Keyingi yillarda respublikamizda oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talab va ehtiyojni ichki imkoniyatlardan toʻliq foydalangan holda qoplash hamda oʻzimizda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chet davlatlarga eksport qilishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan gʻalladan boʻshagan maydonlarga takroriy ekinlarni joylashtirish asnosida ichki bozor ehtiyojlari va aholi talabi qondirilmoqda. Tabiiyki, takroriy ekinlarni ekishda zamonaviy, innovatsion texnologiya va agregatlarga talab ortadi.

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali olimlari innovatsion agregat  yaratishdi. Mazkur oʻquv dargohida Ismoil Ergashev rahbarligidagi ilmiy xodimlardan iborat ratsionalizatorlar guruhi tomonidan tuproqqa ishlov beruvchi-ekuvchi kombinatsiyalangan agregat ixtiro etdi.

Yangi kombinatsiyalashgan agregat bir vaqtning oʻzida takroriy ekin ekiladigan maydondagi somonni maydalash, tuproqqa ishlov berish, joʻyak olish, kimyoviy oʻgʻitlar bilan oziqlantirish singari 8 ta texnologik jarayonlarni amalga oshirishi bilan ahamiyatlidir.

Innovatsion kombinatsiyalashgan agregat asosan, makkajoʻxori, soya singari takroriy ekinlarni ekishga moʻljallangan. Turdosh agregatlarga nisbatan ish unumdorligi ham ancha yuqori. Uskuna orqali soatiga 0,58 gektar yer maydoniga takroriy ekinlarni ekish imkoniyati mavjud. Innovatsion agregat viloyatning Oqdaryo va Urgut tumanlari dalalarida sinovdan oʻtkazilgan boʻlib, yaxshi ijobiy natijalar qoʻlga kiritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intelektual mulk agentligi tomonidan samarqandlik olimlarning ushbu innovatsion agregati uchun ixtirochilik patenti berildi.

Hozirgi vaqtda “Agromash BMKB” AJ tomonidan ushbu innovatsion kombinatsiyalashgan agregatni sanoat usulida ishlab chiqarish boshlab yuborildi. Institut olimlarining taʼkidlashicha, dastlabki agregatlar Urgut innovatsion tumani uchun ishlab chiqariladi. Maʼlum muddat davomida takroriy sinovdan oʻtkazilgach, respublikamiz qishloq xoʻjaligi tarmogʻining talab va taklifiga koʻra ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Tuproqqa ishlov beruvchi-ekuvchi kombinatsiyalashgan innovatsion agregatning texnik qulayliklar va imkoniyatlar “Oʻzagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasining tegishli mutaxassislari bilan hamkorlikda turli iqlim sharoitlarida sinovdan oʻtkazilmoqda, deb xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.