga nisbatan qonuniy chora ko'rishni so'ragan.
Ushbu avtomashinani qidirib topish maqsadida, viloyat miqyosida "To'sib ushlash" tadbiri e'lon qilinib, barcha YPX maskanlariga, YHXB xodimlariga bu haqda xabar berilgan. Natijada jabrlanuvchiga tegishli avtomashina noma'lum ayol tomonidan Tayloq tumani Galabotir mahallasi hududida boshqarib borayotgan vaqtida to'xtatilib, undan ushbu avtomashina tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. Ushbu ayolning shaxsiga aniqlik kiritganda, u Jomboy tumani Dehqonobod mahallasida yashovchi 21 yoshli D.N. ekanligi va spirtli ichimliklar ta'sirida bo'lganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jomboy tumani IIB huzuridagi Tergov bo'linmasi tomonidan D.N ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, D.N. protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda jinoyatning kelib chiqish sabablari o'rganilmoqda, tergov davom etmoqda.
Ma'lumot uchun, yuqorida ko'rsatilgan jinoyatni sodir etganlik uchun Jinoyat kodeksida 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq jazo qo'llanilishi belgilangan.