Sanoatni geologiyasiz rivojlantirib bo'lmaydi

    2018 yil 26 dekabrda har yil aprel` oyining birinchi yakshanbasini geologiya sohasi xodimlari kuni, deb belgilash to'g'risida qonun qabul qilindi.

    Mamlakatimizda soʻnggi yillarda geologiya sohasi va fani rivojiga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. 2018-yil 26-dekabrda har yil aprel oyining birinchi yakshanbasini geologiya sohasi xodimlari kuni, deb belgilash toʻgʻrisida qonun qabul qilindi. Prezidentimizning 2020-yil Oliy Majlisga Murojaatnomasida 4 ta asosiy fan qatorida geologiyani ham tubdan takomillashtirish vazifasi qoʻyildi. 2020-yil 6-iyunda “Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish choratadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Oʻsha yilning noyabrida esa “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan geolog” faxriy unvoni taʼsis etildi.

    Davlatimiz rahbari 2020-yil 31-yanvarda poytaxtimizning Olimlar koʻchasida joylashgan Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurib, ilmiy xodimlar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan suhbatlashdi. Suhbat asnosida “Bir paytlar Oʻzbekistonda geologiya ancha rivojlangan, raqobatbardosh soha edi. Hatto boshqalar kelib, yurtimiz mutaxassislaridan tajriba oʻrganib ketardi. Lekin oxirgi oʻttiz yilda bu soha eʼtibordan chetda qolib ketdi. Bor salohiyatni saqlab qololmadik. Olimlarga yoʻnalish, ragʻbat boʻlmadi. Zamonaviy kadr lar yetishib chiqmadi. Aslida geologik tadqiqotlar iqtisodiyotning hamma sohalari uchun kerak. Tashxissiz bemorni operatsiya qilib boʻlmaganidek, geologiyasiz sanoatni rivoj lantirib boʻlmaydi. Biz bugun shu soha rivojiga asos boʻladigan ilm dargohiga poydevor qoʻymoqdamiz”, deya alohida taʼkidladi.

    Geologiya sohasining asosiy vazifasi yer osti foydali qazilmalarini qidirish, topish va ishlab chiqarishga jalb etishdan iborat. U mamlakat iqtisodiyoti va xalq farovonligini taʼminlash, davlatning mineral-xomashyo, uni qayta ishlash va mahsulot ishlab chiqarishga boʻlgan talab va ehtiyojini qondiruvchi asosiy boʻgʻinlardan biri sanaladi.

    Mamlakatimizning Fargʻona, Chodak, Angren, Olmaliq, Marjonbuloq, Navoiy, Zarafshon, Zafarobod, Gazgʻon, Uchquduq, Xonjiza, Gazli, Muborak, Qorovulbozor, Koʻkdumaloq kabi koʻrkam shahar va qoʻrgʻonlari geologlarimiz qidirib topgan yer osti boyliklarini oʻzlashtirish natijasida barpo etilgan va rivojlangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi mamlakatimiz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish, foydali qazilmalardan foydalanish, yer qaʼrini oʻrganish va muhofaza qilish hamda konchilik munosabatlarini nazorat qilish boʻyicha yagona davlat siyosatini yurituvchi vakolatli organ hisoblanadi. Qoʻmita tasarrufidagi 12 ta ishlab chiqarish korxonasi, universitet va 4 ta ilmiy-tadqiqot institutida jami 14 ming nafarga yaqin ishchi va xizmatchi faoliyat koʻrsatadi. Qoʻmita faoliyati samaradorligini oshirish, sohaga fan yutuqlari, zamonaviy texnologiya va ishlab chiqarishning ilgʻor usullarini qoʻllash maqsadida xorijdan tajribali mutaxassislar jalb etilgan. Geologik qidiruv ishlari Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati, Fransiyadagi “ORANO”, Yaponiyadagi “JOGMEC”, Turkiyadagi “MTA” kabi chet el kompaniyalari buyurtmalari asosida, asosan, Davlat byudjeti, qisman yer qaʼridan foydalanuvchi mahalliy va chet el korxonalari mab lagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Davlat byudjeti hisobidan bajariladigan geologik qidiruv ishlari davlat das turlari doirasida boʻlib, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, jozibador investitsiya jalb qiladigan yangi konlarni qidirib topish va oʻzlashtirishga yoʻnaltirilgan. Geologik qidiruv ishlari natijasida aniqlangan foydali qazilma konlari tegishli tartibda yer qaʼridan foydalanuvchi “Oʻzbekneftgaz” MXK, “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AK, xorijiy investorlar va xususiy tadbirkorlarga oʻzlashtirish uchun taqdim etiladi. Shuning hisobidan davlat byudjetiga soliq tushimi koʻpayadi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Masalan, 2019-yilda foydali qazilmalar va yer qaʼridan foydalanganlik uchun toʻlangan soliq koʻrinishidagi daromadlar 10,6 trillion soʻmga yetdi. Bu esa mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti (511,8 trillion soʻm)ning 2,07 foizini tashkil etdi (2018-yilga nisbatan 1,5 barobar koʻp). 2021-yilda yer qaʼridan foydalanganlik uchun toʻlanadigan soliqlar summasi 12 trillion soʻmdan oshishi kutilmoqda.

    Bugungi kunda geologik-qidiruv ishlari va foydali qazilma konlarini oʻzlashtirishga xorijiy va mahalliy investorlar mablagʻlari keng jalb etilayotgani hisobga olinsa, ushbu turdagi soliq tushumlari yana-da oshishi shubhasiz.

    Geologiya qidiruv ishlari ayni paytda, asosan, “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “Oʻzbekneftegaz” AJ kabi yirik ishlab chiqarish korxonalarining mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va kengaytirishga qaratilyapti. Gidrogeologiya yoʻnalishida olib borilayotgan geologik-qidiruv ishlari esa respublikamiz aholisi va qishloq xoʻjaligini suv bilan taʼminlashga yoʻnaltirilgan. Boshqa turdagi foydali qazilmalar (volfram, tantal, niobiy, berilliy, nikel, kobalt, kamyob yer elementlari, kvars, bazalt, fosforit va boshqalar)ni oʻrganish va qidirish ishlari yangi turdagi ishlab chiqarish korxonalarini yaratish va mamlakatimizga investitsiya jalb qilishga imkon yaratadi.

    2020-yil 1-yanvar holatiga koʻra, 1604 ta kon hisobga olingan boʻlib, uning 1032 tasi qurilish materiallari , 277 tasi uglevodorodlar, 102 tasi qimmatbaho metallar, 71 tasi togʻ-kon xomashyosi, 39 tasi radioaktiv metallar, 35 tasi togʻ-kimyo xomashyosi, 24 tasi rangli toshlar, 12 tasi rangli va kamyob metallar, 7 tasi koʻmir va yonuvchi slaneslar va 5 tasi qora metallardan iborat.

    Soʻnggi 4 yil ichida davlat balansidagi foydali qazilmalar zaxiralari sezilarli darajada oʻsdi. Jumladan, oltin zaxiralari — 336,3 tonnaga, uran — 20,6 ming tonna, mis — 468,5 ming tonna, volfram — 26,5 ming tonna, kumush — 1110 tonna, qoʻrgʻoshin — 95,4 ming tonna, rux — 100,8 ming tonnaga koʻpaydi.

    Respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan togʻ-kon sanoati korxonalari ayni paytda uzoq kelajakka yetadigan mineral-xoma shyo bazasi bilan taʼminlangan. “Olmaliq KMK” AJ balansidagi mis, molibden, oltin va kumush maʼdan zaxiralari, qoʻrgʻoshin va rux hamda “Navoiy KMK” AJ balansidagi oltin maʼdan zaxiralari kamida 50 yil, uran zaxiralari 20 yil, “Oʻzbekneftgaz” AJ balansidagi gaz va kondensat zaxiralari esa 40 yildan koʻpga yetadi. Bundan tashqari, Angren va boshqa koʻmir qazib olish tashkilotlari, Qizilqum fosforit fabrikasi, Qoʻngʻirot soda zavodi, Tyubekotan kaliyli oʻgʻit ishlab chiqarish korxonasi, Xoʻjaikon va boshqa osh tuzi ishlab chiqaradigan korxonalar, sement ishlab chiqaradigan katta va kichik ishlab chiqarish majmualari ham uzoq yillarga yetadigan xomashyo bazasi bilan taʼminlangan.

    Bugungi kunda nomaʼdan foydali qazilma konlarini oʻzlashtirish hududlar iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hududlarda koʻplab noruda qazilma boyliklarini qayta ishlovchi katta va kichik tadbirkorlik korxonalari barpo etilyapti. Masalan, respublikamiz boʻyicha 790 ta konda litsenziya asosida 1874 tadbirkor noruda qazilma konlarini oʻzlashtirish, 1724 ta litsenziya asosida yangi konlar ochish va ularni qazib olishga tayyorlash uchun geologiya qidiruv ishlari olib borilmoqda. Bu borada Toshkent, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlari tadbirkorlari yetakchilik qilyapti. Pirovardida ushbu viloyatlarda yangi ish oʻrinlari tashkil etilyapti, hududlar iqtisodiyoti sezilarli darajada rivojlanyapti.

    Respublikamiz oltin, uran, mis, mineral oʻgʻitlar zaxiralari miqdori va ularni qazib olish boʻyicha dunyoda yetakchi oʻrinda turadi. Ayni paytda ishlab chiqarishni koʻpaytirish natijasida mamlakatimizga investitsiyalar jalb qilishga zamin tayyorlandi. Bundan tashqari, 7 ta volfram, 2 ta kumush, 2 ta qoʻrgʻoshin va rux, 3 ta temir, 2 ta yonuvchi slanslar, 3 ta fosforit konlari mavjud boʻlib, ularni oʻzlashtirishga investitsiya jalb qilish uchun xalqaro standartlar darajasida zarur texnik-iqtisodiy asos va geologiya-texnologik ishlar amalga oshirilmoqda.

    Keyingi paytda ishlab chiqarish va ilmiy izlanishlarga jalb qilingan asbobusk una hamda texnik jihozlar eskirib, deyarli yaroqsiz darajaga kelib qolgan edi. Soʻnggi yillar davomida Prezidentimiz tashabbusi bilan geologiya sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, sohaning 56 foiz moddiy- texnik bazasi modernizatsiya qilindi. 2018-2020-yillar mobaynida 70 xildan ortiq zamonaviy asbob-uskuna va laboratoriya jihozlari xarid qilindi. 2021-yilda yana 19 turdagi 104 ta zamonaviy texnika va uskunalar xarid qilinishi rejalashtirilgan.

    Ayni paytda geologiya qidiruv ishlarida Boart Longyear (AQSH), Fordia (Kanada), Atlas Copco (Shvetsiya), Hanjin D&B Equipments va boshqa dunyodagi yetakchi kompaniyalarning burgʻulash uskunalaridan foydalanilyapti. Ushbu burgʻulash uskunalari ish samaradorligi oyiga 8001000 metrni tashkil etmoqda. Burgʻulash quduqlaridan olinayotgan kernlar zamonaviy o mborxonalarda xalqaro standartlar asosida saqlanib, ishlab chiqarishga joriy etilyapti.

    Shuningdek, togʻ jinslaridan olingan namunalar kimyoviy tarkibini dala sharoitida aniqlash va saralash imkonini beradigan Innov-X, Horiba SLFA-2100/2800, X-MET8000 hamda boshqa koʻchma rentgenofluoressent analizatorlardan foydalanilmoqda.

    Bundan tashqari, Prezidentimiz taklifi asosida sohaning bugungi holatini chuqur oʻrganish, uni zamonaviy darajaga olib chiqish, jahon talablariga moslashtirish boʻyicha “USGS” (AQSH) geologik xizmati, “Voston Consulting Group” xalqaro konsalting kompaniyasi kabi nufuzli xorijiy tashkilotlarning malakali mutaxassislari fikri inobatga olingan holda, yangicha yondashuv asosida respublikamizning 2021-yilgi Mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish davlat dasturi ishlab chiqildi.

    Dasturning asosiy yoʻnalishlari, moliyav iy manbalari, ijrochilari va muddati aniq belgilangan. Dasturda sanoatbop va talabgir qazilma boyliklariga ega yangi konlarni qidirib topish, oʻzlashtirishga tayyorlash, kam oʻrganilgan hamda choʻkindi togʻ jinslari bilan qoplangan hududlarda geologik xaritalash, maxsus izlash ishlarini kengaytirish asosiy yoʻnalish sifatida tanlangan. Ushbu ishlar masofadan zondlash, aerogeofizik, geokimyoviy uslubl arni keng qoʻllash, olingan geologik namunalarni zamonaviy laboratoriyalarda kompleks oʻrganish va tahlil qilish asosida amalga oshiriladi.

    Dasturda davlat geologiya fondi va tashkilot fondlarida saqlanayotgan barcha hisobot va maʼlumotlarni toʻliq raqamlashtirishga erishish, respublika hududining mayda va oʻrta oʻlchamdagi yangi avlod geologik mazmundagi interaktiv xaritalarini yaratish vazifasi belgilangan. Shuningdek, respublika mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish, birinchi navbatda, qimmatbaho, rangli va kamyob metallar, uran, yer osti suvlari, neft va gaz yoʻnalish larida geologiya-qidiruv ishlarini olib borishda ilgʻor texnologiyalarni keng qoʻllash, ularning zaxiralari va bashoratli resurslarini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Dala sharoitida mehnat qilayotgan xodimlarga ishlash va yashashi uchun qulay shart-sharoit yaratish, dala geologiya qidiruv ishlari sifati va samaradorligini xalqaro talablar darajasiga koʻtarish — asosiy vazifalarimiz sirasiga kiradi.

    2020-yil mobaynida soha ishchi-xodimlarini maʼnaviy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ular uchun munosib yashash va dam olish sharoitini yaratish maqsadida Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida 64 ta zamonaviy uy qurilib, yangi Geologlar qoʻrgʻonchasi barpo etildi. Va bu uylar, asosan, yosh geologlarga berildi.

    Bugungi kunda sohada kadrlar tayyorlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Davlat geologiya qoʻmitasi tasarrufida Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi, 4 ta ilmiy-tekshirish instituti uning tarkibiga kiritildi. Hozirgi kunda ushbu oʻquv va ilmiy-tekshirish muassasalari uchun yangi bino — yirik kompus qurish ishlari jadal surʼatda davom etmoqda. Qurilish ishlari joriy yil avgust oyida yakunlanib, yangi oʻquv yilida toʻliq foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

    Davlat geologiya qoʻmitasi ilmiy-tekshirish institutlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, unda faoliyat yuritayotgan xodimlar ilmiy potensialini oshirish, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv reja va dasturlarini ishlab chiqarish jarayoni bilan bogʻlash, eng asosiysi, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash borasida chora-tadbirlar belgilangan.

    Davlatimiz tomonidan sohaga berilayotgan yuksak eʼtibor biz, geologlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi, vatanimiz ravnaqi, iqtisodiyot negizi boʻlgan mineral xomashyo bazasini yana-da boyitish uchun shijoat bilan mehnat qilishga undaydi.

    Bobir ISLAMOV,

    Davlat geologiya va mineral resurslari qoʻmitasi raisi