Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi joriy hamkorligining kun tartibi, ilgari erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi hamda kelgusi yuqori darajadagi ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Saudiya Arabistoni tomoni O‘zbekistonda Prezident Sh.M.Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarga, shuningdek, so‘nggi yillarda ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida erishilgan ijobiy natijalar va o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.

Xorijiy diplomatik missiya rahbari O‘zbekiston Hukumatining ikki tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlash va kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlariga ham yuqori baho berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomonining faol sa’y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik yuqori dinamikaga ega bo‘ldi.

Joriy yil yanvar oyida investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih boshchiligidagi Saudiya Arabistoni delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ko‘lami va ahamiyatini qayd etgan Elchi Saudiya Arabistoni tomonining ularni izchil amalga oshirishga sodiqligini ta'kidladi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, jumladan, yaqin vaqt ichida O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifini tashkil etish, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini, shuningdek, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi va Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishlarini o‘tkazish haqida fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama kelishuvlar, qo‘shma loyiha va tashabbuslarning o‘z vaqtida va samarali ijrosini ta'minlash maqsadida muntazam muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.