Chunki bu yoʻlda samarali mehnat qilayotgan usta dehqonlar vaqtning qadriga yetadi, undan unumli, maqsadli foydalanish yoʻllarini izlaydi.
Bu xususida soʻz aytganda, fargʻonalik tomorqachilarning amaliy ish tajribasi eʼtiborga molik. Keyingi yillarda tomorqadan bir necha bor hosil olish va moʻmay daromadga ega boʻlish borasida yangi ish tajribalari hayotga tatbiq etilmoqda. Katta-kichik gap-gashtaklarda suhbat mavzusi, albatta, dehqonchilik, tomorqachilikdan moʻl daromad olish, oila farovonligi, hududlar obodligi haqida boʻladi, tajriba almashiladi.
Dehqonchilikda innovatsiyalarni joriy etish borasidagi yutuqlar salmogʻi yildan yilga ortib bormoqda. Natijada mahallalardagi pastqam, paxsa devorli uylar oʻrnida zamonaviy meʼmorchilik andozalari bilan uygʻunlashgan, shinam xonadonlar boʻy koʻrsatmoqda. Deyarli har bir oila zamonaviy avtomashinaga ega boʻlyapti.
Fargʻona tumani “Fargʻona” mahalla fuqarolar yigʻinida bu borada koʻplab ibratli ishlar qilinmoqda. Hududdagi 810 ta xonadon egalari tomorqachilikni barqaror daromad manbai deb biladi. Bu yerda qish faslida ham bodring, pomidor, qalampir yetishtirish ommalashgan. Jumladan, Alisher Akbarov adirlarda issiqxona tashkil qilish borasida tajriba toʻplagan dehqonlardan. U 50 sotix yerda bodring, 1 gektar yerda qalampir parvarishlab keladi.
— Mavsumda 25 tonna bodring, 20 tonnadan ziyod qalampir hosili olamiz, — deydi dehqon. — Keyingi yillarda issiqxonalar faoliyatini rivojlantirish, qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor oshdi. Energiya taʼminoti, soliq sohasidagi imtiyozlar ham faoliyatimiz samarali boʻlishida oʻziga xos tayanch vazifasini oʻtayapti. Mahalliy bozordan tashqari Yevropaga ham mahsulot yetkazib berishni koʻzlayapmiz. Buning uchun imkoniyatlar yetarli. Hozirda Niderlandiyadan olib kelingan bodring navlarini mahalliy sharoitda sinovdan oʻtkazyapmiz. Natija kutilganidek. Yangi navlar iqlim sharoitimizga mos keldi. Hosildorligi yuqori. Bundan tashqari, tabiiy biologik qoʻshimchalar bilan boyitilgan ekologik toza organik sabzavotlar yetishtirish ustida ishlayapmiz.
Mahalla fuqarolar yigʻinida bunday innovatsion gʻoyalarni targʻib etish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Aholiga dehqonchilik madaniyatini oshirish, tomorqadan unumli foydalanish uchun koʻmaklashilmoqda. Sara urugʻ, mahalliy va kimyoviy oʻgʻit, zarur anjomlar yetkazib berish singari qoʻshimcha xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan.
— Saksondan ortiq xonadon tomorqasidagi issiqxonalarda bodring, pomidor, qalampir va boshqa sitrus mevalar yetishtiriladi, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Ulugʻbek Ibrohimov. — Oʻtgan yili issiqxona qurish istagini bildirgan tashabbuskor 10 kishiga 200 million soʻmlik kredit berildi. Buning hisobiga 20 dan ortiq odamning bandligi taʼminlanib, doimiy daromadga ega boʻldi. Joriy yilda yana 30 xonadonda issiqxonalar tashkil etish yuzasidan mikroloyihalar ishlab chiqildi.
Issiqxona sharoitida yuqori hosil olish uchun oʻsimliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish, fitosanitar talablarga amal qilish juda muhim. Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan “Dolzarb 30 kunlik” tadbiri eʼlon qilindi. Uning doirasida “Karantin xizmati — dehqonga koʻmakchi” shiori ostida hududlardagi issiqxonalarda zararli organizmlarga qarshi uygʻunlashgan kurash choralari koʻrilmoqda.
— Karantin inspektorlari joylarga borib, sayyor, mobil laboratoriya orqali agroklaster, fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda aholi tomorqalaridagi issiqxonalarda fitosanitariya holatini nazorat qilyapti, — deydi Fargʻona tumani fitosanitariya laboratoriyasi mudiri Abdurauf Maqsudov. — Asosiy maqsad issiqxonada yetishtirilayotgan sabzavot va sitrus ekinlarni zararli hasharotlardan himoyalash va ularga qarshi kurashish yuzasidan issiqxona egalariga kerakli tavsiya, tushunchalar berishdir. Bu amaliy chora-tadbirlar fitosanitariya jihatidan toza qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini va sifatini oshirish, eksport miqdorini koʻpaytirish imkonini beradi.
Fargʻona viloyatidagi 260 gektardan ortiq maydonda sanoatlashgan zamonaviy issiqxonalar tashkil etilgan. Ularda nafaqat yerdan unumli foydalanish, balki yil davomida bozorgir sabzavot mahsulotlarini yetishtirish mumkin. Mazkur issiqxonalar maydonining katta qismi aniq ixtisoslashuv asosida faoliyat yuritayotgani iqtisodiy barqarorlik, oziq-ovqat xavfsizligi va ijtimoiy farovonlikni taʼminlashga xizmat qilayotir. Ayni kunlarda innovatsion loyihalar asosida 86 gektar yerda pomidor, 24 gektarda bodring, 4 gektarda bulgʻori va achchiq qalampir yetishtirilyapti.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri