Saudiya Arabistonida mamlakatdagi birinchi va Yaqin Sharqdagi eng yrik shamol elektr stansiyasi – Dumat Al-Jandal ishga tushirilib, ekologik toza elektr quvvati ishlab chiqarishni boshladi.

Stansiya 99 ta shamol turbinasidan iborat boʻlib, ularning har biri 70 000 ta uyni taʼminlashga yetadigan elektr quvvati ishlab chiqarish imkoniga ega, buning ortidan yiliga 988 tonna zaharli gaz havoga chiqarilishining oldini oladi.

Umumiy quvvati 400 megavatt (MVt) boʻlgan mazkur “yashil” stansiya qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan jahonning yetakchi “EDF Renewables” va “Masdar” kompaniyalari mutaxassislari tomonidan loyihalashtirilgan boʻlib, qurilish ishlari 2019-yilda boshlangan va mamlakatning Al-Jauf viloyatida foydalanishga topshirilgan mazkur inshoot tufayli 600 kishi ish bilan taʼminlandi.

Qayd etish kerak, ushbu elektr stansiyasi qirollikning Vision 2030 loyihasi doirasida foydalanishga topshirilgan boʻlib, loyihaga koʻra mamlakatda qayta tiklanuvchi quvvat manbalarining ulushi 2030-yilga borib 50 foizga yetkazilishi lozim.

Ekologiya sofligiga jiddiy eʼtibor qaratayotgan Saudiya Arabistoni hukumati mamlakat hududi boʻylab oʻrmonlar barpo etishga ham jiddiy kirishgan. Jumladan, 2030-yilga qadar Arabiston yarim orolida 40 milliard dona daraxt ekish rejalashtirilgan boʻlsa, ulardan 10 mlrd donasi bevosita qirollik hududiga ekiladi.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistonida The Line kelajak shahrini qurish rejalashtirilgan, unda avtomagistrallar, koʻcha va avtomobillar boʻlmaydi, ular yerusti va ikki bosqichli yerosti yoʻnalishlariga joylashtiriladi.

Dilshod ISLOMOV