Markaziy saylov komissiyasi va BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda 2019-2021-yillarda saylov jarayonini qoʻllab-quvvatlash” qoʻshma loyihasi doirasida “Saylov va gender: siyosat sohasida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xalqaro va milliy amaliyot” turkumidagi seminarlarga start berildi.
Mazkur loyiha doirasidagi 2021-yilda amalga oshiriladigan tadbirlar prezident saylovi kampaniyasi davrida hamkorlik qilishga qaratilgan boʻlib, saylov jarayonining shaffofligi va inklyuzivligini taʼminlash, ayollar, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslarning saylovda faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlashga qaratilmoqda.
Oʻquv seminarlari Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boʻlinmalari, ayollarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari xotin-qizlarning saylov jarayonidagi ishtiroki borasidagi kasbiy bilim darajasini oshirishga qaratilgan boʻlib, ayollarning saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning barcha bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatlarini yanada oshiradi.
Oʻquv seminarlarining ochilishi marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxoʻjayev, Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchisi K.Obolenskiy, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili M.Dimovska, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari G.Maʼrufova ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.
Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bugungi kunga kelib sohaga oid 25 ta qonun hujjatlari qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tarkibida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi kabi yangi tuzilmalarning tashkil etilishi Oʻzbekistonda ayollar huquqlari, gender tengligini taʼminlashning yagona yaxlit mexanizmiga aylandi.
Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni Birlashgan Millat Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni boʻyicha dunyodagi 190 ta milliy parlament oʻrtasida 37-oʻringa koʻtarildi. Bugungi kunda siyosiy partiyalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ulushi 44 foizga, boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga yetdi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va gender tengligini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlarning davomi sifatida “Oʻzbekistonda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi” qabul qilingani taʼkidlandi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratish ustuvor yoʻnalishlardan biri. Strategiyada koʻzda tutilgan bu boradagi tadbirlardan kelib chiqqan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovning barcha bosqichlarida xotin-qizlar va erkaklarning teng asosda ishtirok etishini kuzatuvchi 11 ta indikatorlar ishlab chiqildi.
Oʻquv seminarlariga BMTTDning xalqaro ekspertlari jalb qilingan.
B.XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri