Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasi va okrug hududidagi saylov uchastkalarida joriy yilning 9-iyul kuni mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan muhim siyosiy kampaniyaga koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.
Dastlab, Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev 1-Qoraqalpogʻiston saylov okrugida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, Okrug saylov komissiyasi aʼzolari bilan uchrashib saylovga tayyorgarlik koʻrish borasida amalga oshiriladigan tadbirlar haqida fikr almashdi.
Uchrashuv davomida boʻlajak siyosiy tadbir saylov uchastkalarida boʻlishini, uchastka saylov komissiyalarining faoliyati juda muhimligini hisobga olib, ular uchun alohida oʻquv-uslubiy qoʻllanma ishlab chiqilgani aytib oʻtildi. Tadbirda mazkur qoʻllanma va saylovchilarni saylov kuni ovoz berishda ishtirok qilish “Taklifnoma”si komissiya aʼzolariga tanishtirildi. Taʼkidlanganidek, joriy siyosiy tadbirga chaqiruv “Taklifnoma”si oʻtgan galgilardan farqi har bir saylovchiga emas bir xonadonga bittasi beriladi. Unda saylov huquqiga ega boʻlgan saylovchilar taklif qilingan. Shuningdek, sifatli qogʻozda chop qilingan taklifnomada maxsus QR kod boʻlib, saylovchilar mobil ilovalari orqali saylov qonunchiligiga oid maʼlumotlar bilan tanishishlari mumkin.
Uchrashuvda Z.Nizamxodjayev Okrugda saylovga koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlari va tashkiliy ishlarga yuqori baho berib, saylov uchastkalarini jihozlash va saylovchilarga zarur qulayliklar yaratishning oʻrni, oʻquv-seminarlarini tashkil qilish, saylovni yuksak saviyada oʻtkazish yuzasidan tavsiyalar berib oʻtdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev, Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi B.Yunusov 1-Qoraqalpogʻiston okrug saylov komissiyasi raisi T.Atamuratov hamrohligida Nukus shahridagi saylov uchastkalarida boʻlib, siyosiy tadbirga koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlari, saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.