Saudiya Arabistoni Tojikistondagi Rog'un GESi qurilishi uchun 100 million dollar ajratadi

    Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamg'armasi Tojikistondagi Rog'un GESi qurilishiga 100 million dollar yo'naltiradi.

    Bu haqda Saudiya Arabistonining Dushanbedagi elchisi Valid ibn Abdurahmon ar-Rishaydon ma'lum qildi.

    “Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamg'armasi Rog'un GESi qurilishi uchun 100 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratadi”, — deya diplomatning so'zlaridan iqtibos keltiradi “Xovar” axborot agentligi.

    Elchi Rog'un GESi qurilishi mintaqadagi eng yirik loyiha bo'lib, “tabiiy resurslardan, jumladan, yashil energiyadan samarali foydalanish orqali mamlakatni barqaror rivojlantirish jarayoniga katta hissa qo'shishini” ta'kidladi.

    “Xovar”ning ta'kidlashicha, GES qurilishi uchun ajratilgan mablag' 2002-yilda Tojikistonda o'z faoliyatini boshlaganidan buyon ushbu jamg'arma tomonidan ajratilgan umumiy mablag'ning 50 foizini tashkil qiladi.

    Rog'un GESi Dushanbedan 110 kilometr uzoqlikda Vaxsh daryosida joylashgan bo'lib, mintaqadagi eng yirik hisoblanadi. Uning qurilishi 1976-yilda boshlangan, ammo SSSR parchalanganidan so'ng to'xtatib qo'yilgan. Keyinchalik Tojikistonda GES qurilishi davom ettirildi, loyihada ko'zda tutilgan 600 MVt quvvatga ega olti agregatdan hozirgacha ikkitasi ishga tushirildi. 2008-2021-yillarda Rog'un GESini rekonstruksiya qilish, qurish va o'rnatish uchun Tojikiston byudjeti va boshqa manbalar hisobidan qariyb 3 milliard dollar ajratilgan bo'lib, u ishga tushirilgandan so'ng stansiyaning quvvati 3,6 GVtni tashkil etadi. To'g'on esa 335 metr balandlikka ega bo'ladi va u dunyodagi eng baland to'g'onga aylanadi, deb xabar beradi tass.ru.