Turizm xizmat koʻrsatish sohasini ragʻbatlantiradi hamda shu orqali aeroportlar, vokzallar, umuman, transport tizimi, mehmonxonalar, xostellar, oilaviy mehmon uylari, shuningdek, umumiy ovqatlanish, savdo, hunarmandlik, madaniyat va sanʼat sohalari rivojining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu sabab mamlakatimizda turizmni yangi bosqichga koʻtarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2023-yil 11-sentyabrdagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida mamlakatimizda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish, hududlarda xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish boʻyicha aniq maqsadlar belgilab berilgan.
Oʻtgan hafta, yaʼni 7-fevral kuni Prezidentimiz raisligida oʻtgan navbatdagi videoselektor yigʻilishi hududlarda xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlandi. Unda koʻtarilgan masalalar, keltirilgan raqamlar, belgilangan vazifalar beixtiyor davlatimiz rahbarining jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyat ekani, biz yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot hamda ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyatning ana shu ikkita mustahkam ustunga tayanmogʻimiz lozimligi haqidagi fikrlarini shuurimizda qaytadan jonlantirdi.
Biz nazarda tutayotgan yigʻilishda oʻnlab mavzular qatori tilga olingan quyidagi masala mohiyatiga eʼtibor bering-a. Taʼkidlanishicha, Shahrisabzda Oqsaroy, Xivada Ichan qalʼa, Buxoroda Labi hovuz, Toshkentda “Yangi Oʻzbekiston” maydonlari boʻlsa-da, ularda konsert, koʻrgazma, forumlar oʻtkazish boʻyicha reja qilinmagan. Agar oʻzimizdagi mavjud turistik markazlarda xalqaro darajadagi sanʼatkorlar konsertlari tashkil qilinsa, mehmonxona, restoran, kafe, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari sayyohlar bilan gavjumlashadi. Shu munosabat bilan mutasaddilarga kamida 1 million sayyohni olib keladigan konsert, biznes forum va koʻrgazmalar oʻtkazish dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Faraz qiling, agar shu topshiriq toʻliq uddalansa, raqamlar karrasiga oshib ketishi hech gap emas. Negaki, mamlakatimizning boy tarixi, madaniy merosi, hududlar infratuzilmasi har bir viloyat, shahar, tumanlarda katta va yirik anjumanlar oʻtkazish imkonini beradi. Ayniqsa, shu paytga qadar Samarqand, Toshkent, Fargʻona viloyatlari, Qoraqalpogʻistonning qator tuman va shaharlari mezbonlik qilib kelayotgan ochiq osmon ostidagi festivallar, konsertlar, biznes forumlar koʻlami va nufuzini oshirishga barcha sharoitlar bor.
***
Oʻtgan asrning 80-90-yillari italyan estradasining yuksalish choʻqqisi, yulduzli davri sifatida tarixga kirgan. San-Remo shahrida har yili mamlakat estrada yulduzlari ishtirokida shu nom bilan xalqaro musiqiy festival oʻtkazilardi. Unda asosan mahalliy xonanda va bastakorlar ishtirok etar, xorijlik qoʻshiqchilar orasida esa yurak yutib sahnaga chiqaman, degani sanoqli boʻlardi. Ammo dunyoning deyarli barcha davlatidan musiqa shinavandalari Italiyaga yetib kelar, misli koʻrilmagan qimmat narxda chipta sotib olib, festivalni bevosita konsert zalida tamosha qilardi. Sahnadagi chiqishlar jarayoni va gʻoliblarni taqdirlash marosimi televideniye orqali berilar, millionlab tomoshabinlar ekran qarshisiga mixlanardi.
Ayni oʻspirinlik paytimiz biz besh-oʻn sinfdosh goh biznikida, goh boshqa doʻstimnikida yigʻilib, San-Remo festivaligi muxlislik qilardik. Axir magnitofon tasmalari, gramplastinkalarda biz qoʻshiqlarini uzzukun tinglaydigan xonandalar sahnada jonli kuylashar, kuylaganda ham dunyo musiqa shinavandalariga zavq ulashib ijro qilishardi-da. Bolalik va balogʻat yoshi tafakkuri ila doʻstlarim bilan qachondir oʻsha dunyoni mahliyo qilayotgan konsertga borish, teleekran orqali emas, bevosita oldi qatorlarda oʻtirib tomosha qilish orzusi bilan shirin suhbatlar qurardik. Qachondir ulgʻayib, yetarli mablagʻ toʻplab, Italiyaga boramiz, deb bir-birimizga soʻz berardik.
Keyinchalik katta sinfga oʻtganimizda hamma oʻz qiziqishi, oʻz iqtidoriga koʻra turli yoʻnalishlarga ogʻib ketdi. Kamina adabiyot, badiiy ijodga mehr qoʻydim. Gazeta, jurnal, kitoblarga oshno boʻldim. Ayniqsa, hajviya, satira va yumor yoʻnalishidigi bitiklarni sevib mutolaa qilardim. Oʻsha kezlar “Gabrovo latifalari” oʻqarmanlar orasida ommalashgan edi. Nashrlarda shu ruknda hajviy asarlar eʼlon qilinar, Gabrovo latifa va hangomalari kitob holida chop etilardi. Qiziqsam, Bolgariyaning “Jahon yumor poytaxti” deb nom olgan Gabrovo shahrida har yili satira va yumor festivali ham oʻtkazilib, unda ushbu yoʻnalishda ijod qiladigan qalamkashlar qatnashar, kulgi anjumani haftalab davom etar va turli mamlakatlardan nafaqat ijodkorlarni, balki badiiy ijodning minglab oddiy muxlislarini ham jamlar ekan. Oʻzimni bir-ikki hajviy mashqlar muallifi, deb his qilib, keyinchalik, albatta, Gabrovo kulgi anjumanida qatnashaman, dunyoda yagona satira va yumor muzeyini koʻraman, degan maqsadni koʻnglimning bir chekkasiga tugib qoʻydim.
Bu endi bolalik, oʻsmirlik xotiralari. Vaqt oʻtib, maqsadlar, qiziqishlar, sharoitlar oʻzgarib, San-Remo va Gabrovoga borish niyati chekindi. Xoʻsh, unda yuqoridagi ikki holatni nega esladim? Asosiysi, musiqa yoki hajviyot anjumanlari emas. Gap ana shu va shu kabi tadbirlar dunyoning turli burchaklaridan minglab mehmonlarni jalb qilishida.
Maqolani tayyorlash asnosida internet tarmogʻida bir maʼlumotga duch keldim: 1950-yildan buyon muntazam oʻtkazib kelinayotgan San-Remo musiqa festivali Italiya gʻaznasiga millionlab daromad keltiradi. Oʻtgan 2024-yilda mamlakat ushbu tadbir ortidan 60 million, reklamalar hisobiga esa 42 million yevro ishlab olgan. Festival kunlari shaharga keladigan sayyohlar soni 3 barobar ortgan.
Bolgariya boʻyicha sayyohlar eng koʻp tashrif buyuradigan hudud ham Gabrovo ekan. Ming-minglab odam atayin festival oʻtadigan inshootlar, muzey, turli hajviy personajlarga qoʻyilgan haykallarni koʻrgani keladi. Bu daromad degani, bu madaniyat va maʼnaviyat ortidan kelayotgan moddiy, iqtisodiy barqarorlik deganidir.
***
Videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz jon kuydirib koʻtargan masalaning mohiyatida maʼnaviyatni iqtisodiyotga, iqtisodiyotni maʼnaviyatga xizmat qildirish maqsadi mujassam. Darhaqiqat, boshqa davlatlar, iqtisodiyotlar turli shakl va yondashuvlar orqali eplashtirib kelayotgan ushbu vazifani shuncha imkoniyat va sharoit, boy madaniy meros, tabiiy qulayliklarga ega mamlakatimizda ham uddalashning vaqti keldi.
Darvoqe, imkoniyat va sharoitlar haqida. Imkoniyat ham, sharoit ham bor, tan olaylik, davlatimiz rahbari saʼy-harakati bilan ular soni hamda salmogʻi tobora ortib boryapti. Masalan, Turizm qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, sohada kechayotgan islohotlar tufayli Jahon turizm tashkiloti Oʻzbekistonni turizm xizmatlaridan tushgan tushumlar (eksport) boʻyicha dunyo boʻylab “ikkinchi eng yaxshi yoʻnalish” sifatida koʻrsatdi. Jahon iqtisodiy forumi tomonidan eʼlon qilingan “Sayohat va turizmni rivojlantirish indeksi” tadqiqotiga koʻra, Oʻzbekiston 2024-yilda “Turizmni rivojlantirish boʻyicha dunyoning eng faol mamlakati”, deb topildi.
London shahrida boʻlib oʻtgan marosimda yurtimiz nufuzli “Wanderlust Reader Travel Awards 2024” mukofotining “Eng yaxshi rivojlanayotgan yoʻnalish” nominatsiyasida gʻolib boʻldi. “Wanderlust” jurnali Buyuk Britaniyaning 1-raqamli sayohat jurnali hisoblanadi.
Yana videoselektorga qaytsak. Yigʻilish kun tartibi hududlarda xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish mavzusida ekan, u oʻzida qanday masalalarni jamladi? Uch yil oldin bu borada katta dastur qilingan edi va u bugun natijasini beryapti. Servis sohasida qoʻshimcha 1,5 million aholi doimiy daromadga ega boʻldi. Xizmatlar miqdori 2018-yildagi 19 milliard dollardan 65 milliard dollarga oshdi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari, moliyaviy xizmatlar, turizm, aviatsiya, taʼlim va tibbiyot sohalarida “katta sakrash” boʻldi.
Xizmat yoʻnalishida eng katta soha — turizm. Soʻnggi yillarda 90 dan ortiq davlat bilan aloqalar yaxshilangani natijasida xorijlik sayyohlar soni qariyb 4 karra oshdi. Oʻtgan yili turizm xizmatlari eksporti 3,5 milliard dollar boʻldi. Lekin mamlakatimizning salohiyati bundan ancha yuqori. Masalan, Malayziya va indoneziyalik musulmonlar umraga borishdan oldin allomalarimiz qabrini ziyorat qilishni xohlaydi. Yigʻilish davomida ular uchun “Umra plyus” xizmati yoʻlga qoʻyilishi vazifasi va ushbu topshiriqqa masʼullar belgilandi.
Ijtimoiy sohalarda ham imkoniyatlar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Masalan, oʻtgan yili “Tibbiy xizmatlar mehmondoʻstligi” dasturi yoʻlga qoʻyilgan edi. Bu xorijiy fuqarolarni davolash va eksportni oshirish uchun qulaylik. Soʻnggi sakkiz yilda 125 ta yangi oliy taʼlim tashkiloti ochilgan. Lekin bu sohadagi eksport imkoniyatlarga mutlaqo mos emas. Yoki boʻsh turgan ayrim madaniyat va sanʼat markazlarini ham xususiy sektorga berish mumkin.
Bu yil xizmatlar hajmini 15 foiz oshirib, 82 milliard dollarga, eksportini esa 8,5 milliard dollarga yetkazish, sohada 2,5 million odamni daromadli qilish moʻljallangan. Yigʻilishda imkoniyatlar bundan ham koʻpligi taʼkidlandi, ularni hayotga tatbiq etishda hudud va sohalarda yaxlitlik yetishmayotgani kabi muammolar tahlil qilinib, ularning yechimlari koʻrsatib oʻtildi. Shuningdek, soʻnggi yetti yilda aholi daromadi va toʻlov qobiliyati 2 karra oʻsgani natijasida xizmatlarga talab ortayotgani qayd etildi.
***
Sayyohlik deganda faqat tashqaridan kelib-ketuvchilar emas, oʻz fuqarolarimizning ham mamlakat boʻylab harakatlanishi tushuniladi. Yaʼni ichki turizmni rivojlantirish orqali xorijiy sayyohlarni koʻproq jalb qilish mumkin. Shu maqsadda yurtimizda “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil” dasturi ishga tushirgan. Uning doirasida respublika boʻylab korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda mahallalardagi aholining sayohatlari yoʻlga qoʻyilgan.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2022-yil 30-apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida oʻquvchi, talaba va yoshlarni yurtimizning diqqatga sazovor joylari, qadimiy yodgorliklar, muqaddas qadamjolar bilan tanishtirish maqsadida “Vatanimning tarixini oʻrganaman” va “Moziyga sayohat” loyihalarini amalga oshirishga amaliy qadam tashlandi.
Sayyohlar oqimi koʻpayishi yaratilgan sharoitga bogʻliq. Bugun dunyo tabiati muvozanatidagi beqarorlik eko va etnoturizmga alohida eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan yurtimizda etnoturizmni rivojlantirish va ulardan turizm tashrif obyekti sifatida foydalanish maqsadida Samarqand viloyatida 9 ta, Toshkent viloyatida 3 ta, Buxoro va Fargʻona viloyatlarida esa 1 tadan mazkur turizm turiga ixtisoslashgan korxonalar roʻyxati shakllantirildi. Bu obyektlarda sayyohlarni qabul qilish uchun sharoitlar yaratilib, turistik tashkilotlar bilan hamkorlikda sayyohlik dasturlariga kiritildi.
2024-yilda turizm sohasida jami 2,8 milliard dollarlik 591 loyiha amalga oshirilib, 19 ming 428 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Turistik salohiyati yuqori boʻlgan 20 ta tuman va shahar boʻyicha qiymati 50 million dollarlik investitsiya jalb qilish yuzasidan loyiha paketlari hamda yangi loyihalarning manzilli roʻyxati shakllantirildi.
Mart, aprel va may oylarida barcha hududlarda “Ichki turizm yarmarkalari” oʻtkazildi. Tadbirga ichki turizm yoʻnalishidagi 1700 ga yaqin tadbirkorlik subyekti, 18 mingdan ortiq ishtirokchi tashrif buyurdi. Yarmarka doirasida ichki sayohatlarni tashkil etish bilan bogʻliq 1300 dan ortiq shartnoma va bitim imzolandi.
Ichki turizm qamrovi kengayib borgani sari sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga talab ham ortib borishi tabiiy. Ana shu omilni hisobga olib, sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi 1866 ta yangi turistik tashkilot faoliyati yoʻlga qoʻyildi va ularning soni 3686 taga yetkazildi.
***
Yuqorida mavjud maydonlar, inshootlar, turistik markazlarda xalqaro darajadagi sanʼatkorlarning konsertlari, koʻrgazma, forumlar oʻtkazish, shunda mehmonxona, restoran, kafe, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari sayyohlar bilan yanada gavjum boʻlishi masalasi ham videoselektor yigʻilishida alohida tilga olinganiga eʼtibor qaratgan edik. Shu oʻrinda bir muhim yangilik haqida toʻxtalmoqchimiz. Endi sayyohlar uchun oʻzlari tashrif buyurgan hududda turli teatr tomoshalarida ishtirok etish, musiqali shoular uyushtirish, havo sharida ekskursiya qilish, borgan obyektlari tarixi haqida qisqa metrajli filmlar tomosha qilish hamda boshqa yangi xizmat turlaridan foydalanish imkoni yaratiladi.
Shuningdek, sayyohlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida qoʻshimcha 400 yangi gid-tarjimon oʻqitilib, oʻrnatilgan tartibda faoliyati yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan. Buxoro, Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida 4 ta turizm klasteri, Fargʻona viloyatida 1 ta turizm rekreatsion zonasi, Boʻstonliq hamda Shahrisabzda 2 ta dor yoʻli foydalanishga topshiriladi.
***
Bugun Oʻzbekistonda xalqaro “Sharq taronalari”, Baxshichilik sanʼati, “Lazgi”, Jahon hunarmandlik, maqom, askiya sanʼati, “Dunyo sado”lari milliy estrada sanʼati, “Boysun bahori” folklor festivallari, “Ipak va ziravorlar”, “Atlas” bayramlari singari nufuzli anjumanlar, madaniyat kunlari, tasviriy va amaliy sanʼat koʻrgazmalari hamda boshqa muhim tadbirlarni oʻtkazish tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Soʻnggi yillarda bunday anjumanlar koʻpaydi. Ayniqsa, Samarqandda oʻtayotgan anʼanaviy “Sharq taronalari”, Xiva mezbonligidagi “Lazgi” festivallari va qator anjumanlar dunyo sanʼat shaydolarini birdek oʻziga jalb qilib kelyapti. Bu qaysidir maʼnoda Oʻzbekistonning jahon ahlini tinchlik-totuvlikka, qardoshlik va ahillikka chaqiradigan ezgu daʼvat boʻlib ham jaranglamoqda.
Maqola davomida oʻsmirligimiz Italiya va Bolgariya safari orzusi bilan oʻtganini yarim armon, yarim havas bilan misol qilgandik. Ishonch bilan aytish mumkinki, zaminimiz bugun mezbonlik qilayotgan madaniyat va sanʼat anjumanlari mohiyat-eʼtiboriga koʻra San-Remo va Gabrovo festivallaridan ortiq boʻlsa ortiqki, aslo kam emas. Yana ishonamizki, dunyoning qaysidir davlatlarida ushbu madaniyat va sanʼat bayramlariga kelish, ishtirok etish, bevosita tomoshabin boʻlishni orzu, maqsad qilayotgan oʻsmirlar, havasmandlar kun sayin koʻpayib boryapti.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
(Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2025-yil 13-fevral 31-sonida chop etilgan)