Ushbu kasallikni kelib chiqishi va rivojlanishiga homilador ayollarda kechadigan anemiya, surunkali yoki o'tkir infeksiya, virusli kasalliklar, gormonal, neyrogumoral omillar, yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikoh sabab bo'lishi mumkin.
Ammo, sardobalik Jasminada paydo bo'lgan tug'ma yurak nuqsoniga koronavirus inspeksiyasi, stress va kamqonlik sabab bo'ldi.
Qizning onasi Sardoba tumanining Birlashgan mahallasida istiqomat qilayotgan Karimaxon Yuldasheva homiladorlik paytida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanib qoladi. Shifokorlar nazorati ostida davolanadi. Kamqonligi va turli stresslar sabab, COVID kasalligi unda og'ir o'tdi. Farzandi tug'ma yurak nuqsoni bilan tug'ildi.
Xullas, Karimaxon jajji qizalog'ini olib bir u, bir bu shifoxonaga yugurdi. Unga shifokorlar tomonidan yordam ko'rsatildi. Biroq, bu kutilgan natijani bermadi. Eng oxirgi tekshiruvdan so'ng, yurak-qon tomiridagi teshik dametiri 17 milimetrdan katta bo'lib ketganligi uchun mutaxassislar tezda jarrohlik amaliyotini o'tkazish kerakligini aytishdi.
Biroq ayolning moddiy imkoniyati yetmasdi, qolaversa uning nogironligi bor, ishlamaydi, “Temir daftar”da ro'yxatida turadi. Xullas, yaxshi insonlarning, mahalla fuqarolar yig'ini va “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo'linmasi yordami bilan poytaxtga, Respublika Bolalar milliy tibbiyot markaziga murojaat qildi.
Malakali mutaxassislar, Jasminani obdon tekshirib, unda tug'ma yurak nuqsoni bilan bog'liq murakkab jarrohlik amaliyotini o'tkazdi. Xarajatlar esa “Mahalla” xayriya jamoat fondi, uning Sardoba tuman bo'linmasi huzurida ochilgan “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi hisobidan qoplab berildi. Operatsiya muvaffaqiyatli o'tkazildi. 7 oylik qizaloq tug'ma yurak nuqsonidan xalos bo'ldi. Qizaloqning ahvoli juda yaxshi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi Matbuot xizmati.