Saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi qabul qilindi

    Joriy yil 27-mayda Markaziy saylov komissiyasining majlisi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 2023-yil 18-dekabrdagi Konstitutsiyaviy qonuniga muvofiq majlisda Markaziy saylov komissiyasining yangilangan reglamenti hamda Hududiy saylov komissiyalari toʻgʻrisida nizom loyihalari koʻrib chiqildi va tasdiqlandi.

    Mamlakatimizda markazlashgan saylov komissiyalari tizimi shakllanishini hisobga olib, ularning aʼzolarini saylov qonunchiligiga kiritilgan yangi normalar boʻyicha malakasini oshirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu munosabat bilan majlisda saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi qabul qilindi. Konsepsiya loyihasi muhokamasida mutasaddi vazirlik va idoralar, taʼlim muassasalari rahbarlari va vakillari ham ishtirok etdilar.

    Shuningdek, majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil birinchi yarim yillik ish rejasida belgilangan vazifalarning 1-chorak yakunlari boʻyicha ijrosi tahlil etildi. Ish rejada belgilangan vazifalar toʻliq hamda sifatli bajarilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi.

    Majlis kun tartibidagi masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.