Sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama etildi

    Sanoat 4 Oktabr 2022 1294

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari N.Q. Xolmurodov boshchiligida respublikadagi tashkil etilgan sanoat zonalari (maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari) boʻyicha videoselektor yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Respublikada jami 22 ta erkin iqtisodiy zonalar, 503 ta kichik sanoat zonalari va 211 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etilgan.

    Mazkur yigʻilishda vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli rahbar va mutasaddilari ishtirok etdi.

    Yigʻilishda, respublikaning barcha sanoat zonalaridagi boʻsh yer maydonlarni auksion savdolariga chiqarish, shuningdek yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish boʻyicha tegishli bank rahbarlari, viloyat hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo boʻyicha oʻrinbosarlari va direksiya direktorlariga koʻrsatmalar berildi.

    Shuningdek, rejadagi amalga oshirilayotgan loyihalarni oʻz muddatida ishga tushirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyundagi “Hududlarda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tashkil etish va ularni muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–271-son qarorida berilgan topshiriqlarni ijrosini oʻz muddatida taʼminlash maqsadida tarmoq korxonalari bilan muhandislik kommunikatsiya obyektlarini qurishni tezlashtirish va ushbu qaror bilan ajratilgan mablagʻlarni oʻzlashtirilishini jadallashtirish taʼkidlab oʻtildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.