Saylov qonunchiligiga qanday o'zgartishlar kiritilyapti?

    Loyihani ishlab chiqish davomida ko'plab ilg'or demokratik davlatlar saylov qonunchiligi o'rganildi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan — Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

    Taʼkidlanganidek, saylov toʻgʻrisidagi amaldagi qonunchilikning tahlillari saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish hamda saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar berish borasida ayrim muammolar mavjudligini koʻrsatmoqda. Shundan kelib chiqib tayyorlangan mazkur qonun loyihasi bilan Saylov kodeksining 11 ta moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Loyihani ishlab chiqish davomida koʻplab ilgʻor demokratik davlatlar saylov qonunchiligi oʻrganildi, milliy qonunchilik tahlili asosida uni yana-da takomillashtirish yuzasidan huquqshunos olimlar va mutaxassislar fikrlari toʻplandi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasining mamlakatimizda saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalari hisobga olindi. Natijada Kodeks shu paytgacha tartibga solinmagan qator demokratik tamoyillarga javob beradigan normalar bilan boyitildi.

    Qonun loyihasi saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlarni tuman (shahar) hokimliklarini kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilgan holda oʻtkazish, bunda, ushbu tadbirlarni oʻtkazish uchun ruxsatnoma talab etilmasligi, saylovchilar partiyani yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyganda maʼlumotnomada identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini kiritish kabi normalar bilan toʻldirildi.

    Bundan tashqari loyiha bilan saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar faqat sud tomonidan koʻrib chiqilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi 11-18 nafar aʼzodan iborat tarkibda tuzilishi taklif etilmoqda.

    Xalq vakillarining qayd etishicha, qonun loyihasini qabul qilinishi milliy saylov qonunchiligimizni umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida yana-da takomillashtirishga va mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni xalqaro hamjamiyatga yetkazishga xizmat qiladi.

    Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.