Markaziy saylov komissiyasining 9-iyun kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulleteni shakli, matni va tavsifi tasdiqlandi. Belgilanganidek, Prezidentlikka nomzodlar familiyasi, ismi va otasining ismi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda saylov okrugi boʻyicha saylov natijalarini aniqlash toʻgʻrisidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi tartibida kiritiladi.
Majlisda ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini videotranslyatsiya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilash toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi. Unga koʻra, saylov kuni ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) videotranslyatsiya qilish maqsadida respublikaning barcha tuman va shaharlari hududida joylashgan ikkitagacha saylov uchastkasida videokamera va boshqa zarur qurilmalar oʻrnatish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berish jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida saylovni oʻtkazuvchi 14-Toshkent shahri okrug saylov komissiyasining tavsiyasiga asosan, Toshkent shahrining tumanlari hududida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilmoqda. Biometrik identifikatsiya qilish deganda saylovchining shaxsini hamda mazkur saylov uchastkasining saylovchilari roʻyxatida mavjud yoki mavjud emasligini maxsus qurilmalar orqali Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalangan holda tekshirish va tasdiqlash jarayoni tushuniladi. Tajriba-sinov tariqasida ayrim saylov uchastkalarida saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tartibi tasdiqlandi va qaror qabul qilindi.
Majlisda saylovga tayyorgarlik koʻrish davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi axborot tinglandi va Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati va aʼzolari tomonidan muhokama etildi. Bundan tashqari, MSKning saylovda xalqaro tashkilotdan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarori bilan YEXHT DIIHB, MDH kabi kuzatuvchi missiyalarning 43 nafar, shuningdek, 25 ommaviy axborot vositasining 124 nafar vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Hozirgi kunga qadar akkreditatsiyadan oʻtgan OAV vakillari soni 353 nafarni tashkil etmoqda.
Kun tartibiga muvofiq, majlis davomida 2-Andijon, 3-Buxoro hamda 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raislarining saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususidagi axboroti tinglandi.
Bahor Xidirova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri