Musiqa sanʼati har qanday mamlakat ijtimoiy, madaniy taraqqiyoti rivojlanishida eng taʼsirchan, samarali vositalardan biri sanaladi. Yurtimizda ham madaniyat va sanʼat sohasini izchil rivojlantirish, mazkur yoʻnalishdagi muassasalar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelinayotir.
Maʼlumki, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi mamlakatimizda musiqiy bilim beradigan yagona oliy taʼlim muassasasi sanaladi. 2002-yilda mazkur oliy oʻquv yurti uchun yangi bino qurilib, zamonaviy talablar asosida jihozlandi. Konservatoriya qoshida iqtidorli yoshlar uchun musiqa akademik litseyi tashkil etildi. Mazkur oliy oʻquv yurtining nufuzi va maqomini oshirish uchun unga Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi nomi berildi.
Prezidentimiz 2017-yil 3-avgust kuni ijodkor-ziyolilar vakillari bilan uchrashuvda madaniyatimiz, adabiyot va sanʼatimizni rivojlantirish bilan bogʻliq dolzarb masalalar, ularni hal etish yoʻllari, bu borada ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar haqida atroflicha fikr bildirdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining bugungi faoliyati, jumladan, qabul kvotalari, oʻquv dasturlari va qoʻllanmalari, professor oʻqituvchilarning ilmiy va ijodiy salohiyati, muassasaning moddiy-texnik bazasi, musiqa sanʼatini rivojlantirish, musiqiy taʼlim tizimini sifat jihatidan yuqori bosqichga koʻtarish borasidagi ishlar xususida ham soʻz yuritildi.
2017-yil 8-avgustda Prezidentimizning “Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yana-da rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Mazkur hujjatda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yana-da rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturi bayon qilindi. Oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar samarasi oliy oʻquv yurti moddiy-texnik bazasi, oʻquv dasturlarida, kadrlarni qayta tayyorlash va xalqaro aloqalarda oʻz aksini topmoqda.
Musiqa – inson ruhiyatining ifodasi
Sanʼatning ajralmas qismi boʻlgan musiqaning oʻziga xos jihatlaridan biri shundaki, u tarjima qilinmaydi. Bir millat vakili yaratgan yaxshi musiqani barcha xalqlar tushunadi va zavqlanadi. Shu sabab dunyo xalqlari bir-birining oʻlmas musiqalarini tinglaydi, tushunadi va qadrlaydi.
Shu oʻrinda milliy musiqamizga bogʻlab misol keltirib oʻtsam. Mumtoz musiqalarimiz ohang sehrini, qudratini anglamagan ayrim yoshlar bunga eʼtiborsizlik qilayotgan bir paytda unga nafaqat Sharq mamlakatlari, shuningdek, Yevropada ham oʻzgacha qiziqish bilan qaralmoqda. Xususan, “Shashmaqom”ni Yevropa mamlakatlarida musiqa mutaxassislari, ixlosmandlari ham turli konsert va festivallarda tinglab, baholab keladi. Uni Germaniya, Fransiya musiqa mutaxassislari tadqiq qilyapti, hatto chang sozida ishtiyoq bilan ijro etib beryapti. Ular shunchaki musiqa chala bilish isteʼdodini namoyon qilish uchun emas, “Shashmaqom”ga qiziqib, ohangiga maftun ekanligini taʼkidlagan holda oʻrganayotgani gʻurur va havas uygʻotadi.
Musiqaning dunyo xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirishdagi kuchi, insonparvarlik ruhini singdirishdagi taʼsiri haqida ham misollar bilan aytib oʻtish mumkin. Dunyoda koʻplab musiqa festivallari oʻtkazib kelinadi. Shular qatorida “Sharq taronalari”, xalqaro “Maqom” festivali juda katta nufuzga ega. Endilikda bu xalqaro musiqa festivallarida Sharq mamlakatlari bilan birga, qator Yevropa xalqlari musiqachilari ham jon deb qatnashib kelyapti va ularni boshqa xalqlar tinglovchilari yaxshi qabul qilyapti.
Ha, sanʼatning xalqlarni, jamiyatni birlashtira olishida chuqur falsafa bor.
Taʼlim xalqaro aloqalarda rivojlanadi
Taʼlim muassasamiz dunyoning koʻplab sanʼat dargohlari bilan hamkorlik qilib keladi. Jumladan, Rossiya, Italiya, Fransiya, Kuvayt, Tojikiston, Qozogʻiston, Germaniya, AQSH sanʼat muassasalari bilan aloqalarimiz yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.
Biz, avvalo, qardoshlarimizni yaxshi bilishimiz va qadrlashimiz kerak. Qozogʻiston sanʼat universiteti — Yevropa konservatoriyasi assotsiatsiyasi (AYES) aʼzosi. Katta tajriba va malakaga ega ushbu universitet bilan yaqin aloqadamiz. Hamkorlikda koʻplab tanlov, tadbirlar oʻtkazib kelamiz.
Qozogʻiston milliy sanʼat universiteti ham “European Association of Conservatoires (AEC)” tarmogʻiga kiradi va dunyoga mashhur koʻplab musiqachilar bilan hamkorlik qiladi. U bilan taʼlim muassasamiz oʻrtasida memorandum imzolangan. Akademik va ilmiy taʼlim almashinuvi, ijodiy hamkorlikka doir loyihalarni amalga oshiryapmiz. Qoʻshma fakultetlar va taʼlim yoʻnalishlarini ochish boʻyicha kelishuv imzolangan.
Joriy yil 4-iyun kuni Nur-Sulton shahrida Qozogʻiston davlat simfonik orkestri bilan birgalikda konsert qoʻydik. Tadbir juda koʻtarinki ruhda oʻtdi. Professor-oʻqituvchilar bilan uchrashuvlar, mahorat darslari tashkil etildi. Buni qaysidir maʼnoda tajriba almashuv deb baholash mumkin. Shu marosimda menga faxriy professor unvoni berilganini, avvalo, Oʻzbekiston milliy musiqa sanʼati, akademik maktabiga berilgan yuksak baho, Prezidentimiz tomonidan sanʼatga qaratilayotgan alohida eʼtiborning eʼtirofi deb qabul qildim.
Qozogʻiston teatrlari Oʻzbekistonga gastrol — safarlari bilan kelmoqda, oʻzbek teatrlari, yakkaxon solistlari Qozogʻistonda konsert berayotir. Ikki mamlakat madaniyat va sanʼat namoyandalarining ijodiy uchrashuvlari, oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida talabalar almashinuvi, oʻqituvchilarning malaka oshirish jarayoni jadal tus oldi. Bugun talabalarimiz Qozogʻistonning eng ilgʻor, jahon reytinglariga kirgan universitetlariga borib, tajriba almashib, oʻquv kurslarida qatnashib kelayotgani yoki ularning magistrlari taʼlim muassasalarimizda ilmiy ish olib borayotgani yaqin kelajakda oʻz natijasini berishi shubhasiz.
Dunyo musiqa sanʼati sahnasiga munosib isteʼdodlarimiz bor
Mutaxassis sifatida aytishim mumkin, xalqimiz isteʼdodlarga boy. Hatto chekka-chekka qishloqlarda ham oʻzimizning Paganini, Betxovenlarimiz borki, dunyo sahnalariga olib chiqishga arziydi. Bugungi kunda dunyoning eng nufuzli teatrlari, orkestrlari, eng katta sahnalarida ham musiqachilarimiz oʻz sanʼatini namoyish qilyapti. Dunyoning eng old musiqachilari safiga kira oladigan kadrlar yetishib chiqyapti. Bunga xorijda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan Bekzod Abduraimov, Najmiddin Mavlonov kabilarni misol qilib keltirish mumkin. Bunday nufuzli sanʼat dargohlariga ishga taklif olish, umuman, u yerda ishlash uchun juda katta iqtidor boʻlishi, koʻplab xalqaro talablarga javob berish kerak. Yurtimizda katta isteʼdod egalari oz emas.
Yagona oliy musiqa oʻquv yurti boʻlgan konservatoriyaning oʻquv jarayonini samarali tashkil etish, ilmiy salohiyatini oshirish, ijodiy muhitni yuksaltirish bilan birga, bugungi kunda tahsil olayotgan talabalar ertaga oʻqishni bitirgandan keyin qayerga boradi, qay tarzda oʻzining bilimi, salohiyati, ijodini koʻrsatib, namoyon qila oladi, degan savol ham meni qiynaydi. Boisi, talaba oliy taʼlimda tahsil olayotgan paytda uni xalqaro festival, tanlovga olib chiqishga institutsional yoʻnaltira olamiz. Bizda imkoniyat, eng asosiysi, vakolat bor. Lekin oʻqishni bitirib ketganidan keyin uni qoʻlidan yetaklab, qoʻllab-quvvatlab turadigan tashkilot yoki odamlar boʻlmaydi. Agar shu masalaning mexanizmini oʻylab topsak, soddaroq aytganda, kvotalarimizni prodyuserlik markazlari, orkestr, teatrlarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantirsak, ertaga talabalarimiz oʻsha joyda faoliyat yuritadi.
Bu borada konservatoriyada bir qancha ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, 2020-2021 oʻquv yilidan konservatoriya qoshida mustaqil faoliyat olib boradigan markaz ochib, isteʼdodli talabalarni jalb qilyapmiz. Bu kabi chora-tadbirlar ertaga taʼlim tizimining sifati oshishiga xizmat qiladi, albatta.
Ayni paytda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida xorijiy mamlakatlardan kelgan bir qancha talabalar tahsil olmoqda. Bu ham qaysidir maʼnoda xalqaro tajriba. Boisi, oʻzga yurtdan kelgan musiqachi bazaviy bilimlarini shakllantirib keladi bu yerga. Oʻsha yerdagi tajribani oʻzining tengqurlari bilan oʻrtoqlashadi. Bundan tashqari, chet ellik soha mutaxassislarini taʼlim jarayoniga jalb qilish boʻyicha ham qator ishlar olib borilmoqda.
Xalqaro aloqalarni jadallashtirish maqsadida dunyoga mashhur kompozitor, kuvaytlik doktor Amir Jaʼfar rektor maslahatchiligiga taklif qilindi va ayni paytda u Oʻzbekistonda faoliyat yurityapti. Yaqinda Qatar taʼlim va madaniyat fondi bilan tajriba almashish borasida muzokaralar olib borildi. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga birinchi marta qatarlik doktorant qabul qilindi.
Ziyolilar yaxshi biladi, Italiyaning Milan konservatoriyasi dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Yaqinda mazkur muassasa bilan hamkorlik memorandumini imzoladik. Ana shu hujjat doirasida bir qancha loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Joriy yil sentyabr oyida ana shu konservatoriyadan dunyoga taniqli dirijyor kelib, mahorat darslari olib boradi. Uning katta konsert namoyish etishi ham rejalashtirilgan.
AQSHning dunyoga mashhur Kyortis universiteti bilan ham hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. U dunyo musiqiy oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida kuchli 100 talikka kiradi. Uch nafar talabamiz ana shu universitetda akademik almashinuv loyihasi doirasida qisqa muddatli kurslarda oʻqiyapti.
Keyingi yillarda sohaga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli aytishga arzigulik yutuqlar qoʻlga kiritilmoqda. Jumladan, oʻtgan yili konservatoriyaning Nukus filiali tashkil etildi. Yangi musiqiy guruhlar ochildi. Masalan, konservatoriyaning Musiqiy teatr-studiyasi qoshida xalq cholgʻulari orkestri tashkil etildi. Zamonaviy musiqa laboratoriyasi ham faoliyat boshladi. Unda “ustoz-shogird” anʼanasi asosida zabardast ustozlar yordamida yosh bastakorlar uchun maʼruzalar, amaliy mashgʻulotlar, qiziqarli loyihalar, konsertlar va tanlovlar oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining jahon miqyosidagi maqomini koʻtarish, Yevropa va Osiyo mamlakatlari bilan aloqalar oʻrnatish yoʻlida ulkan qadam tashlandi. Bir necha oy ichida koʻplab mamlakatlar bilan ikki tomonlama hamkorlik toʻgʻrisidagi qator memorandumlar imzolandi. Bunga Juzeppe Verdi nomidagi Milan konservatoriyasi, Chung-Ang universiteti (Janubiy Koreya) bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalarini misol keltirish mumkin. Shuningdek, Yevropa konservatoriyalar assotsiatsiyasi (AYEC) aʼzosi boʻlgan Qozogʻiston milliy sanʼat universiteti bilan aloqalar oʻrnatilgani yuqorida ham aytib oʻtildi. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida chinakam isteʼdodli yoshlar koʻp, bu jahon musiqa maydonida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Soʻnggi yilda 100 ga yaqin iqtidorli talabamiz xalqaro tanlovlar gʻolibiga aylandi. Masalan, Buyuk Britaniyada oʻtgan “Golden time”, Rossiyada oʻtgan “Iskusstvo bez granis” va “Rrimavera”, Meksikada oʻtkazilgan “Talents of the 21st sentury” va “Villahermosa” tanlovlari, Qozogʻistonning Nur-Sulton shahrida oʻtkazilgan “Samal” IV Xalqaro onlayn tanlovlarida talabalarimiz gran-pri va faxrli oʻrinlarga munosib koʻrildi.
Bundan tashqari, konservatoriya muntazam ravishda turli mamlakatlarning taniqli madaniyat arboblari ishtirok etadigan xalqaro konferensiyalarning tashabbuskori va tashkilotchisiga aylandi. Shu bilan birga, koʻplab talaba va oʻqituvchilarimiz xalqaro musiqa tanlovlari, konferensiya va festivallarda ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Bunday muvaffaqiyatlarga erishishda taʼlim dargohida yaratilgan shart-sharoit, imkoniyat, texnik taʼminotgacha muhim ahamiyatga ega.
Oʻqituvchilarimiz yozgan darsliklar va monografiyalar nashr etilmoqda. Konservatoriyaning 85 yilligi munosabati bilan oʻtkaziladigan tadbirlarda Z0 ga yaqin davlatdan mehmonlar kelishi kutilmoqda. Konservatoriya madhiyasi uchun tanlov eʼlon qilingan. Muassasa tarixiga bagʻishlangan kitob chop etiladi, hujjatli film yaratilyapti. Albatta, bularning barchasi konservatoriyani yana-da rivojlantirish, uning mavqeini yuksaltirish barobarida Oʻzbekiston sanʼati va madaniyatining chet ellarda targʻib qilinishiga hissa boʻlib qoʻshiladi.