SAP kompaniyasiga Oʻzbekistonda mintaqaviy ofisini ochish taklif etildi

    Xalqaro hamkorlik 19 May 2022 1600

    18-mayda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov SAP kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda istiqbolli yoʻnalishlarda, jumladan, taʼlim va IT-tadbirkorlik sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik olib borish masalalari muhokama etildi.

    Qayd etilganidek, bugungi kunda Oʻzbekistonda xorijiy IT-kompaniyalar va IT-mutaxassislari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. IT-Park rezidenti boʻlgan xorijiy IT-kompaniyalarga infratuzilma va soliq imtiyozlari taqdim etiladi. Xorijiy IT-mutaxassislar va ularning oila aʼzolari uchun vizalar olishning soddalashtirilgan “IT Viza” tizimi joriy etildi.

    Uchrashuv davomida kompaniya ishtirokida kadrlar malakasini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish, yangi telekommunikatsiya texnologiyalari va xizmatlarini joriy etish masalalariga eʼtibor qaratildi.

    AKT sohasida hamkorlik qilish va kelgusida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha fikrlar almashildi.

    Shu bilan birga, AKT vazirligi tomonidan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish maqsadida, kompaniyaga Oʻzbekistonda mintaqaviy ofisini ochish boʻyicha takliflar berildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.