Demokratik mamlakatlarda siyosiy partiyalar siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida davlat organlarining shakllanishi va siyosiy qarorlarning qabul qilinishida tobora muhim omilga aylanib bormoqda. Davlat hokimiyatini erkin va oshkora, muqobillik asosida oʻtkaziladigan saylovlar orqali shakllantirish demokratiyaning oliy koʻrinishi hisoblanadi. Saylovlar orqali inson va fuqaroning eng muhim konstitutsiyaviy siyosiy huquqlaridan biri roʻyobga chiqariladi.
Davlat hokimiyatining xalq tomonidan bevosita (umumxalq saylovi orqali) shakllantirilishi; xalqning davlat hokimiyati boshqaruvida bevosita (saylov, referendum orqali) yoki bilvosita (prezident, parlament, mahalliy kengashlar orqali) ishtirok etishi; davlat hokimiyatining xalq tomonidan nazorat qilinishi jarayonlari davlat hokimiyatining eng muhim xususiyatlari hisoblanadi. Ushbu xususiyatlardan kelib chiqib, “davlat hokimiyati” tushunchasiga “xalq tomonidan shakllantiriladigan, boshqariladigan va nazorat qilinadigan hokimiyat” deb taʼrif berish mumkin. Davlat hokimiyatining xalq tomonidan shakllantirilishi deganda davlat hokimiyati vakillik organlarining xalq tomonidan bevosita saylanishi tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar”.
Siyosiy partiyalar mamlakat fuqarolarining eng faol, dunyoqarashi, maqsadi, fikrlari mushtarak boʻlgan muayyan qismini oʻz safida birlashtirgan va umumxalq manfaatlari yoʻlida siyosiy hokimiyat uchun kurashadigan siyosiy tashkilot boʻlgani bois fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan ajralib turadi.
Saylov ovoz berish orqali davlat hokimiyati hamda oʻzini oʻzi boshqarish organlarini tashkil etish vositasidir.
Millat va elatlar, ularning tili va madaniyati singari, saylov ham tarixiy taraqqiyotning obyektiv qonuniyatlari asosida vujudga kelgan. Miloddan avvalgi VI–IV asrlarda Afina, Rim va Yunonistonda, Markaziy Osiyoda esa Dovon davlatida saylovlar boʻlib turgan. Albatta, bu davrdagi saylov sodda shaklda boʻlib, muayyan guruhlar oʻrtasida oʻtkazilgan. Aytaylik, jamiyatning obroʻli kishilari, xuddi qabila oʻz oqsoqolini saylaganidek, oʻziga rahbarlarni tanlash huquqiga ega boʻlgan. Antik davr davlatlari (qadimgi Afina va qadimgi Rim)da shakllangan fuqarolik jamiyatida saylov qadimgi yunonlar va rimliklar kundalik hayotining ajralmas qismi boʻlgan. Saylov yordamida fuqarolar qonunlarni qabul qilgan yoki rad etgan, oʻz aʼzolarini masʼul davlat lavozimlariga tayinlagan, polis yoki respublikaning manfaatlariga daxldor qator muhim masalalarni hal qilgan.
Masalan, Qadimgi Yunonistonda ovoz berishning ochiq hamda yashirin shakllari qoʻllanilgan. Ovoz berish jarayonida xayrixohlikni bildirish uchun — oq, qarshilikni anglatish uchun qora loviyalardan foydalanilgan.
Qadimgi Rimda saylovoldi jarayonlari saylov kunidan ancha avval boshlangan. Nomzod hokimiyat idorasiga saylanish istagini bildirgach, saylov kampaniyasi boshlangan. Bu quyidagi koʻrinishda boʻlgan: nomzod pok vijdon ramzi boʻlgan oppoq kiyim kiygan, soʻngra maydon va bozorlarga borib, saylovchilardan qoʻllab-quvvatlashlarini soʻragan.
Saylov kuni har bir saylovchiga kichik taxtacha berilgan. Saylovchi unga nomzodning ismini yozib, qutiga tashlagan. Ammo bu davrlarda hali hozirgiga oʻxshash saylov tizimi shakllanmagan. Majlisda ovoz berish orqali bildirilgan xalq irodasi qonun kuchiga ega boʻlgan.
Saylovning mazkur sodda shakllari asrlar oʻtib bugungi demokratik saylov tizimining negizini tashkil etgan. Bugunga kelib saylov tizimining yangi demokratik prinsiplari, huquqiy asoslari shakllandi.
Siyosiy partiyalar demokratik jamiyat hayotida gʻoyat muhim rol oʻynaydi. Yaxshi tashkil etilgan siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etib, gʻalaba qozonadi, jamoat manfaatlarini ifodalaydi, siyosiy muqobillarni ilgari suradi va siyosiy rahbarlarni tayyorlaydi. Siyosiy partiyalar oʻrtasidagi raqobat hukumat hisobdorligini mustahkamlashga koʻmaklashadi va jamiyatdagi dolzarb muammolarning amaliy va masʼuliyatli yechimlarini topishga yordam beradi.
Siyosiy partiyalar yanada faollashuvi uchun, avvalambor, ular xalq ishonchini qozonishlari, oʻzlari haqida ijobiy ijtimoiy fikr shakllantirishlari zarur. Partiya elektoratsiz, elektorat ortida turuvchi xalqning koʻmagisiz, faqat oʻz aʼzolariga suyangan holda hech nima qila olmaydi.
Siyosiy partiyalar oʻz faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida elektorati manfaatlarini himoya qilishni qoʻyadilar.
Siyosiy partiyalarning elektorat bilan ishlashi jarayonida ommaviy axborot vositalarining oʻrni beqiyos hisoblanadi. Axborot asrida radio, televideniye, davriy matbuot va albatta, internetdan toʻgʻri va oqilona foydalanish siyosiy partiyalarning saylovdagi gʻalabasini taʼminlashga koʻmaklashadi.
Siyosiy partiyalar faoliyatida targʻibot-tashviqot ishlari alohida ahamiyatga ega, chunki toʻgʻri va samarali tashkil etilgan targʻibot faoliyati partiyaning gʻalabasini taʼminlaydi. Targʻibot-tashviqot faoliyatini asosan 2 davrga boʻlish mumkin: saylovlar orasidagi va saylovoldi davr. Odatda siyosiy partiyalarning faolligi ayniqsa saylovoldi jarayonida faollashadi. Ammo bunday fikrlash katta xatodir. Chunki saylovchilarning siyosiy partiyalarga boʻlgan ishonchi va eʼtibori yillar davomida shakllanadi va toblanadi. Shu sababli siyosiy partiyalar faoliyatida maʼlum bir davrda emas, balki doimiy ravishda faol boʻlish, elektorat hurmat va eʼtiborini qozonish muhimdir.
Axborotlashgan asrda zamonaviy texnologiyalar siyosiy partiya targʻiboti-tashviqoti jarayonda eng asosiy quroliga aylanmogʻi lozim. Chunki bugungi kunda 34 mlndan ortiq respublikamiz aholisining 22,6 mln internetdan foydalanadi.
Siyosiy partiyalar biron-bir muhim qaror qabul qilishda oʻz aʼzolari yoki tarafdorlarini qoʻllab-quvvatlashga, ular bilan muammolarni muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratmogʻi lozim. Bunday harakatlarni amalga oshirishda, shuningdek, partiya haqida partiya tarafdorlari yoki aʼzolarini qiziqtiruvchi barcha savollarga javob olishda, toʻliqroq maʼlumotlarga ega boʻlishda, ularga boʻlgan ishonchning ortishida siyosiy partiyalarga internet saytlari koʻmakchidir. Shuningdek, siyosiy partiyalar oʻz fikr-mulohazalarini elektron petitsiyalar (jamoaviy murojaatnomalar) usuli orqali ham amalga oshirishlari mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar, elektron pochtalardan keng va faol foydalanish ham siyosiy partiyalarning saylovoldi jarayonlaridagi muvaffaqiyatiga katta taʼsir koʻrsatadi. Jahonning koʻplab davlatlari internetning eng afzal jihatlaridan allaqachon unumli foydalanishni boshlaganlar. Jumladan, elektron pochta va ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot eng samarali usullardan hisoblanadi.
Ushbu usullar partiyalarga amalga oshirayotgan ishlari toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilish, oʻz safiga koʻproq tarafdor va aʼzolarni jalb qilish, elektoratining maʼlum bir masalalar yuzasidaan fikr-mulohazalarini bilish imkoniyatini beradi.
Elektron pochtalar orqali muloqot uchun siyosiy partiyalar veb-saytlariga tashrif buyuruvchilarni aloqa maʼlumotlari va elektron pochta manzillari bilan roʻyxatdan oʻtishni taklif qiladilar va aynan shu pochta orqali ularga partiya faoliyatiga oid maʼlumotlarni yuborib turadilar.
Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2021-yil 1-aprel holatiga koʻra, mobil aloqa tizimiga ulangan abonentlar soni 26 mln. 953,5 mingtani tashkil etadi. Bu esa siyosiy partiyalarning qancha aholini oʻz auditoriyasiga qamrab olishlari mumkinligi haqida maʼlumot beradi.
Fikrimizcha, har bir siyosiy partiya ijtimoiy tarmoqlar orqali partiya aʼzolari bilan onlayn bogʻlanishi, partiya yangiliklari bilan ularni doimo xabardor qilib borishi, va albatta, onlayn soʻrovnomalar orqali partiya hayotiga doir muhim masalalarni hal qilishda ularning fikrlarini oʻrganishlari maqsadga muvofiq boʻlar edi. Mamlakatimiz yoshlarining internet, ayniqsa mobil internetdan faol foydalanishlarini inobatga olgan holda, yoshlar uchun maxsus mobil ilovalar ishlab chiqish natijasida siyosiy partiya haqida aholining koʻproq maʼlumot olishlariga erishilgan boʻlar edi.
Shunday qilib, zamonaviy aloqa vositalari axborot oqimlarini yaxshilashga va umuman axborot maydonini oʻzgartirishga katta taʼsir koʻrsatadi. Bu yilgi Prezident saylovlarida har bir siyosiy partiya elektorat bilan ishlashning yangi usul va vositalarini doimiy ravishda oʻzlashtirib, takomillashtirib borishlari juda muhim hisoblanadi. Zero, saylov siyosiy partiyalar faoliyatiga haqqoniy bahoni beradigan muhim siyosiy tadbirdir.
Nodira Rasulova,
Abdugʻaffor Tolipov,
Oʻzbekiston Jamoat xavfsizligi
universiteti dotsentlari